Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 may kuni qishloq xoʻjaligini iqlim oʻzgarishiga moslashtirish, yerlardan samarali foydalanish va sohani ilmiy rivojlantirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda 3 million gektar yaylov va ekin yerlari degradatsiyaga uchragan, 2 million gektarga yaqini turli darajada shoʻrlangan. Xorijiy ekspertlar iqlim oʻzgarishi sababli 2030 yilga borib, mintaqamizda suv resurslari qariyb 6 foizga qisqarishini aytmoqda. Buning choralarini hozirdan koʻrish zarur.
Shu bois qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishiga moslashish va sohaning iqlimga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha 52 banddan iborat milliy dastur ishlab chiqildi. Dastur doirasidagi chora-tadbirlarga 294 million dollardan ortiq grant mablagʻlari jalb qilish nazarda tutilgan.
Jumladan, Orolboʻyida 1 million gektardagi agroekologik landshaftlar hamda degradatsiyaga uchragan yaylovlar holati yaxshilanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida ihotazorlar barpo qilinadi. Suv taʼminoti ogʻir yerlarda qizilmiya, naʼmatak, kunjut, artemiya yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi.
Iqlim oʻzgarishini tahlil va bashorat qilish boʻyicha markaz tuzilib, 5 ta viloyatda agrometeorologiya stansiyalari oʻrnatiladi. Shuningdek, Italiya bilan hamkorlikda Intensiv urugʻchilik va koʻchatchilik xalqaro markazi, shoʻrga va suvsizlikka chidamli ekinlar boʻyicha urugʻchilik xoʻjaligi tashkil etiladi.
Suvni tejash masalasi, ayniqsa, Amudaryoning quyi mintaqasida dolzarb. Shu bois, yana bir hujjatga koʻra, Qoraqalpogʻistonda yerni lazerli tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish rejalashtirilmoqda. Yaʼni, paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchilarga lazerli tekislangan har bir gektar maydonga sarflangan yoqilgʻi-moylash materiallari xarajati 100 foizgacha qismini qoplash uchun Davlat byudjetidan subsidiya beriladi.
Birinchi bosqichda bu Toʻrtkoʻl, Beruniy va Amudaryo tumanlarida amalga oshiriladi. Bunday maydonlarda hosildorlik oʻrtacha 5-7 sentnerga oshadi va suv sarfi 15-20 foiz tejaladi.
Akademik M.Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining yer maydonlaridan samarali foydalanish rejalari ham bayon qilindi.
Xususan, institutning Bandixon ilmiy-tajriba stansiyasidagi 142 gektar yer qaytadan foydalanishga kiritiladi. 300 gektar maydonda suv tejaydigan zamonaviy texnologiyalar oʻrnatilib, eksportbop meva va uzumzorlar barpo etiladi.
Qiziltepa tumanidagi Navoiy ilmiy-tajriba stansiyasida uzum koʻchatchiligi boʻyicha tajriba xoʻjaligi tashkil etilib, Fransiya va boshqa davlatlarning eksportbop navlari koʻchati olib kelinadi. Har ikki stansiyada suv taʼminotini yaxshilash uchun energiya tejamkor nasos agregati va transformator oʻrnatiladi.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining uzluksizligida issiqxonalarning alohida oʻrni bor. Soʻnggi yillarda ularning maydoni 2,6 baravar, mahsulot yetishtirish hajmi 3 baravardan ziyod oshgan. Ushbu tarmoqda 80 ming aholi doimiy va 70 ming nafari mavsumiy ish bilan band.
Issiqxona xoʻjaliklarining samardorligini oshirish maqsadida xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizini, koʻmir qozoni sotib olish xarajatlarining 20 foizgacha qismini qoplash taklif etilmoqda.
Davlatimiz rahbari har doim sohani ilmiy rivojlantirish talabini qoʻyadi. Shu maqsadda Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish taklifi bildirildi.
Institutda yangi yoʻnalishdagi tolali ekinlar boʻyicha tadqiqot ishlari yoʻlga qoʻyiladi. Tarmoqda ilmiy natijalarga asoslangan yangi texnologiyalar, asbob-uskunalar joriy etiladi. Fan va ishlab chiqarish samarali bogʻlanib, paxta-toʻqimachilik korxonalari rentabelligi ortadi. Paxta, kanop va zigʻir homashyolaridan olinadigan mahsulotlarning xalqaro standart talablariga mosligi taʼminlanadi.
Prezidentimiz bu takliflarni takomillashtirib, manzilliligi va natijadorligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.