10 – 15-sentyabr kunlari Qoʻqon shahrida ilk bor Xalqaro hunarmandchilik festivali boʻlib oʻtadi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish Davlat qoʻmitasi. Festival koʻrik-tanlov shaklida boʻlib oʻtadi.
Gʻoliblar quyidagi nominatsiyalar boʻyicha aniqlanadi: “Eng yaxshi hunarmand”; “Eng yosh hunarmand”; “Eng yaxshi hunarmandchilik maktabi vakili”; “Qadimiy hunarmandchilik turini tiklagan hunarmand”; “Qadimiy sulola davomchisi”. Shuningdek, Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasida ilmiy konferensiya, mahorat darslari, koʻrgazmalar, sayllar hamda konsert dasturlari oʻtkaziladi.
Besh kun davom etishi rejalashtirilgan mazkur festivalda 80ga yaqin mamlakatning eng sara hunarmand ustalar ishtirok etishi kutilmoqda, ularning festival bilan bogʻliq xarajatlari tashkiliy qoʻmita tomonidan qoplanadi. Respublika boʻyicha yana 1000 nafar mahalliy hunarmand festivalda qatnashishi koʻzda tutilgan. Qoʻqon shahrida festival oldi taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Tadbirning tashkiliy ishlari Xalqaro hunarmandlar kengashi (World Craft Council) bilan hamkorlikda olib borilmoqda.
Mazkur nufuzli anjuman hunarmandchilikni keng targʻib qilish, hunarmandchilik anʼanalari va maktablarini saqlash, qayta tiklash, bu sohadagi ilmiy oʻrganish va izlanishlarni hamkorlikda amalga oshirish, oʻzaro tajriba almashish hamda mahorat darslari tashkil etish, ushbu sohadagi iqtidorli hunarmandlarni ragʻbatlantirishda muhim ahamiyatga ega.