Qishloq xoʻjaligidagi vazifalar muhokama qilindi

0
75
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 mart kuni oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish, bahorgi ekin mavsumini samarali tashkil etish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oziq-ovqat taʼminoti aholi farovonligida va inflyasiyani jilovlashda eng muhim omillardan biri. Soʻnggi yillarda oziqbop mahsulotlar yetishtirishga 200 ming gektar yer ajratilgani hamda 500 ming gektar qoʻshimcha yerlar foydalanishga kiritilgani ichki bozorda narx-navoni barqaror saqlashga xizmat qilayapti.

Xalq dasturxoni toʻkin boʻlishi uchun davlatimiz rahbarining farmoni bilan 2024 yil 1 yanvargacha 35 turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bojlardan imtiyoz berildi. Bundan tashqari, 1 maydan ijtimoiy reestrga kirgan aholiga mol, qoʻy va parranda goʻshti, tuxum va oʻsimlik yogʻi xarid qilsa, qoʻshilgan qiymat soligʻi qaytariladi. Bu orqali 2 milliondan ortiq oilaga yengillik boʻladi.

Jahonda oxirgi ikki yilda oziq-ovqat inflyasiyasi yiliga 15-20 foizdan pasaymayapti. Oʻsimlik yogʻi, sut va goʻshtning narxi soʻnggi 30 yildagi eng yuqori darajaga koʻtarilgan. Transportda tashish, oʻgʻit va yoqilgʻi xarajatlari oshib ketgani ham oziq-ovqat narxlariga oʻz taʼsirini koʻrsatayapti.

Tahlillarga koʻra, bu holat 2023 yilda ham, kelgusi yillarda ham saqlanib qoladi. Shu bois oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish, odamlarni band qilish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar topish kerak.

Yigʻilishda hududlardagi ana shunday imkoniyatlar tahlil qilinib, ularni ishga solish chora-tadbirlari belgilandi.

– Oziq-ovqat uchun hamma sharoit qilib berildi. Boshqa qoʻshimcha yer berishning iloji yoʻq. Endi ilm, mehnat va samarali texnologiyalar bilan mahsuldorlikni oshirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.  

Oʻtgan yili oziq-ovqat yetishtirishga imtiyozli kreditlar ajratish, urugʻ, koʻchat, oʻgʻit va mahsulot sotib olishni toʻgʻridan-toʻgʻri moliyalashtirish yoʻlga qoʻyilgani yaxshi samara bergan edi. Joriy yilda bu maqsadga 6 trillion 200 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilandi.

Jumladan, Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan meva-sabzavotchilikka aylanma mablagʻlar uchun 700 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi 130 million dollar mablagʻni tadbirkorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri ajratadi. Buning uchun tadbirkorlar oʻz loyihalarini vazirlikning shaffof elektron platformasi orqali taqdim qiladi. Ajratilgan kreditning 20 foizi oldindan, qolgan 80 foizi 10 yil davomida boʻlib-boʻlib toʻlanadi. Bunda “bank ustamasi” boʻlmagani tufayli kredit foizi ham arzon boʻladi.

Shuningdek, JICA tomonidan oziq-ovqat yetishtirish va qayta ishlashga 200 million dollar ajratilayotgani qayd etildi.

Ushbu mablagʻlardan samarali foydalanib, yangi bogʻlar tashkil qilish zarurligi taʼkidlandi.

Qishloq xoʻjaligini sanoatlashtirish, odamlarni ishli qilish borasidagi imkoniyatlar ham koʻrsatib oʻtildi. Masalan, pilla bir oyda eng tez tayyor boʻladigan daromadli mahsulot. Lekin, tumanlarda bu boʻyicha loyiha kam.

Shu bois aholiga yaqin lalmi va yaylov maydonlarni oʻzlashtirib, pilla klasterlari tashkil qilish vazifasi qoʻyildi. Bu yerlar Vyetnam tajribasi asosida odamlarga 1-2 gektardan ham tut, ham oziq-ovqat ekish uchun beriladi. Natijada tarmoqda 2 million aholini band qilish va 600 million dollar qoʻshimcha eksport imkoniyati paydo boʻladi.

Yana bir foydalanilmayotgan manba – dala va kollektor-drenajlar atrofidagi yerlar. Bunday joylarni aniqlab, fermer xoʻjaligi ishchilari va ehtiyojmand aholiga ijaraga berish mumkinligi aytildi.

Yigʻilishda qishloq xoʻjaligini texnika bilan taʼminlash masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.

Bugungi kunda klaster, fermer va dehqonlardan 11 mingga yaqin texnika va agregatlarga talab shakllantirilgan. Shu bois 1 apreldan mahalliy ishlab chiqarilgan barcha texnikalar xaridi uchun 15 foiz subsidiya beriladigan boʻldi. Import qilingan texnikalar uch yil muddatga bojxona boji va utilizatsiya yigʻimidan ozod qilinadi, ular boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻini kechiktirib toʻlashga ruxsat beriladi. Texnika xaridi uchun 10 yil muddatga 10 foizlik kreditlar ajratiladi. Mutasaddilarga buni moliyalashtirish boʻyicha topshiriq berildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga koʻp import boʻlayotgan 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini yurtimizda ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi. Iqtisodiy vositalarni qoʻllab, dehqonlar va tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari, tadbirkorlarning fikrlari eshitildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.