Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 19-bandi hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunining 5–7-moddalariga muvofiq:
1. Fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida 2022 yil 3 iyul kuni soat 00:01 dan 2022 yil 2 avgust kuni soat 00:00 ga qadar boʻlgan davrda favqulodda holat joriy etilsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida favqulodda holat amal qilishi davrida soat 21:00 dan soat 07:00 ga qadar komendantlik soati joriy etilsin.
3. Favqulodda holat amal qilishi davrida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududining komendaturasi tashkil etilsin va unga Oʻzbekiston Respublikasining “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunida nazarda tutilgan barcha vakolatlar berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining qoʻmondoni Rustam Mirzayevich Djurayev Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududining komendanti etib tayinlansin.
4.Favqulodda holat amal qilishi davrida quyidagi choralar va vaqtinchalik cheklovlar oʻrnatilsin:
a) jamoat tartibini, oʻta muhim va toifalangan obyektlarni hamda aholining hayot faoliyatini taʼminlovchi infratuzilma obyektlarini muhofaza qilish kuchaytirilsin;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasida harakatlanish erkinligi, shu jumladan transport vositalari uchun cheklansin;
v) jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar tekshirilishi, ularning shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilishi, ulardagi ashyolar va transport vositalari koʻzdan kechirilishi taʼminlansin;
g) Qoraqalpogʻiston Respublikasiga kirish hamda undan chiqish cheklansin;
d) tinch yigʻilishlar, koʻngilochar, sport va boshqa ommaviy tadbirlar tashkil etilishi va oʻtkazilishi taqiqlansin;
e) yuridik shaxslar faoliyatini toʻxtatib turish yoki tugatishga qaratilgan ish tashlashlar va boshqa har qanday harakatlar taqiqlansin;
j) qurol, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar, maxsus vositalar, zaharli moddalar sotilishi taqiqlansin, shuningdek, dori va giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, prekursorlar hamda etil spirti va alkogol mahsulotlari muomalasining alohida tartibi joriy etilsin;
z) jismoniy shaxslardan qurol va oʻq-dorilar, zaharli moddalar, yuridik shaxslardan esa qurol, oʻq-dorilar va zaharli moddalar bilan bir qatorda harbiy va oʻquv-harbiy texnika, portlovchi va radioaktiv moddalarning vaqtinchalik olib qoʻyilishi taʼminlansin.
5. Favqulodda holat rejimi sharoitida oʻrnatilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi uchun maʼsul etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududi komendaturasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi boshqa davlat organlari hamda tashkilotlarining kuchlari va vositalari belgilansin.
6. Fuqarolarning hayoti va sogʻligʻi uchun aniq tahdid, huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlariga xujum qilish, ularning qurol va texnikasini egallab olish holatlarini inobatga olib, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunining 23-moddasiga muvofiq quyidagi vazifalarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining kuchlari va vositalari qoʻshimcha ravishda jalb etilsin:
Favqulodda holat joriy etilgan hududga kirish va undan chiqishning alohida rejimini taʼminlash;
aholining hayot faoliyatini va transportning harakatlanishini taʼminlovchi obyektlarni hamda insonlarning hayoti va sogʻligʻi, shuningdek, atrof-muhit uchun yuqori xavf tugʻdiradigan obyektlarni muhofaza qilish;
qurol, jangovar va maxsus texnika qoʻllanilgan holda zoʻravonlik harakatlari bilan birga yuz beradigan toʻqnashuvlarda ishtirok etayotgan qarama-qarshi kurashayotgan taraflarni ajratish;
qonunga xilof qurolli tuzilmalar faoliyatiga chek qoʻyishda ishtirok etish;
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining kuchlari tarkibida favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etishda, shuningdek odamlarning hayotini saqlab qolishda ishtirok etish.
7. Komendant R.M. Djurayev manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida xavfsizlikni taʼminlash va huquq tartibotni saqlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonuni talablariga muvofiq boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun barcha zarur choralarni koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.T. Yoʻldoshev ushbu Farmon bilan oʻrnatilgan chora va vaqtinchalik cheklovlarning amalga oshirilishida qonuniylikka rioya etilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira fondi va boshqa davlat manbalaridan favqulodda holat rejimini taʼminlash uchun zarur mablagʻlarni ajratsin.
10. Mazkur Farmon 2022 yil 3 iyul kuni soat 00:01 dan eʼtiboran kuchga kiradi va ommaviy axborot vositalarida darhol eʼlon qilinishi lozim.
11. Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi palatalariga tasdiqlash uchun yuborilsin.
12. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev