Qishloq xoʻjaligidagi natijalar va rejalar koʻrib chiqildi

0
10
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 sentyabr kuni qishloq xoʻjaligidagi islohotlar ijrosiga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda bu sohaning tarmoqlari koʻp va katta salohiyatga ega. Soʻnggi yillarda paxtachilik, meva-sabzavotchilik, issiqxona xoʻjaligi, qayta ishlash sanoati kabi koʻplab yoʻnalishlar samaradorlik nuqtai nazaridan isloh qilinmoqda.

Yurtimizda 136 ta tumanda 1 million gektardan ziyod yerda paxta yetishtiriladi. Hosildorlikni oshirish maqsadida bu yil, odatdagilariga qoʻshimcha, 42 ta istiqbolli va 18 ta xorijiy navlar ekilgan. Jumladan, ilk bor Xitoy, Hindiston va Turkiyadan olib kelingan navlar qariyb 100 ming gektarda yetishtirilmoqda.

Shuningdek, yangi tajribalar sifatida 112 ming gektarga tindirilgan urugʻ, 200 ming gektarga viloyatlararo va tumanlararo navlar almashlab ekildi.

Mutasaddilar ushbu yangiliklarning natijalari va kelgusi yil uni yanada kengaytirish rejalari yuzasidan axborot berdi. Davlatimiz rahbari xorijdan urugʻ olib kelishda raqobat muhitini yaratish, paxta yetishtirish agrotexnikasini ham rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.

Qishloq xoʻjaligidagi hosildorlik, birinchi navbatda, uruqqa bogʻliq. Lekin koʻp fermerlar urugʻlik uchun ustamani kam toʻlashni oʻylab, past avlodli urugʻ ekayapti. Yangi urugʻ navini sinovdan oʻtkazib, davlat reestriga kiritishga esa 5 yil ketayapti. Ilgʻor tajribada birlamchi urugʻchilikni xususiy elita xoʻjaliklari amalga oshiradi.

Shu bois navlarni sinashning yangi tizimi joriy qilinishi belgilandi. Unga koʻra, 31 ta elita urugʻchilik xoʻjaligi va 6 ta urugʻlik tayyorlash sexidagi davlat ulushi ommaviy savdolarga chiqariladi. 46 ta urugʻchilik korxonasi birlashtirilib, hududlarda 13 ta zamonaviy korxona tashkil etiladi. Yangi urugʻlar 2 yilda ekishga joriy qilinadi.

Sohadagi yana bir katta yoʻnalish bogʻdorchilik va uzumchilik. Mamlakatimizda 266 ming gektar bogʻ va 132 ming gektar tokzor bor. Lekin bu unumdor tabiatimizga yarasha emas. Hududlarda yaxshi foydalanilmayotgan yerlar, boʻsh adirlar talaygina.

Endi bunday yerlarda mevali bogʻlar, jumladan, uzumzor va olmazorlar barpo etishning yangi tizimi joriy qilinadi.

Yaʼni, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi hududlarning ixtisoslashuvi hamda tuproq-iqlim sharoitini inobatga olib, loyihalarning texnik iqtisodiy asoslarini ishlab chiqadi. Yerni tayyorlash, koʻchat olish, ekish va sugʻorish tizimlari oʻrnatish hamda bogʻ hosilga kirguncha 3 yil parvarishlash uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Yangi tashkil etilgan sanoatlashgan bogʻlarga 100 foiz zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatiladi.

Shuningdek, bunday loyihalarga yer ajratish tizimi ham oʻzgaradi. Mahalliy hokimlar hosildorligi past yerlar oʻrnida bogʻ barpo etish boʻyicha taklif kiritadi. Ular ochiq elektron tanlov asosida 30 yil muddatgacha ijaraga beriladi.

Prezidentimiz bogʻ va tokzorlarni sanoatlashgan tarzda barpo etish muhimligini aytdi.

– Asosiy maqsadimiz qishloq xoʻjaligini ilmiy asoslangan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining eng yaxshi tajribalarini tatbiq qilgan holda rivojlantirish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Taqdimotda issiqxona xoʻjaliklaridan ham samarali foydalanish, ularni elektr energiyasi, tabiiy gaz va aylanma mablagʻ bilan taʼminlash masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Bugungi kunda suvni tejash – dolzarb masala. Hududlarda 732 ming gektar paxta va gʻalla maydoni ichki nasos agregatlari orqali sugʻorilmoqda. Ularning 41 foizida energiya isteʼmoli yuqori.

Shu bois paxta va gʻalla yetishtiruvchilar ixtiyoridagi nasoslarni modernizatsiya qilish uchun bir martalik subsidiya ajratishni yoʻlga qoʻyish taklifi bildirildi. Bu orqali elektr energiyasi sarfi va sugʻorish vaqtini 60 foizgacha kamaytirishga, pirovard natijada mahsulot tannarxini pasaytirishga erishiladi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, ularni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.