Bu klaster Oʻzbekiston Prezidentining 2021 yil 11 noyabrdagi qaroriga asosan tashkil qilingan edi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mashinasozlikdagi 5 ta korxona quvvatlari maqbullashtirilib, Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi negizida toʻliq siklli klaster tizimi yoʻlga qoʻyildi. Buning uchun qariyb 38 ming kvadrat metr yangi inshootlar qurilib, 35 ming kvadrat metrdan ziyod mavjud binolar taʼmirlandi.
Klaster yiliga 15 ming dona traktor, tirkama va boshqa texnikalar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mingta ish oʻrni yaratilgan. Yana bir muhim tomoni, tarmoq korxonalari orasida kooperatsiya kengayishi, xarajatlar va mahsulot tannarxi qisqarishiga erishilgan.
Yaqinda klasterda birinchi mahalliy mahsulot — universal traktor ishlab chiqarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev uning ilk namunalarini koʻzdan kechirdi.
Shuningdek, kombayn ishlab chiqarish ham yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu ishlarni davom ettirib, import mahsulotlarni mahalliylashtirish, bu jarayonga xususiy sektorni jalb etish muhimligi taʼkidlandi.
— Qishloq xoʻjaligimizda texnikaga talab katta. Bizga arzon, muqobil, tejamkor texnika kerak. Buning uchun mahalliylashtirish va tannarx boʻyicha ishlash zarur. Dehqonlarga arzon texnika yetkazib bermasak, manfaatdorlik boʻlmaydi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari texnikalarga xizmat koʻrsatishning ahamiyatiga alohida toʻxtaldi.
— Bu klaster faqat sotuvchi emas, xizmat koʻrsatuvchi ham boʻlishi kerak, — deya taʼkidlandi.
Toshkent viloyati misolida servis maskanlari tashkil etish, yoshlarni bepul oʻqitib, sifatli xizmatlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq berildi.
Klasterda ilm-fan va ishlab chiqarishni uygʻunlashtirishga alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, shu maqsadda zamonaviy ilm markazi ishga tushirildi. Bu yerda Germaniya va Shvetsiya kompaniyalarining taʼlim markazlari bilan hamkorlikda uzluksiz dual taʼlim shaklidagi oʻquv jarayonlari yoʻlga qoʻyilgan. Shu bilan birga, oliy taʼlim muassasalari talabalari nazariy bilimlarini klasterda amaliyot bilan mustahkamlab boradi.
Prezidentimiz mahsulotlar namunalarini koʻzdan kechirdi, mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
— Hozir joylarda, klasterlarda paxtani mashinada terish 50 foizga yaqinlashmoqda. Bu yil 6 oyda meva-sabzavotning oʻzidan 550 million dollardan koʻp eksport qildik, yaqin kelajakda 2-3 milliardga yetkazmoqchimiz. Qishloq xoʻjaligining barcha tarmoqlarida yana loyihalar koʻp. Ularda mahsuldorlikni oshirish, odamlar mehnatini yengillashtirish uchun sifatli, xamyonbop texnikalar zarur, — dedi Prezident.
Klaster faoliyatida muqobil elektr energiyasi manbalaridan foydalanishga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, 20 ming kvadrat metr maydonda quyosh batareyalarini oʻrnatildi. Bu klasterning elektr energiyasiga talabining 30 foizigacha taʼminlashi mumkin.