Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, hududlar rivoji bilan yaqindan tanishish maqsadida 11 iyul kuni Fargʻona viloyatiga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda transport infratuzilmasi sohasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Birgina havo yoʻllari tarmogʻida Samarqand, Termiz, Moʻynoq, Zomin aeroportlari yangilanib, ishga tushirildi. Toshkent va Urganch xalqaro havo portlari taʼmirlanmoqda, “Toshkent-Sharqiy” qayta qurilmoqda.
Joriy yil mart oyida Qoʻqon aeroporti ham yangidan ochilgan edi. Bugun Oʻzbekiston Prezidentining samolyoti ilk bor bu yerga qoʻndi.
Mazkur aeroport 1977 yilda qurilgan boʻlib, yaqin yoʻnalishlarga parvozlar amalga oshirilgan. Keyinchalik faqat harbiy havo kuchlari tomonidan foydalanilgan. Modernizatsiya natijasida ushbu aeroport orqali yana fuqaro aviatsiyasi parvozlari yoʻlga qoʻyildi.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Aeroportda 100 nafar yoʻlovchiga moʻljallangan yangi terminal qurilgan, uchish-qoʻnish yoʻlagi qoplamasi taʼmirlangan. Zamonaviy aeronavigatsiya uskunalari oʻrnatilgan. Bu ishlar natijasida aeroport A 320-200 va ATR 72-600 rusumli samolyotlarni qabul qilish imkoniyatiga ega boʻldi.
Prezidentimiz endi bu aeroport xalqimizga manfaat keltirishi kerakligini taʼkidladi. Buning uchun narx va xizmatlarni odamlarga qulay qilib, parvozlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Ichki turizm imkoniyatlaridan foydalanish yaxshi samara berishi, xalqaro reyslarni ham yoʻlga qoʻyish mumkinligi qayd etildi.