Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga tashrifining ikkinchi kunida ikki davlat rahbarlari rafiqalari bilan birga Fuzuliy va Shusha shaharlariga tashrif buyurdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻtgan qariyb 30 yilda Fuzuliy butkul vayron boʻlib, “arvoh shahar”ga aylangan edi. Harbiy harakatlarga qadar bu yerda 18 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilgan.
2020 yilda qayta tiklash ishlari boshlangach, shaharga asta-sekin hayot qaytmoqda. Uy-joylar qurilib, ijtimoiy va transport infratuzilmasi bunyod etilmoqda.
Ushbu muhim va ogʻir pallada Oʻzbekiston Ozarbayjon bilan birga. Zero, xalqlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarning ildizlari uzoq oʻtmishga ega. Bizlarni bir din, til va anʼanalar, maʼnaviy qadriyatlar va madaniyat mushtarakligi birlashtirib turadi.
Mustahkam doʻstlik va birodarlik ifodasi sifatida mamlakatimiz yetakchisi 2021 yil 31 mart kuni oʻtgan Turkiy kengashning norasmiy sammitida Oʻzbekiston Qorabogʻ zaminidagi yodgorliklar, madaniyat va maʼrifat maskanlarini qayta tiklashga oʻz hissasini qoʻshishga tayyor ekanini taʼkidlagan edi.
Fuzuliy shahrida 960 nafar oʻquvchiga moʻljallangan zamonaviy maktab qurilishi Prezidentimiz tashabbusining amaliy ifodasi boʻldi.
Mirzo Ulugʻbek nomidagi 1-sonli maktabda 40 ta sinfxona, 6 ta laboratoriya, 2 ta informatika xonasi, 5 ta funksional oʻquv xonasi, majlislar va sport zallari, oshxona, kutubxona mavjud. Futbol maydoni, dam olish va tadbirlar oʻtkazish uchun joylar, yugurish yoʻlaklari tashkil qilingan.
Yangi maktab xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, oʻsib kelayotgan ozarbayjonlik oʻgʻil-qizlarni Oʻzbekistonning boy tarixi va madaniyatiga, buyuk ajdodlarimizning merosiga oshno qilishga xizmat qiladi.
Ikki mamlakat yetakchilari rafiqalari bilan birga bayramona tasmani kesib, maktabni tantanali ravishda ochdilar.
Prezidentlar oʻquv binolari va maktab hududi bilan tanishib, oʻquvchilar bilan samimiy suhbatlashdilar, ularga oʻqishda muvaffaqiyat tiladilar.
Soʻng davlat rahbarlari Fuzuliy shahrida barpo etilayotgan uy-joy majmuasiga tashrif buyurdilar.
Prezidentlar majmuadagi xonadon egalari bilan uchrashdilar. Davlatimiz rahbari ularni yangi uyli boʻlgani bilan tabrikladi.
Samimiy suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Ozarbayjon xalqlarining mustahkam doʻstligi va qardoshlik aloqalari haqida soʻz bordi.
Mamlakatimiz yetakchisi Fuzuliyda hayot barqaror holatga qaytayotganidan mamnunligini bildirdi, Prezident Ilhom Aliyev rahbarligida Qorabogʻni qayta tiklash va rivojlantirish, aholining farovon turmushi uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini yuksak baholadi. Ozarbayjon xalqiga tinchlik, osoyishtalik va ravnaq tilaklari bildirildi.
Davlat rahbarlari yangi xonadonlarni kirib koʻrdilar. Soʻng yetakchilar balandlikdan turib vayronagarchilik oqibatlarini va qurilish ishlarini borishini kuzatdilar. Prezidentimizga Fuzuliyni qayta tiklash rejalari toʻgʻrisida soʻzlab berildi.