Qishloq xoʻjaligini kompleks rivojlantirish boʻyicha dolzarb vazifalar belgilab berildi

0
86
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 31 oktyabr kuni qishloq xoʻjaligini kompleks rivojlantirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, mahsulotlar eksportini oshirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Keyingi ikki yilda qishloq xoʻjaligida tub islohotlar, tarkibiy oʻzgarishlar amalga oshirildi. Sohada bozor munosabatlarini joriy etish, qayta ishlash va eksport infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha juda koʻp ishlar qilindi. Fermer va dehqonlarning daromadini oshirish maqsadida yangicha tizim joriy qilinib, koʻplab dolzarb masalalar hal qilib berildi. Yetarli miqdorda mablagʻ ajratildi. 

Yigʻilishda qishloq xoʻjaligida innovatsion texnologiyalar, ilmiy ishlanmalar, ayniqsa, tomchilatib sugʻorish texnologiyasini keng joriy qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. 

Isroil davlatining bu boradagi tajribasi koʻrsatib oʻtildi. U yerda qishloq xoʻjaligi tomchilatib sugʻorishga moslashgani uchun bir kilometr ham kollektor drenaj tarmogʻi va shoʻrlangan maydonlar yoʻq. Melioratsiya tadbirlariga umuman xarajat qilinmaydi.

Yurtimizda suvni tejash texnologiyalarini tatbiq etish boʻyicha yetarli ish olib borilmayotgani, buning oqibatida 140 ming kilometr uzunlikdagi kollektor drenajlarga katta mablagʻ sarf boʻlayotgani tanqid qilindi. 

– Suvni tejovchi texnologiyani qoʻllash hisobiga 50-60 foiz suvni iqtisod qilish mumkin. Birgina koʻchma egiluvchan quvurlardan foydalanish suvni 10-15 foizga, tomchilatib sugʻorish esa 35-65 foizga tejash imkonini beradi. Lekin, tomchilatib sugʻorish tizimi juda kam maydonlarda joriy etilgan, xolos, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan kelib chiqib, 2019-2021 yillarda paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermerlar paxta maydonida tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish koʻlamini kengaytirish zarurligi taʼkidlandi. 

Qishloq xoʻjaligi kompleksidagi eng asosiy masalalardan biri eksportbop meva-sabzavot yetishtirish va uni eksport qilishdir. Ammo Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekoziqovqatxolding” kompaniyasi hududlar rahbarlari bilan tizimli ish olib bormagani oqibatida eksport prognozini toʻliq taʼminlay olmaslik xavfi mavjudligi qayd etildi.   

Shu bois har bir hudud bilan eksport boʻyicha ikki oylik rejani kunma-kun belgilab, tizimli bajarish vazifasi qoʻyildi. Shu bilan birga, kegusi yil eksporti uchun sabzavot ekinlarini ekish boʻyicha topshiriqlar berildi. 

Oʻzbekistonning iqlim sharoiti ertapishar mahsulotlar yetishtirish imkonini beradi. Bahor oylarida xorijiy mamlakatlarda ularga talab ortadi. Lekin bu imkoniyatdan unumli foydalanilmayapti. 

Yigʻilishda tegishli vazirlik va tashkilotlarga Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Yaponiya va boshqa davlatlar bozoriga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatma berildi.

– Yana bir bor aytaman, eksport davlatimiz siyosatining eng muhim, ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Shuning uchun har bir vazirlik va idora eksportni rivojlantirishi kerak, – deya taʼkidladi Prezidentimiz. 

Yigʻilishda yangi tashkil qilgan uyushmalar faoliyatiga ham eʼtibor qaratildi. Ular oʻz yoʻnalishlari boʻyicha yangilikka intilmayotgani, sohadagi oʻrni sezilmayotgani tanqid qilindi.

Qishloq xoʻjaligi tarmoqlariga investitsiyalarni, ayniqsa, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish zarurligi taʼkidlandi. 

Yerni haqiqiy egasiga berish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, urugʻchilikni rivojlantirish, mineral oʻgʻitlar yetkazib berish tizimini takomillashtirish, qishloq xoʻjaligi texnika parkini yangilash, mahsulotlarni qayta ishlash sohasini rivojlantirish va boshqa yoʻnalishlarda dolzarb vazifalar belgilab berildi.  

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.