Qishloq xoʻjaligida eksportni koʻpaytirish masalalari muhokama qilindi

0
41
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 mart kuni qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida investitsiyalar jalb qilish hamda eksportni koʻpaytirish masalalari muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻtgan yili yurtimizda 23 million tonna meva-sabzavot yetishtirilib, oziq-ovqat sanoatida 86 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

Hisob-kitoblarga koʻra, buncha mahsulotda 5 milliard dollarlik eksport qilish mumkin edi. Lekin vazirlar va hokimlar ishni toʻgʻri tashkil qila olmagani, eksportchilar muammosini hal qilmagani sababli bu koʻrsatkich 2 milliard dollardan oshmagan.

Yigʻilishda eksport tarkibi va geografiyasi tahlil qilindi. Xususan, oʻtgan bir yilda Avstraliya, Yangi Zelandiya, Singapur, Kolumbiya, Indoneziya kabi 10 dan ortiq yangi bozorlar ochilib, ularning soni 85 taga yetdi. Lekin, eksportning 80 foizi 5 ta davlat bozoriga toʻgʻri kelayapti. Shuningdek, 10 turdagi mahsulotning ulushi jami meva-sabzavot eksportida 60 foizni tashkil qiladi.

Har yili qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini qoʻllab-quvvatlashga 700 milliard soʻm, ishlab chiqarishni koʻpaytirishga 1 trillion soʻm yoʻnaltirilmoqda. Lekin natija shunga yarasha emas. Bu borada 1 million gektar gʻalladan boʻshaydigan maydon, 508 ming gektar aholi tomorqasi, 260 ming gektar odamlarga boʻlib berilgan yerlar imkoniyatidan toʻliq foydalanilmayapti. Ayrim tumanlar umuman meva-sabzavot eksport qilmagan.

Davlatimiz rahbari bu yil qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat eksportini jadal oshirish uchun yana qanday sharoit kerak boʻlsa, koʻrib chiqishga tayyorligini bildirdi.

– Inflyasiyani jilovlash va valyuta barqarorligini taʼminlash eksport bilan chambarchas bogʻliq. Koʻp mahsulot yetishtirish bilan birga eksportga qulayliklarni kengaytirmasak, natija kutilgandek boʻlmaydi, – dedi davlatimiz rahbari. 

Yigʻilishda eksportchi tadbirkorlar va logistika korxonalari vakillari ishtirok etdi. Prezident ular bilan muloqot qilib, muammo va tashabbuslarini eshitdi.

Jumladan, Germaniya, Vengriya, Polsha, Ispaniya, AQSH va Qozogʻistondagi savdo uylarini tadbirkorlar boshqaruviga berish, Nagoya, Mersin, Rotterdam, Sindao, Klaypeda, Doha kabi yirik port shaharlarda savdo uyi ochish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.

Yaqinda Yuqori Chirchiqdagi Agroxizmatlar markazida xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan ilk xususiy laboratoriya ochildi. Bu yil 8 million dollar investitsiya hisobiga Zangiota tumani, Fargʻona va Samarqand shaharlarida ham xuddi shunday zamonaviy laboratoriyalar ishga tushadi.

Toshkent shahrida Referens laboratoriya tashkil etilib, xususiy laboratoriyalar ishining xalqaro standartlarga mosligi taʼminlanadi. Bunga Jahon bankidan jalb qilingan mablagʻlar hisobidan 12 million dollar beriladi. Bundan buyon, xalqaro tan olingan reagentlar import bojidan ozod qilinadi, ularga majburiy ekologik sertifikat olish talab etilmaydi.

Mutasaddilarga boshqa laboratoriyalarni ham xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish, meva-sabzavot sifatiga xorijiy davlatlarning milliy talablarini oʻrganib, yurtimiz eksportchilariga yetkazish boʻyicha topshiriq berildi.

Xalqaro koʻrgazmalarda qatnashish tizimini qayta koʻrib chiqish kerakligi aytildi. Bunda tadbirkorlarning reytingi asosi qilib olinadi. Yuqori va oʻrta reytingga ega boʻlgan tadbirkorlar uchun koʻrgazmalarda qatnashish xarajati 100 foiz oldindan toʻlanadi. Past reytinglilar koʻrgazmada ishtirok etganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etgandan keyin, xarajatining 50 foiz qismi qoplab beriladi.

Koʻplab eksportchi korxonalarni qiynayotgan masala bu – aylanma mablagʻ. Shu bois joriy yilda Biznesni rivojlantirish bankidan ushbu maqsadlar uchun 1,5 trillion soʻm resurs yoʻnaltiriladi. Bu mablagʻlar evaziga, eksportchi korxonaga fermer va tayyorlov ombori bilan tuzgan shartnoma summasining 50 foizigacha imtiyozli kredit beriladi. Kreditlar 18 foiz stavkada 6 oy imtiyozli davr bilan 1,5 yil muddatga ajratiladi.

Maʼlumki, meva-sabzavot sanoat mahsulotlariga qaraganda tez buziladi, sifatini yoʻqotadi. Shu bois mahsulot turidan kelib chiqib, yoʻqotish miqdori 10 foizgacha belgilanadi. Hoʻl meva, sharbat, qandolat, murabbo, jem kabi bir xil haroratda yetkazish talab etiladigan mahsulotlar uchun sovutgichli yuk konteynerlari olib kelinadi.

Tabiiy yoʻqotish va sifat buzilishini kamaytirish uchun qadoqlashga ham alohida eʼtibor qaratish lozim. Bu yoʻnalishda zamonaviy korxona tashkil qilib, tajribali dizaynerlarni jalb etish muhimligi taʼkidlandi.

Aholi tomorqalari va ekin yerlarida sarxil meva-sabzavotlar yetishtiriladi. Ularni naqd pulga sotib olib, eksportga tayyorlab beradigan taʼminotchilar koʻp. Endi ular oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar kabi faoliyat yuritadi va aylanmasidan qatʼiy nazar barcha soliqlardan ozod boʻladi.

Yigʻilishda oziq-ovqat sanoatidagi imkoniyatlar ham tahlil qilindi.

Joriy yil bu yoʻnalishda kamida 100 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish va 1 milliard dollar eksport qilish, hududiy dasturlar doirasida 833 million dollarlik 528 ta loyihani ishga tushirish reja qilingan. Bu sohadagi loyihalarga yoʻnaltirish uchun banklarga 310 million dollar mablagʻ taqsimlangan. Ushbu choralar orqali tayyor oziq-ovqat eksportini 200 million dollarga olib chiqish imkoniyati borligi koʻrsatib oʻtildi. 

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalardan kelib chiqib, meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti boʻyicha Bosh vazir rahbarligida komissiya tuzilishi belgilandi.

Shuningdek, ekishdan boshlab, mahsulotni saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va sotish zanjirini toʻliq qamrab oladigan uch yillik dastur tayyorlanadi. Qishloq xoʻjaligi eksporti bilan shugʻullanuvchi 2 ming 362 ta korxonaga koʻmaklashish, ularning safini kengaytirish choralari koʻriladi. Eksportchilar bilan doimiy “muloqot maydoni” yaratilib, hududlarda mavjud mahsulotlar, tashqi bozordagi talab va narxlar toʻgʻrisida maʼlumot almashib boriladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.