Qishloq va mahallalarni obod qilish boʻyicha ishlar belgilab olindi

0
149
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 24 mart kuni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining 2018 yildagi farmonlari bilan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari qabul qilingan edi. Ushbu dasturlar doirasida 5 millionga yaqin yurtdoshimiz yashaydigan 1 ming 200 ta mahalla va qishloqdagi sharoitlar yaxshilandi. Lekin oʻtgan yili koronavirus pandemiyasi tufayli bu boradagi ishlar vaqtincha toʻxtatilgan edi.

Bugungi kunda yurtimizda sharoiti ogʻir boʻlgan 796 ta qishloq va shaharlarda 188 ta mahalla mavjud. 4 mingdan ziyod mahallaning elektr taʼminoti qoniqarsiz ahvolda.

Qishloqlarga infratuzilma borsagina, hayot sifati oʻzgaradi, tadbirkorlik rivojlanadi. Shu sababli, bu yil “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari yangi yondashuvlar asosida shakllantirildi. Aholi talablaridan kelib chiqib, 206 ta tuman va shahar hokimlari, yoʻl, elektr taʼminoti, kommunal xizmat va tadbirkorlikka masʼul rahbarlar bilan birma-bir gaplashilib, 8 mingta mahallada bajarilishi lozim boʻlgan ishlar belgilab olindi. Bunda, obodonchilik bilan bir qatorda ish oʻrinlari tashkil etish, aholini kambagʻallikdan chiqarish masalalari ham koʻzda tutilgan.

Yigʻilishda shu boradagi amaliy ishlar muhokama qilindi. Bu yil mazkur dasturlar doirasidagi ishlarga jami 21 trillion soʻm yoʻnaltirilishi qayd etildi.

Ogʻir inqirozdan chiqqan yilimiz, tashqi qarz jalb etmasdan, shuncha mablagʻ ajratayapmiz. Bunaqa imkoniyat Oʻzbekiston tarixida boʻlmagan. Lekin bu pulni loyiha bilan, halol-pok ishlatib, elga munosib sharoit yaratish kerak, – dedi Prezident.

Taʼkidlanganidek, bundan buyon “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga qaysi mahalla yoki qishloq kirishini mahalliy kengashlar belgilaydi. Tuman va shahar hokimining iqtisod, qurilish va mahalla masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari zarur mablagʻlar va amalga oshiriladigan ishlarni aniq hisob-kitob qilib, mahalla raisi bilan birga, hududiy kengashlarda himoya qiladi.

Mahalliy kengashlar har bir mahalla kesimida ijtimoiy soha, ichimlik suvi, yoʻl-transport va infratuzilma obyektlari manzilli dasturini tasdiqlaydi. Qurilish vazirligi hokimliklar bilan birga ularning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga masʼul boʻladi.

Shu tartib asosida, joriy yilgi dasturga kiritiladigan mahalla va qishloqlar, ularda tadbirkorlikni rivojlantirishga oid masalalar oʻtgan haftada barcha tuman va shahar kengashlarida belgilab olindi.

Yigʻilishda Vazirlar Mahkamasi va viloyat hokimliklariga oʻn kun muddatda dasturga kiritilgan barcha qishloq va mahallalarda qurilish ishlarini boshlash vazifasi qoʻyildi.

Ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ogʻir 325 ta qishloq va 71 ta mahallani kompleks rivojlantirish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi. Ularda ichimlik suvi va elektr tarmoqlari, ichki yoʻllar, ijtimoiy obyektlar qurish hamda taʼmirlash uchun 3 trillion 300 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.

Shuningdek, 2 ming 721 ta mahalladagi 10 ming kilometrdan ortiq ichki yoʻllarni taʼmirlashga 2 trillion soʻm, 500 ta mahallaga 4 ming kilometrdan ortiq ichimlik suvi tarmogʻi tortish uchun 1 trillion soʻm ajratiladi.

Elektr taʼminotini yaxshilash dolzarb ekanini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda. Shu bois, 5 ming 377 ta mahalladagi 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 4 mingdan ortiq transformatorni yangilash belgilanmoqda. Bu yurtimizdagi mahallalarning 60 foizi demakdir. Ushbu chora-tadbirlarga qariyb 2 trillion 100 milliard soʻm yoʻnaltirilishi aytildi.

Bundan tashqari, Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan birga, “qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida Fargʻona, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi 21 ta tuman, 60 ta qishloqda 485 milliard soʻmlik loyihalar boshlanadi.

Mutasaddilarga mablagʻlardan samarali foydalanib, belgilangan barcha ishlarni 1 noyabrga qadar yakunlash vazifasi qoʻyildi.

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligiga ichki yoʻllar, yoʻlaklar, ijtimoiy obyektlar va koʻp qavatli uy-joylarning ekspluatatsiya tizimini yaxshilash boʻyicha topshiriq berildi.

Yigʻilishda aholi bandligini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

 – “Obod qishloq” va “Obod mahalla” deganda, nafaqat ularning yoʻli yoki qiyofasi yaxshilanishi, balki u yerda yashovchi aholining daromadi koʻpayishi, ijtimoiy obyektlar toʻliq ishlashi kerak. Eng asosiysi, haqiqiy obod mahallada “temir daftar”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlari boʻlmasligi lozim. Buning uchun, tadbirkorlar bilan maslahatlashib, ishlab chiqarishlarni tashkil etish, yangi ish oʻrinlari yaratish zarur. Sarflangan har bir soʻm investitsiya odamlarimizga uch baravar koʻp foyda keltirishi, ularning daromadini oshirishga xizmat qilishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois tadbirkorlik va bandlik dasturlarini mahallaga bogʻlab, 500 ming nafar yoshlar va 200 ming ayollarni ish bilan taʼminlash, “temir daftar”ga kiritilgan 300 ming nafar aholini kambagʻallikdan chiqarish maqsad qilib qoʻyildi.

Buning uchun joriy yilda “Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari uchun 9 trillion soʻm resurs yoʻnaltirilishi, shuningdek, 1 trillion soʻm mablagʻ evaziga 128 ta mahallada kichik sanoat zonalari tashkil etilishi aytildi.

Bosh vazir oʻrinbosarlari, Savdo-sanoat palatasi raisi va Biznes-ombudsmanga tadbirkorlar bilan muntazam uchrashuvlar oʻtkazib, muammolarini hal qilib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Dasturlarda ijtimoiy sohalarni rivojlantirish chora-tadbirlari ham belgilangan. Xususan, “Obod qishloq” dasturi doirasida 379 ta maktab, 171 ta maktabgacha taʼlim va 161 ta tibbiyot muassasasini, “Obod mahalla” dasturi doirasida 57 ta maktab, 37 ta bogʻcha va 15 ta tibbiyot maskanini qurish-taʼmirlash ishlari olib boriladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligiga “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga kirgan aholi punktlarining “tibbiy xaritasi”ni shakllantirish vazifasi qoʻyildi.

Sektor rahbarlari oʻz hududida bajarilayotgan ishlar boʻyicha mahalliy kengashlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali aholiga hisobot berishi zarurligi aytildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar va hokimlar axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.