“Transparency International” tashkilotining 2020 yilda eʼlon qilgan reytinglariga koʻra, Oʻzbekiston korrupsiya boʻyicha 26 ball bilan 183 mamlakat orasida 146-oʻrinda qayd qilingan. Bu achinarli holat, albatta.
Korrupsiya darajasini qisqartirishga turli omillar taʼsir koʻrsatadi. Ularning biri qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining oʻzida korrupsion normalarning mavjudligi va bunday normalarning amaliyotga joriy etilishining oldini olishdir.
Shunga koʻra, joriy yilning 24 fevralida Adliya vaziri buyrugʻi bilan Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Nizom bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan cheklist toʻldirish orqali korrupsiyaviy omillarni aniqlashni nazarda tutuvchi mutlaqo yangi tartib joriy etildi. Bunda, hujjatning har bir normasi va qoidasi tahlil qilinib, korrupsiyaviy omil bor yoki yoʻqligi cheklistda aks ettiriladi.
Shu bilan birga, korrupsiyaviy omillar toʻliq qayta koʻrib chiqildi hamda huquqni qoʻllovchilar va fuqarolarga ularning maʼnosi aniq, loʻnda va batafsil misollar bilan yoritilgan metodika asosida tushuntirib berildi. Jumladan, qonunchilikda asossiz ravishda instisnolar kiritilishini nazarda tutish cheklandi, qabul qilinayotgan norma barcha uchun yagona va umumiy boʻlishi belgilandi. Normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiquvchilarga qulaylik yaratish maqsadida korrupsiyaviy omillarga aniq misollar keltirildi.
Endilikda loyihalarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishda jamoatchilik keng jalb qilinadi. Bunda fuqarolar regulation.gov.uz portalida cheklist toʻldirish orqali qonun hujjatlari loyihalari boʻyicha oʻz fikr va mulohazalarini bildirishi mumkin.
Bundan tashqari, amaldagi qonun hujjatlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi hozirgi kunda samarali yoʻlga qoʻyilgan huquqiy monitoring tizimi doirasida oʻtkazilishi belgilandi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad korrupsiyaning qonuniylashtirilishiga oʻz vaqtida chek qoʻyishdir.
Muattar Burhonova, OʻzA