Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 iyul kuni qishloq xoʻjaligi mashinasozligi hamda kimyo sanoatidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bundan bir yil oldin, 8 iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirishga oid qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq, Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi, Agregat zavodi, Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi va “Texnolog” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat ulushlari uch yil muddatga “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga ishonchli boshqaruvga berilgan edi. Tarmoq korxonalarining rentabelligini oshirish, mahsulotlari sifatini yaxshilash va tannarxini pasaytirish vazifalari belgilangan edi.
Oʻtgan davrda Toshkent qishloq xoʻjaligi texnika zavodidagi ishlab chiqarish maydonlari 68 foizga maqbullashtirilib, uskunalardan foydalanish samaradorligi oshirildi. Natijada mahsulot tannarxi 4 foizga pasaydi va qariyb 45 milliard soʻm iqtisod qilindi. Xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar oʻtkazilib, 80-100 ot kuchiga ega boʻlgan traktorlar narxlari 15-20 foizga arzonlashtirildi.
Minsk traktor zavodi bilan xamkorlik oʻrnatildi. Bu sheriklik doirasida Oʻzbekistonda har yili 3 mingta traktor ishlab chiqarish koʻzda tutilmoqda.
Shu bilan birga, korxonalarning texnologik va ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, qishloq xoʻjaligini zamonaviy texnikalar bilan taʼminlash boʻyicha hali vazifalar koʻp. Tarmoqda mavjud quvvatlardan foydalanish darajasi 19 foiz, mahalliylashtirish oʻrtacha 20 foiz ekani mutlaqo qoniqarli emas. Mahalliy texnikalar narxi import texnikalarga nisbatan 10-15 foiz qimmat.
Shu bois taqdimotda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasterini tashkil etish, quvvatlardan foydalanish va mahalliylashtirish darajasini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Toshkent shahrida joylashgan tarmoq korxonalarini Chirchiq shahriga koʻchirish va ularning negizida qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasterini tashkil etish bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.
Rejaga koʻra, Toshkent va Chirchiqdagi qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodlari, Agregat zavodi, “Texnolog” va “OʻzKlaas Agro” korxonalari sanoat klasteri usulida yagona maydonda joylashtiriladi. 1 ming 200 ta uskuna va jihoz, 28 turdagi texnika optimallashtirilib, ishlab chiqarish quvvatidan foydalanish 85 foizga, mahalliylashtirish 50 foizga yetkaziladi. Natijada ishlab chiqarish tannarxi 20 foizga pasayib, korxonalarning rentabellik darajasi 10 foizga oshishi kutilmoqda.
Moliya vazirligiga klasterni tashkil etish bilan bogʻliq dastlabki xarajatlar uchun 500 milliard soʻm ajratish vazifasi qoʻyildi. Bu mablagʻ tarmoq korxonalarining bino-inshootlari va maydonlari auksion savdolarida sotilishi hisobidan qaytariladi.
Prezidentimiz mahalliylashtirish borasidagi ishlarni davom ettirib, texnikalar narxini arzonlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Xususan, Minsk traktor zavodi bilan hamkorlikda ishlab chiqariladigan traktorlarni mahalliylashtirish darajasini kelgusi yil 40 va 2023 yilda 50 foizga, “OʻzKlaas Agro” boʻyicha bu koʻrsatkichni 25 foizgacha yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Shu bilan birga, mahalliy texnikalarni sotib olishi uchun fermer xoʻjaliklari va klasterlarga yengillik yaratish zarurligi taʼkidlandi. Shu maqsadda lizingning boshlangʻich toʻlovini 25 foizdan 15 foizga va foiz stavkasini 16 foizdan 7 foizga tushirish hamda lizing muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish taklifi bildirildi.
Xalqaro tajribani oʻrganib, qishloq xoʻjaligi texnikasiga servis xizmatini koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha ham topshiriqlar berildi.
Taqdimotda kimyo klasterlari tashkil etishga oid loyihalar ham koʻrib chiqildi.
Xususan, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati negizidagi klasterda umumiy qiymati 3 milliard 400 million dollarlik 23 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularning samarasida yiliga 1 milliard 800 million dollarlik mahsulot tayyorlash quvvati va 3 ming 100 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi.
Loyihalardan biri – karbamid-formaldegid konsentrati va smolasi ishlab chiqarish korxonasi yaqinda ishga tushirildi. Sulfat kislotasi boʻyicha yana bir loyiha ham shu yil foydalanishga topshiriladi.
Shuningdek, Navoiy shahridagi “Elektrokimyozavodi” qoʻshma korxonasida uglerod tolalari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi.
Taqdimotda poytaxtimizning Ulugʻbek shaharchasida ilmiy kimyo klasterini tashkil etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida ham maʼlumot berildi.