“Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasida birinchi zavod ishga tushdi

0
54
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi arafasida “Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasida “Enpipe” korxonasi ishga tushirildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Umumiy qiymati 58 million dollar boʻlgan loyiha toʻliq xorijiy investitsiya hisobidan amalga oshirildi. Xitoy, Turkiya, Niderlandiya va Ispaniyadan zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatilib, yiliga 300 ming tonna metall quvurlar ishlab chiqarish tashkil etildi.

Toʻgʻri chokli uslubda tayyorlanuvchi bu quvurlar yuqori bosimga va tashqi taʼsirlarga chidamliligi bilan ajralib turadi. Ilgari bunday mahsulotlar, asosan, xorijdan olib kelinar edi. Tashishda quvurlar hajmi koʻp joy egallagani uchun narxi ham qimmatga aylanardi. 

Endi turli qalinlikdagi metallar list shaklida olib kelinib, shu yerda tayyorlanmoqda. Buning samarasida tannarx 25 foiz arzonlashdi.

Gaz-kimyo va togʻ-kon sanoati, qurilish va boshqa sohalarda bunday chidamli quvurlarga talab yuqori. Xususan, shu yerda qurilayotgan MTO gaz-kimyo majmuasida ham shundan foydalaniladi.

Korxonada 400 dan ortiq kishi doimiy ish bilan taʼminlandi.

Davlatimiz rahbariga korxonaning rejalari, navbatdagi bosqichlar haqida maʼlumot berildi.

Ushbu loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish uchun ishlar boshlab yuborilgan. Unda bosimga bardoshli turli hajmdagi rezervuarlar ishlab chiqariladi. Yana 500 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. 

Loyiha toʻliq quvvat bilan ishlasa, 121 million dollarlik mahsulotlar tayyorlash imkoni tugʻiladi. Korxonaning eksport salohiyati yanada ortadi.

Davlatimiz rahbari shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatlashdi.

Bugun Buxoroga kelishimizdan maqsad 2 milliondan ziyod aholining turmushini yaxshilash, daromad manbai yaratish, kambagʻallikni qisqartirish. Viloyatning koʻp joyida ekin ekish uchun yerning shoʻrini yuvish kerak. Shuning uchun biz koʻproq sanoatga eʼtibor berayapmiz. Mana shu zavodni ham nima uchun qurdik? Bunday quvurlarni olib kelish uchun koʻp pulimiz yoʻlga ketardi. Bugun yana yangi inshootlar qurilishini boshlaymiz. Ularning atrofida bir nechta korxonalar, ish oʻrinlari paydo boʻladi. Pirovard natijada odamlarning uyiga yorugʻlik, ishonch va umid kiradi. Ana shu umid bizlarni birlashtiradi, — dedi Prezident.

Viloyat sanoatida “Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasi yana bir zamin boʻladi. Ushbu hudud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 avgustdagi tegishli qaroriga asosan tashkil etilgan. Uning umumiy maydoni 566 gektar boʻlib, 5 ta yirik loyiha joylashtirilgan. Ular bosqichma-bosqich amalga oshirilib, yakunda uch mingga yaqin ish oʻrni yaratilishi moʻljallangan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.