Qishga tayyorgarlik boʻyicha vazifalar ijrosi muhokama qilindi

0
92
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12 dekabr kuni qish mavsumini betalafot oʻtkazish boʻyicha vazifalarning bajarilish holati muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Maʼlumki, oʻtgan qishdagi sovuqdan kelib chiqib, bu mavsumga jiddiy tayyorgarlik koʻrildi. Ichki imkoniyatlar toʻla ishga solinib, tarmoqlar modernizatsiya qilindi. Muassasa, korxona va mahallalardagi kamchiliklar bartaraf etildi.

Qoʻshimcha energetika quvvatlarini yaratish boʻyicha tizimli ishlar tashkil etildi. Natijada qisqa vaqtda 675 megavatt ishga tushirildi, yil yakuniga qadar 2,2 ming megavattli 7 ta stansiya ishga tushiriladi. Shuningdek, 100 ta podstansiya, 11,5 mingta transformator va 34 ming kilometr tarmoqlar yangilandi.

Toshkent shahrida aholi koʻpligi va talab yuqoriligi bois bu masalaga alohida toʻxtalib oʻtildi. Xususan, poytaxtimizda jami quvvati 286 megavattga teng 2 ta yangi podstansiya qurildi. 228 ta transformator, 1 ming 130 kilometr tarmoqlar yangilandi. 260 kilometr yuqori kuchlanishli kabel tarmoqlari tortildi.

Davlatimiz rahbari bu ishlarni davom ettirib, dastur doirasida rejalashtirilgan ishlarni qisqa muddatlarda yakuniga yetkazish zarurligini taʼkidladi.

Yigʻilishda ayrim hududlarda energetika tizimida kuzatilayotgan muammolar muhokama qilindi. Prezidentimiz ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarga alohida eʼtibor qaratdi.

Masalan, Namangan viloyatidagi gaz quyish shoxobchalarida gaz kamaygan. Andijon viloyatining Baliqchi, Paxtaobod, Marhamat va Andijon tumanlarida havo sovushi bilan elektr energiyasi bilan bogʻliq muammolar koʻpaygan. Qashqadaryo viloyati Gʻuzor va Kasbi tumanlarida chiroq koʻp oʻchayotgani  maʼlum qilingan.

Davlat rahbari bunday kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida oldini olish lozimligi yana bir bor taʼkidlab oʻtdi. Elektr tarmoqlari va gaz taʼminoti mutasaddilariga avariya brigadalarini shay holatga keltirib, tunu kun ishlashini taʼminlash, zarur vosita va materiallar zaxirasini koʻpaytirish boʻyicha topshiriq berildi.

Bu yil koʻmir taʼminotida ham yangi tizim yoʻlga qoʻyildi. Oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida 5 million 900 ming tonna koʻmir qazib chiqarildi. Aholiga 930 ming tonna, ijtimoiy soha uchun qoʻshimcha 93 ming tonna koʻmir yetkazildi.

Hududlardagi omborlarda turgan koʻmirni aholiga va ijtimoiy sohaga yetkazilishini kundalik nazoratga olish, isitish tizimi davlat-xususiy sherikka oʻtkazilgan obyektlarda zarur koʻmir zaxirasini yaratish kerakligi aytildi.

Energiya resurslaridan oqilona foydalanish, qonunga xilof holatlarni cheklash muhimligi ham koʻrsatib oʻtildi.

Bugundan boshlab barcha huquq tartibot organlari va ijtimoiy infratuzilma xizmatlari 24 soatlik ish tartibiga oʻtishi belgilandi.

Yigʻilishda Yangi yil bayrami oldidan aholi farovonligi uchun sharoitlarni yanada yaxshilash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Madaniy tadbirlar yuqori darajada oʻtkazilishi, koʻngilochar dasturlar va xizmatlarni koʻpaytirilishi qayd etildi. Shuningdek, bozorlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etiladi. Narx-navolarni asossiz oshirishga urinish Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi.

Shuningdek, jamoat transportlarining barqaror qatnovini taʼminlash, metro va avtobuslarda aholiga sifatli xizmat koʻrsatish muhimligi taʼkidlandi. Bekatlarda sharoitlarni yaxshilash, yoʻllarni tozalash va harakat xavfsizligini oshirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Yigʻilishda qishga tayyorgarlik boʻyicha Hukumat komissiyasi va boshqa mutasaddilarning hisoboti eshitildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.