Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

0
264
marta koʻrilgan.
 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Bogʻdorchilik tarmogʻi va issiqxona xoʻjaliklarida yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni moddiy resurslar (xizmatlar) bilan uzluksiz taʼminlash hamda yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish tizimini yaratish maqsadida:

1. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligining (keyingi oʻrinlarda – Bogʻdorchilik agentligi) meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash uchun ajratilishi koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga 12 oy muddatga, shu jumladan, 11 oylik imtiyozli davr bilan 300 milliard soʻm byudjet ssudasini yillik 10 foiz stavkada ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Moliya vazirligiga qaytarilgan mablagʻlar hisobidan yil davomida Bogʻdorchilik agentligining buyurtmasi asosida qoʻshimcha byudjet ssudasi ajratib borilishini taʼminlash vazifasi yuklatilsin. Bunda, ajratilgan byudjet ssudasi boʻyicha qarzdorlikning jami summasi 300 milliard soʻmdan oshib ketmasligi belgilab qoʻyilsin.

2. Belgilansinki, Bogʻdorchilik agentligi byudjet ssudasi hisobidan:

qishloq xoʻjaligi korxonalariga – meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, koʻkatlar va dorivor oʻsimliklar, makkajoʻxori doni, dukkakli va moyli ekinlarni (keyingi oʻrinlarda – qishloq xoʻjaligi ekinlari) yetishtirish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnik resurslar, shu jumladan, urugʻlik va koʻchat yetkazib berish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatish uchun;

qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga, shu jumladan, “Agroservis operator” davlat unitar korxonasiga – yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi ekinlarini xarid qilish boʻyicha talab etiladigan aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun yillik 14 foiz stavkada qarz mablagʻlari ajratiladi.

3. Qishloq xoʻjaligi korxonalariga qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnik resurslar, shu jumladan, urugʻlik va koʻchatlarni yetkazib berish hamda qishloq xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatish vazifasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Agroservis operator” davlat unitar korxonasiga yuklatilsin.

4. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:

“Agroservis operator” davlat unitar korxonasi tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtirish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnik resurslar, shu jumladan, urugʻlik va koʻchat yetkazib berish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatish qarz shartnomasi asosida qishloq xoʻjaligi korxonalariga qishloq xoʻjaligi ekinlarining vegetatsiya davridan ortiq boʻlmagan muddatga yillik 14 foiz stavkada amalga oshiriladi;

mazkur qaror doirasida moddiy-texnik resurslar, shu jumladan, urugʻlik va koʻchatlar hamda qishloq xoʻjaligi xizmatlari “Agroservis operator” davlat unitar korxonasi tomonidan birja savdolaridan xarid qilish va (yoki) yetkazib beruvchilarning eng yaxshi takliflarini tanlash usuli orqali yetkazib beriladi va koʻrsatiladi;

qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiruvchi, qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga (bundan “Agroservis operator” davlat unitar korxonasi mustasno) qarz mablagʻlari ularni qaytmaslik xatarini sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi taqdim etilgandan soʻng ajratiladi.

5. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha komissiya 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

Quyidagilar komissiyaning (J.A.Xodjayev) vazifalari etib belgilansin:

qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnik resurslar, shu jumladan, urugʻlik va koʻchat yetkazib berish hamda qishloq xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatish uchun qarz mablagʻlari ajratiladigan yoʻnalishlar va loyihalarni belgilash;

“Agroservis operator” davlat unitar korxonasi tomonidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning yetkazib beruvchilarini tanlash;

“Agroservis operator” davlat unitar korxonasi va qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan qarz mablagʻlaridan samarali va manzilli foydalanilishi ustidan tizimli monitoring ishlarini tashkil etish;

qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnik resurslar, shu jumladan, urugʻlik va koʻchat yetkazib berish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatishga davlat-xususiy sheriklik shartnomalari asosida tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish;

qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish jarayonida yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish boʻyicha Hukumatga takliflar kiritib borish.

6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A.Xodjayev), Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.A.Xaitov) hamda Bogʻdorchilik agentligi (X.M.Karimov):

a) Adliya vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda mazkur qaror doirasida nazarda tutilgan qarz mablagʻlarini ajratish boʻyicha namunaviy shartnoma shakllarini ishlab chiqsin;

b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat, tuman (shahar) hokimlari bilan birgalikda ikki hafta muddatda:

hosildor urugʻ va koʻchat navlarini, oʻgʻit va oʻsimliklar himoyasi vositalarini joylarga yetkazib, dala yarmarkalarini oʻtkazish hamda ekinlarni yer maydonlarida “bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida joylashtirishni tashkil qilish;

qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini kafolatli xarid qilish boʻyicha shartnomalar tuzish ishlarini tashkil qilish choralarini koʻrsin.

7. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) bilan birgalikda 2022 yil 1 dekabrga qadar 2022 yil tajribasi natijalaridan kelib chiqib, mazkur amaliyotni yanada takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.A.Xaitov), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) bilan birgalikda har bir hududda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirish boʻyicha taqdimotlar va seminarlar oʻtkazsin.

9. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A.Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.K.Koʻchimov), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J.Xadjayev) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A.Xodjayev), Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.A.Xaitov) bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning mazmun-mohiyatini yoritish boʻyicha turkum telekoʻrsatuvlar namoyish etilishini doimiy tashkil etsin.

10. Hisob palatasi (B.T.Turabov) Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi bilan birgalikda mazkur qarorda nazarda tutilgan mablagʻlarning oʻz vaqtida ajratilishi va maqsadli sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–52-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri J.A.Xodjayev, Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi direktori X.M.Karimov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Sh.M.Gʻaniyev va J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                    Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.