Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 12 dekabr kuni paxta xomashyosini yetishtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 9 noyabr kuni oʻtgan videoselektor yigʻilishida paxtachilik tarmogʻida mavjud muammolar tahlil qilinib, klasterlar va fermerlar oʻrtasidagi munosabatlarni yangicha tashkil etish, paxta urugʻchiligiga ilgʻor yondashuvlarni joriy qilish zarurligi koʻrsatib oʻtilgan edi.
Ushbu topshiriqlarga muvofiq ishlab chiqilgan takliflar bugungi yigʻilishda koʻrib chiqildi.
Jumladan, 2024 yil hosilidan boshlab paxta xomashyosini yetishtiruvchilar va paxta-toʻqimachilik klasterlari oʻrtasida munosabatlar yangi tartibda tashkil etiladi.
Chigit ekilishidan avval fermer xoʻjaliklari va viloyat ichidagi klaster oʻrtasida tuproq hosildorligi doirasida fyuchers shartnomalari Tovar-xom ashyo birjasining “paxta xomashyosi seksiyasi”da har bir hudud uchun oʻtkaziladigan savdolar orqali tuziladi.
Bunda fermer oʻzi yetishtiradigan paxtaning miqdorini birjaga joylashtiradi hamda balandroq narx taklif etgan viloyat ichidagi klaster ushbu fermer bilan fyuchers shartnomasini tuzadi. Boshlangʻich narx Nyu-York birjasidagi paxta tolasining oxirgi 12 oydagi oʻrtacha narxi asosida belgilanadi.
Fyuchers shartnomasidan ortiqcha yetishtirilgan paxta xomashyosi yoki undan olinadigan birlamchi va ikkilamchi mahsulotlarni fermer xoʻjaliklari toʻgʻridan-toʻgʻri fyuchers shartnomasi tuzgan klasterga yoki birja orqali istalgan subyektga sotadi.
Paxta xomashyosi fermerlarning oʻz mablagʻlari, shu jumladan tijorat kreditlari hisobidan yetishtirilganda paxta xomashyosi va undan olinadigan birlamchi va ikkilamchi mahsulotlar birjada erkin sotiladi.
Yigʻilishda paxta xomashyosini yetishtiruvchi xoʻjaliklarga birjada ishtirok etish tartibi yuzasidan oʻquv seminarlar tashkil etish muhimligi qayd etildi. Klasterlar va boshqa korxonalar tomonidan paxta xomashyosi faqat elektron tarozi orqali qabul qilinishi hamda paxta tolasini avtomatlashgan hisobga olish tizimi joriy qilinishi belgilandi.
2024 yil hosilidan boshlab fermerlar va klasterlarga paxta xomashyosini yetishtirish va yakuniy hisob-kitoblar uchun Qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kreditlar ajratishning yangi tizimi joriy etiladi.
Ajratilgan kredit mablagʻlari hisobidan agrotexnik tadbirlar doirasida tovarlar, ishlar va xizmatlar, shu jumladan moddiy resurslar yetkazib beruvchilar fermer xoʻjaliklari va klasterlar tomonidan ixtiyoriy tanlanadi.
Kredit buyurtmalari toʻliq elektron shaklda taqdim etiladi.
Paxta-toʻqimachilik klasterlarini tashkil etish tartibini ham yangilash zarurligi taʼkidlab oʻtildi.
Bunda klaster tashkil etishga talabgorlar toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlarining kamida ikkita bosqichini yoʻlga qoʻygan boʻlishi, soliqlar va majburiy ajratmalardan hamda bank kreditlaridan muddati oʻtgan qarzdorligi boʻlmasligi kerak boʻladi.
Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi tugatilib, klaster faoliyatini tashkil etish istagida boʻlgan talabgorlar ochiq va shaffof onlayn tanlov asosida tanlab olinadi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi klasterlar reestrini yuritadi va ushbu reestrni oʻzining veb-saytida doimiy eʼlon qilib boradi. Vazirlikka eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari tizimi boʻyicha klasterlarning avtomatlashtirilgan reytingini yuritish dasturini yaratish topshirildi.
Yigʻilishda paxta urugʻchiligini rivojlantirish hamda hosildorligini oshirish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan Prezident qarorida kelgusi yildan paxta ekiladigan maydonlarning 10 foiziga tajriba-sinov tariqasida xorijiy paxta navlarini joylashtirishga ruxsat berish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, tajriba tariqasida 14 ta tumanning ball boniteti past, suv taʼminoti ogʻir boʻlgan hududlarida yuqori hosildor mahalliy va xorijiy navlar joylashtirilishi belgilanmoqda.
Xorijdan olib kiriladigan paxta navlari uchun alohida agrotexnika va soddalashtirilgan karantin talablarini joriy etish, ushbu navlarni yetishtirishni maxsus karantin kuzatuvida va Paxtachilik kengashi ilmiy koʻrsatmasi asosida olib borish muhimligi qayd etildi.
Paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tomonidan gʻoʻza navlarini joylashtirishda kafolatlangan urugʻ taʼminotiga muvofiq erkinlik berilmoqda.
Respublikada gʻoʻzaning serhosil va sanoatbop yangi navlarini yaratishni ragʻbatlantirish maqsadida qator vazifalar belgilanmoqda.
Jumladan, mahalliy istiqbolli gʻoʻza navlarini koʻpaytirish, uning sifatli elita urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish va navni tijoratlashtirishda klaster va fermerlarga tegishli navga hammualliflik qilishga ruxsat beriladi. Sertifikatlangan urugʻlik tayyorlashni bosqichma-bosqich klasterlar va xususiy urugʻchilik korxonalariga oʻtkazish koʻzda tutilgan.
2024 yildan boshlab hosildorlik 30 sentnerdan past hosil berayotgan navlar muntazam aniqlanib va serhosil mahalliy va xorijiy navlarga almashtirib borish amaliyoti joriy qilinadi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligiga mazkur tizimni amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish hamda Urugʻchilik markazi faoliyatini transformatsiya qilishga topshiriq berildi.
Oʻzbekistonda tolali ekinlardan chiqadigan mahsulotlar, tola chiqimi, paxta sanoati sohasida maxsus muassasa mavjud emasligi bois paxtachilik kengashining ilmiy-tadqiqot organi – “Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ negizida Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot institutini tashkil qilish taklif etildi.
Shuningdek, mamlakatimizda Genetik modifikatsiyalangan organizmlar va ularning mahsulotlari xavfsizligi boʻyicha ilmiy ekspertizasi joriy qilinadi hamda genetik modifikatsiyalangan navlar milliy bazasi shakllantiriladi. Bu orqali ishlab chiqarilayotgan va import qilinadigan GMO mahsulotlari xavfsizligini baholash, shuningdek, GMO mahsulotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tahlil qilish yoʻlga qoʻyiladi.
Sohani raqamlashtirish maqsadida 2024 yil yakuniga qadar “e-urugʻ” platformasi ishga tushiriladi. Unda urugʻchilik korxonalari va xoʻjaliklarining oʻzaro integratsiyalashuvi, nav va duragaylarning urugʻ taʼminoti va zaxirasi, hududlarga mosligi va agrotexnologiyalari, erkin va shaffof joylashtirish, qayta taqsimlash, sertifikat olish imkoniyati yaratiladi.
Prezidentimiz ushbu takliflarni maʼqullab, yangi tizimni amaliyotga joriy qilish yuzasidan qator koʻrsatmalar berdi.