Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 noyabr kuni paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash va hosildorlikni oshirish chora-tadbirlari muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Dunyodagi bugungi ziddiyatlar, savdodagi cheklovlar iqtisodiyotda oʻz aksini topmay qolmaydi. Jumladan, bu omillar oziq-ovqat va toʻqimachilik eksportiga salbiy taʼsir qildi. Bu vaziyatda eng toʻgʻri yoʻl – qishloq xoʻjaligida hosildorlikni keskin oshirish hisobiga tannarxni kamaytirish, chuqur qayta ishlashga va qoʻshilgan qiymat yaratishga koʻproq investitsiya jalb qilib, eksportni koʻpaytirishdir.
Shu bois yigʻilishda qishloq xoʻjaligini yangicha yondashuvlar, tashkiliy va moliyaviy vositalar orqali qoʻllab-quvvatlash choralari muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari har bir tarmoqqa alohida toʻxtalib, yangi taklif va tashabbuslarni aytdi.
Tahlillarga koʻra, bu yil 41 ta paxta-toʻqimachilik klasterida hosildorlik 40 sentnerdan oshgan boʻlsa, 9 tasida 30 sentnerdan kam boʻlgan. Hosildorlik pastligi va tannarx yuqoriligi oqibatida Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida rentabellik 10-11 foizdan oshmagan.
Sharoit va izlanish boʻlsa, yaxshi tajribalar ham bor. Masalan, Navoiy viloyatidagi “Navbahor” klasteri xorijdan olib kelgan yangi paxta navi oʻrtacha 70 sentnerdan oshiq hosil berayapti. Uning tannarxi, deylik, Jizzaxdagiga nisbatan qariyb ikki barobar arzonga aylanayapti.
Shu bois paxta urugʻchiligi boʻyicha yangicha yondashuvlar koʻrsatib oʻtildi. Unga binoan, kelgusi yili har bir viloyatdagi ball boniteti past, sugʻorish qiyin boʻlgan va hosildorligi 30 sentnerdan oshmaydigan 1 tadan tumanda 70-80 sentnerdan yuqori hosil beradigan paxta urugʻini chetdan olib kelishga ruxsat etiladi. Shuningdek, 30 sentnerdan past hosil berayotgan navlarni ekish toʻxtatilib, urugʻchilik institutlari tomonidan ishlab chiqilgan yangi serhosil navlar bilan almashtiriladi.
Bu sohadagi yana bir dolzarb masala – ayrim klaster va fermerlar oʻrtasida hisob-kitob intizomi buzilgan. 122 ta klasterning Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasi va fermerlar oldida qarzdorligi bor. 6 ta klasterning ishlab chiqarish quvvati yoʻq boʻlsa-da, ularga imtiyozli kredit berilgan.
Shundan kelib chiqib, klasterlarni tashkil etish, ular bilan fermerlar oʻrtasidagi munosabatlar boʻyicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.
Endi yangi klasterlarga moliyaviy koʻrsatkichlari, ishlab chiqarish quvvatlari va texnika taʼminoti boʻyicha talablar qoʻyiladi va ochiq tanlov orqali tanlanadi. Ularda kamida ikki bosqichli qayta ishlash boʻlishi shart.
Fermerlar bir viloyat ichidagi xohlagan klasteri bilan fyuchers shartnomasi tuzishi mumkin boʻladi. Ular fyuchers shartnomasidan ortgan hosilni birja orqali sotishiga ham imkoniyat yaratiladi.
Shuningdek, kelgusi yil hosili uchun paxta yetishtirishga 60 foiz avans koʻrinishidagi imtiyozli kreditlar toʻgʻridan-toʻgʻri fermerlarga ajratiladi.
Klasterlar esa yetishtirilgan paxtani sotib olish va terim uchun mablagʻ berish orqali moliyalashtiriladi. Chuqur qayta ishlashga ham alohida mablagʻlar ajratiladi.
Mutasaddilarga klaster va fermer xoʻjaliklarini moliyalashtirishning yangi tartibini yoʻlga qoʻyish, ular oʻrtasidagi debitor-kreditor qarzdorlikni hal etish boʻyicha topshiriqlar berildi. Klasterlarni xalqaro moliya standartlariga oʻtkazish zarurligi qayd etildi.
Bu yilgi paxta hosilini toʻliq qayta ishlash natijasida 2024 yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 9,6 milliard dollarga, eksportni esa 4,5 milliard dollarga yetkazish hisob-kitob qilingan.
Xususan, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida gazlama ishlab chiqarish va boʻyoqxonalar tashkil qilish boʻyicha 350 million dollarlik, Qoraqalpogʻistonda sunʼiy tola, gazlama-mato va boʻyashga ixtisoslashgan 60 million dollarlik loyihalar boshlangan. Bu korxonalar kelgusi yil ishga tushirilib, tadbirkorlarga sanoat ipotekasi asosida beriladi. Ularda 1,5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.
Mazkur tarmoq rivojini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi. Unga koʻra, gazlama-mato, boʻyash va tikuvchilik boʻyicha yangi qoʻllab-quvvatlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Jumladan:
— boʻyalgan matoni 50 foizdan kam boʻlmagan qismini ichki bozorga sotgan korxonalar ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada toʻlaydi;
— ularga mol-mulk soligʻini 3 yil davomida boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi;
— 2025 yil 1 yanvarga qadar paxta va sunʼiy tolani import qilishda transport xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi;
— toʻqimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari uchun zarur texnologik uskunalar va ularning ehtiyot qismlarini import qilishda ular bojxona bojidan ozod qilinadi.
Prezidentimiz bunday imkoniyatlardan foydalanib, loyihalarni koʻpaytirish, infratuzilma xarajatlarining yarmini qoplab berish muhimligini taʼkidladi.
Bogʻdorchilikda 16 ming gektar bogʻ va 10 ming gektar tokzorning hosildorligi pastligi qayd etildi. Bu ularda gektaridan kamida 3-5 ming dollardan, yiliga oʻrtacha 100 million dollar daromad yoʻqotilayapti, degani.
Shu bois endi har bir tumanda hokim boshchiligida qishloq xoʻjaligi, soliq va statistika xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, bogʻ va tokzorlar yiliga kamida bir marta xatlovdan oʻtkaziladi. Ular samarasiz deb topilsa, yer soligʻidan berilgan imtiyoz bekor qilinadi va soliq toʻliq undirib olinadi. Kelgusi yildan boshlab, bogʻ va tokzorlarga hosildorligi va tushumiga qarab, tabaqalashgan yer soligʻi stavkalari joriy qilinadi.
Shuningdek, bogʻlardagi qator oralarida va tomorqalarda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish vazifalariga ham toʻxtalib oʻtildi.
Bugungi kunda parrandachilikda yiliga 690 ming tonna goʻsht va 8,7 milliard dona tuxum yetishtiriladi. Soʻnggi oylarda bu mahsulotlar narxi sezilarli oshdi. Ozuqa muammosi mahsulot tannarxini pasaytirish imkonini bermayapti. Shuning uchun 8 ta yirik don ombori tashkil etilishi aytildi.
Yana bir muhim masala – bizda birinchi tartibli parranda naslining ota-onalik liniyasi yoʻq, shu sababli yiliga 3 million bosh joʻja import qilinmoqda. Bu nasl oʻzimizda boʻlsa, ishlab chiqarishni 3 barobar oshirish, goʻsht tannarxini 10 foizga kamaytirish mumkin. Eng muhimi, yiliga 50 million dollarlik inkubatsion tuxum va naslli joʻjalar eksport qilish imkoni paydo boʻladi. Shu borada AQSH kompaniyalari bilan kelishuvga erishish vazifasi qoʻyildi.
25 ta tumanda chorva klasterlari tashkil etish, sut yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Shuningdek, baliq yetishtirishni koʻpaytirish, Cloveniya tajribasi asosida hovuzlar barpo etish masalalari ham aytib oʻtildi.
Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini moliyalashtirish masalasi ham tahlil qilindi. Xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilingan mablagʻlar toʻliq yoʻnaltirilmayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Negaki bu mablagʻlar 20-25 yilga jalb qilingan boʻlsa-da, banklar tomonidan tadbirkorlarga 5-7 yilga ajratilmoqda. Kredit berish uchun loyihalarni koʻrib chiqish muddati bir yilgacha choʻzilmoqda. Mablagʻlardan foydalanish yoʻnalishlari cheklangani sababli tadbirkorlarda qiziqish kam.
Shu bois bu resurslarni banklar uchun ham, tadbirkorlar uchun ham jozibador shartlarda ajratish kerakligi taʼkidlandi. Qishloq xoʻjaligi loyihalariga beriladigan kreditlar muddati 3 yillik imtiyozli davr bilan 15 yilgacha uzaytirilishi, ular 2 oygacha muddatda koʻrib chiqilishi belgilandi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligiga xalqaro moliya tashkilotlari, byudjet va banklar ajratayotgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi boʻyicha ichki audit xizmatini tashkil qilish topshirildi.
Yirik savdo tarmoqlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga teng sharoit yaratilmagani, bu raqobat va narx-navoga taʼsir etayotgani taʼkidlandi.
Yigʻilishda byudjetga tushumlarni taʼminlash masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Bu borada ayrim tuman va shaharlarda oqsoqlikka yoʻl qoʻyilayotgani, daromadlar hajmi ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarga mos emasligi koʻrsatib oʻtildi.
Kuz-qish mavsumiga jiddiy tayyorgarlik koʻrilgani taʼkidlanib, hududlarga tabiiy gaz yetkazib berish va hisobini yuritish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.