2019 yil 6 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar.
Deputatlar ishni “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqishdan boshladilar. Taʼkidlash joiz, mamlakatimizda kichik biznesni rivojlantirish, tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qonun loyihasi ham ayni maqsadga qaratilgan boʻlib, u bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning vakolatlari kengaytirilmoqda. Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini qaror toptirish, tadbirkorlarning har qanday qonuniy tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularning buzilgan huquqlarini barcha bosqichlarda tiklay olish imkoniyatini yaratish maqsadida vakilga qoʻshimcha huquqlar berilmoqda. Xususan, vakilning fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy sudlarning qonuniy kuchga kirgan hujjatlari ustidan kassatsiya va nazorat tartibida shikoyat qilish huquqi belgilab berilyapti.
Deputatlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi yurtimizda tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini har tomonlama ishonchli himoyalashga qoʻshimcha kafolat yaratadi.
Shundan soʻng parlament aʼzolari “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonuni loyihasini ikkinchi oʻqishda muhokama qildilar. Qayd etilganidek, mazkur loyihani birinchi oʻqishda koʻrib chiqish davomida bahs-munozaralarga sabab boʻlgan barcha moddalarini maromiga yetkazish maqsadida deputatlar ishchi guruh va ekspertlar ishtirokida muhokama qilib, pishiq-puxta holga keltirdilar. Havolaki normalar chiqarilib, ular oʻrniga toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan moddalar kiritildi. Qonun loyihasida sud tomonidan maʼmuriy jarimaga tortish holatlaridan tashqari, jarimaga tortish toʻgʻrisidagi qaror topshirilgan sanadan boshlab oʻn besh kun ichida jarima miqdorining yetmish foizi huquqbuzar tomonidan ixtiyoriy ravishda toʻlangan taqdirda u qolgan summani toʻlashdan ozod etilishini nazarda tutuvchi maʼmuriy jarimaga tortish toʻgʻrisidagi qarorlarni ijro etishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish nazarda tutildi.
Deputatlarning qayd etishicha, taklif qilinayotgan oʻzgartirishlarning amaliyotda qoʻllanishi fuqarolarni tayinlangan jarimalarni oʻz vaqtida toʻlashga ragʻbatlantiradi, ular uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratadi, shuningdek, mablagʻlar oʻz vaqtida Davlat byudjetiga kelib tushishini taʼminlaydi.
Majlisda “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, amaldagi qonun Hukumat faoliyati bilan bogʻliq munosabatlarni toʻliq qamrab olmagan, Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining oʻziga biriktirilgan aniq soha va tarmoqlar uchun javobgarligi hamda ularni baholash mezonlari tartibga solinmagan. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi esa Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tartibga soladigan qonun hujjatlaridagi mavjud boʻshliqlarni bartaraf etadi. Hukumatning tarmoq va sohalardagi vakolatlari aniq belgilab berilgan holda, uning ushbu sohalarni rivojlantirish boʻyicha javobgarligi kuchaytiriladi. Turli darajadagi qonun hujjatlari toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan yagona qonunda mujassamlashadi.
Majlisda uy-joy mulkdorlari shirkatlarining huquqiy maqomini belgilash, koʻp kvartirali uylar masalalaridagi davlat boshqaruvi va nazorati organlarining munosabatlarini tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining ikkinchi oʻqishdagi muhokamasi ham qizgʻin bahs-munozaralarga boy kechdi.
Mazkur qonun loyihasini maromiga yetkazish jarayonida deputatlar tomonidan qator normalarning amaliyotda ishlashini oʻrganish boʻyicha yurtimizning barcha hududlarida soha vakillari, shirkat rahbarlari va aʼzolari, boshqaruv kompaniyalari xodimlari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Mavjud holatlar oʻrganildi, tegishli takliflar olindi. Ana shu takliflar asosida yanada takomillashtirilgan qonun loyihasi bilan koʻp kvartirali uylarni boshqarish usullariga aniqlik kiritildi.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi sohada uchrayotgan koʻplab muammolarni bartaraf etishga, amaliyotda vujudga kelgan yana bir oʻtkir masala — noturar joy mulkdorlarining shirkat aʼzosi hisoblanmasligiga barham beriladi, ularning huquq va majburiyatlari kengaytiriladi.
Majlisda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati