Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 mart kuni qishloq xoʻjaligini jadal rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar natijadorligiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash – katta masala. Bu esa qishloq xoʻjaligida yuqori hosil olish, agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazishga bogʻliq, dedi davlatimiz rahbari.
Yigʻilishda gʻalla hosildorligini oshirish, chigit ekish ishlarini sifatli bajarish, meva-sabzavot, kartoshka, uzum va poliz mahsulotlari yetishtirishga oid masalalar muhokama qilindi.
Urugʻ sentyabr-oktyabr oylarida ekilib, oʻz vaqtida mineral oʻgʻit berilgan va sugʻorilgan dalalarda gʻalla toʻliq naychalash bosqichida rivojlanmoqda. Lekin 5,7 foiz maydonlarda gʻalla oʻsishi kechikib, haligacha tuplash fazasida qolmoqda. Buning asosiy sababi gʻallani sugʻorish, dalalarga mahalliy oʻgʻit chiqarish, yovvoyi oʻsimlik va zararkunandalarga qarshi kurashish borasida sustkashlikka yoʻl qoʻyilganidir.
Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish, gʻallani mart va aprel oylarida kamida bir martadan qondirib, sharbat usulida sugʻorish hamda suspenziya usulida bargidan oziqlantirish, oʻsimliklarni himoyalash vositalari sepishni yakunlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Har bir fermer xoʻjaligi boʻyicha don yetishtirishda hosildorlikni gektariga kamida 10 sentnerga oshirish yuzasidan dolzarb oylik eʼlon qilib, 21 aprelgacha kunma-kun amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilash zarurligi taʼkidlandi.
Chigit ekishni sifatli oʻtkazish va toʻliq koʻchat olish masalasiga eʼtibor qaratildi.
Joriy yilda 1 million 71 ming gektardan ortiq maydonga chigit ekish belgilangan. Bu 2017 yilga nisbatan 135 ming gektarga, 2016 yilga nisbatan esa 184 ming gektarga kamdir. Chunki fermerlarga faqat zarar keltiradigan, hosildorligi 15 sentnerdan past boʻlgan yerlarga paxta ekishdan voz kechildi, buning oʻrniga xaridorgir mahsulotlar ekilishi belgilandi.
Eng asosiysi, qishloq xoʻjaligida iqtisodiy asosli va adolatli tizim yaratilib, paxta-gʻallaning xarid narxi xarajatlarni qoplaydigan va foydani taʼminlaydigan qilib belgilab qoʻyildi. Endi “chigit ekishga mablagʻ yetmayapti, yoqilgʻi yoʻq” degan bahonaga oʻrin qolmadi, ajratilayotgan mablagʻlar barcha tadbirlar uchun yetadi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois Qishloq xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar va tumanlardagi sektorlar rahbarlariga chigit ekish ishlarini mutlaqo yangi tizim boʻyicha tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Mavsumda talab etiladigan urugʻlik, mineral oʻgʻit, chigit ekish texnikasi va yoqilgʻi-moylash mahsulotlarini aniq hisob-kitob va jadval asosida yetkazib berish, 15 aprelgacha chigit ekish ishlarini toʻliq yakunlab, 25 aprelga qadar nihol undirib olish zarurligi taʼkidlandi.
Prezidentimiz tomorqalardan samarali foydalanish masalasiga alohida toʻxtaldi.
Aholi va dehqon xoʻjaliklariga tegishli unumdor tomorqa yerlaridan foydalanish mutlaqo talabga javob bermasligi tanqid qilindi. Aksariyat aholining 8-10 sotix tomorqa yeri boʻlsa-da, hech narsa ekmagan.
Davlatimiz rahbari kichik tomorqadan moʻl hosil olib, oilasini boqayotgan, katta daromad topayotgan mehnatsevar odamlarni oʻrnak qilib koʻrsatdi.
Choʻp suqsang, koʻkaradigan yerimiz bor, mehnatsevar xalqimiz bor. Lekin tomorqa yerlaridan – shunday katta rezervdan foydalanmayapmiz. Shuning uchun bugundan boshlab “Tomorqaga ekin ekish” oyligini eʼlon qilib, har bir tomorqaga ekin ekishni tashkil etish kerak. Agar hozir ekmasak, keyin kech boʻladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu borada aholiga koʻmaklashish maqsadida barcha tumanlarda “Tomorqa xizmati” korxonalarini tashkil etish, ular orqali tomorqalar uchun koʻchat, mineral oʻgʻit, kimyoviy preparatlar yetkazib berish, mexanizatsiya va boshqa servis xizmatlari koʻrsatish boʻyicha tizim yaratish yuzasidan topshiriq berildi. Shu xizmatlar etishtirilgan hosilni xarid qilish, qayta ishlash, saqlash va eksport qilish bilan ham shugʻullanadi.
Yigʻilishda meva-sabzavot, kartoshka, uzum va poliz mahsulotlari yetishtirish bilan bogʻliq ishlar ham muhokama qilindi. Joriy yilda 2017 yilga nisbatan 24 foiz koʻp mahsulot yetishtirish rejalashtirilgani qayd etildi.
Ushbu rejadagi meva-sabzavotlarni sifatli yetishtirish, xalq isteʼmoli uchun gʻamlash, belgilangan qismini eksport qilishni taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.