Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Boʻzatov, Qoraoʻzak, Kegeyli, Qoʻngʻirot, Qonlikoʻl, Moʻynoq, Nukus, Taxiatosh, Taxtakoʻpir, Xoʻjayli, Chimboy, Shumanay tumanlarida (keyingi oʻrinlarda – shimoliy tumanlar) mavjud yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligi va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirish hamda qulay agrobiznes muhitini yaratish maqsadida:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2027 yil 1 yanvarga qadar shimoliy tumanlarda joylashgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotishning istisno tariqasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
auksion savdolarida sotilgan narxidan qatʼi nazar barcha xaridorlarga xarid toʻlovlarini 7 yil muddatda boʻlib toʻlash imkoniyatini berish;
auksion savdolarida sotilgan davlat koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomalariga muvofiq toʻlovlar 3 oy ichida toʻliq toʻlanganda shartnoma qiymatining 25 foiziga teng miqdorda chegirmalar berish;
jismoniy va yuridik shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer uchastkalariga ijara huquqini elektron onlayn-auksionda sotib olish qiymatini 5 yil davomida boʻlib toʻlash imkoniyatini yaratish;
tuman hokimliklari balansidagi boʻsh turgan binolarni xususiy maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etish uchun davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlik subyektlariga tanlov orqali berish va binoni tuman hokimligi balansida qoldirish, uch yildan soʻng xususiy sherikka davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash paytida baholangan qiymatning 50 foizi miqdorida haq toʻlash hisobiga besh yil davomida toʻlash sharti bilan taqdim etilgan binolarni xususiylashtirish imkonini berish.
2. Shimoliy tumanlarda 2025 yil 1 yanvarga qadar eksperiment tariqasida qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketgan hamda yangidan oʻzlashtirishga moʻljallangan yer maydonlarini investorlarga “E-AUKSION” elektron savdo platformasida ochiq elektron tanlov asosida 30 yilga qishloq xoʻjaligi faoliyatini yuritish uchun ijaraga berishning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi joriy etilsin:
a) ijara huquqini yutib olish uchun toʻlanadigan toʻlovning eng koʻp miqdorini taklif etgan talabgor ustuvorlikka ega boʻlib, qolgan mezonlar boʻyicha ball berish tartibi qoʻllanilmaydi;
b) ochiq elektron tanlov gʻolibi ijara huquqini yutib olish uchun toʻlanadigan toʻlovni eng koʻp miqdorining 50 foizini toʻlagan davrdan boshlab, ushbu yer maydonlariga ijara huquqini uchinchi shaxsga sotishi va ushbu huquqni tijorat bankidan kredit olish uchun garovga qoʻyishi mumkin;
v) shimoliy tumanlardan roʻyxatdan oʻtib, mazkur yer maydonlarida faoliyat yuritadigan qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlariga (bundan klasterlar mustasno) ushbu faoliyatdan olinadigan daromadi boʻyicha aylanmadan olinadigan soliq, shuningdek, mazkur tumanlardagi qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtirish va saqlash maqsadida foydalaniladigan yer uchastkalari va mol-mulki boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan er soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi;
g) Qishloq xoʻjaligi vazirligi talabnomalariga muvofiq foydalanishdan chiqqan sugʻoriladigan erlarni oʻzlashtirish, sugʻoriladigan erlarda er tuzish, buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish yuzasidan loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda qishloq xoʻjaligi yerlarining avtomatlashtirilgan yer-axborot tizimini yaratish va yangilab borish ishlariga Davlat byudjetidan mablagʻlar ajratiladi;
d) qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan har bir gektar yerni foydalanishga kiritish hamda zaruratga koʻra sugʻorish tik qudugʻini burgʻilash yoki nasos stansiyasini qurish va ishga tushirish boʻyicha xarajatlarning bir qismi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan tuzilgan investitsiya shartnomasi yoki davlat—xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim doirasida bir marta qoplab beriladi.
Moliya vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini foydalanishga kiritishda zaruratga koʻra sugʻorish tik qudugʻini burgʻilash yoki nasos stansiyasini qurish va ishga tushirish boʻyicha xarajatlarning bir qismini qoplash tartibini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
e) qishloq xoʻjaligi yerlarini foydalanishga kiritgan yerdan foydalanuvchilarga qishloq xoʻjaligi ekinlarini mustaqil joylashtirish huquqi beriladi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Kadastr agentligi 2022-2023 yillarda har bir shimoliy tuman kesimida kamida 1 000 gektar qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketgan hamda yangidan oʻzlashtiriladigan er maydonlarini elektron savdoga chiqarish uchun aniqlasin.
Bosh prokuratura elektron savdoga haqiqatdan ham foydalanishdan chiqib ketgan qishloq xoʻjaligi yerlari qoʻyilayotganligi ustidan nazorat oʻrnatsin.
4. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2024 yil yakuniga qadar mazkur qarorning 2-bandida nazarda tutilgan eksperimentni yanada takomillashtirish va uni Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining alohida tumanlarida tatbiq etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlarida qishloq xoʻjaligi foydalanishdan chiqib ketgan hamda yangidan oʻzlashtiriladigan yer maydonlarini qishloq xoʻjaligi faoliyatini yuritish uchun investorlarga “E-AUKSION” elektron savdo platformasida ochiq elektron tanlov asosida ijaraga berish tartibini tasdiqlasin.
6. Quyidagilar:
2022-2024 yillar davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasining shimoliy tumanlarida qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining shimoliy tumanlarida qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketgan sugʻoriladigan yer maydonlarini 2022-2024 yillarda qayta foydalanishga kiritish koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bosh vazir oʻrinbosarlari Sh.M.Gʻaniyev, J.A.Qoʻchqorov ikki hafta muddatda:
2022-2024 yillar davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasining shimoliy tumanlarida qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining shimoliy tumanlarida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxatini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining shimoliy tumanlarida qishloq xoʻjaligida qayta foydalanishga kiritiladigan yer maydonlariga 2022-2024 yillarda qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish koʻrsatkichlarini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining shimoliy tumanlarida 2022-2024 yillarda yangi mevali bogʻlarni barpo etish va mevali bogʻlarni turlar boʻyicha joylashtirish koʻrsatkichlarini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining shimoliy tumanlarida 2022-2024 yillarda yangi uzumzorlarni barpo etish boʻyicha koʻrsatkichlarni;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining shimoliy tumanlarida qayta foydalanishga kiritiladigan yer maydonlarida 2022-2024 yillarda asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini turlari boʻyicha yetishtirish va realizatsiya qilishning prognoz koʻrsatkichlarini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining shimoliy tumanlarida chorvachilik, parrandachilik (tuyachilik, yilqichilik, kurkachilik, bedanachilik, tuyaqushchilik) yoʻnalishlari boʻyicha 2022-2024 yillarda amalga oshiriladigan loyihalar koʻrsatkichlarini tasdiqlasin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, suv tanqis boʻlgan mahallalar (ovullar)da Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan belgilangan tartibda sugʻorish tik quduqlari qaziladi yoki mavjud kanallardan suv chiqarish uchun nasos agregatlari oʻrnatiladi.
Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga aholi tomorqalaridan, ijaraga berilgan yerlardan samarali foydalanish, hudud iqlimi va yerlarning hosildorligidan kelib chiqqan holda qishloq xoʻjaligi oʻsimliklarini toʻgʻri tanlash, parvarishlash hamda mahsulot yetishtirish uchun har bir tumanga bir nafardan agronom biriktirish hamda ularning hokim yordamchilari bilan hamkorligini taʼminlash tavsiya etilsin.
8. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi, tumanlar hokimliklari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda oʻzlashtiriladigan yangi yer uchastkalarini ijaraga berish uchun ularning qisqa muddatlarda ochiq elektron tanlovga chiqarilishini taʼminlasin.
9. “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati qayta foydalanishga kiritilgan va oʻzlashtirilgan yerlarda hamda boshqa ekin yerlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun byudjet mablagʻlari hisobidan elektr tarmoqlari va transformator punktlari qurilishini taʼminlasin.
10. Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlarida yashovchi va tadbirkorlik faoliyatini olib boruvchi jismoniy shaxslarga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan har yili tasdiqlanadigan parametrlar doirasida quyosh fotoelektrik stansiyasi, quyosh suv isitish tizimlari va shamol elektr stansiyalarini qurishda butlovchi qismlarni sotib olish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq 3 million soʻmdan oshmaydigan miqdorda kompensatsiyalar taqdim etiladi.
11. Vazirlar Mahkamasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab davlat grantlari boʻyicha belgilangan kvotalar doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi qishloq xoʻjaligi va axborot texnologiyalari yoʻnalishlaridagi oliy taʼlim muassasalariga maxsus qoʻshimcha qabul kvotalari ajratilishini taʼminlasin.
Bunda, maxsus kvota boʻyicha oʻqishga qabul qilingan yoshlarning oliy maʼlumotga ega boʻlganidan soʻng, yoʻllanma berilgan korxona, tashkilot va boshqa muassasalarda kamida 5 yil davomida mehnat qilish majburiyati nazarda tutilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab—quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan:
shimoliy tumanlarda doimiy yashovchi yetim, boquvchisini yoʻqotgan yoki nogironligi boʻlgan hamda professional va oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan yoshlarning toʻlov-kontrakt summasining 100 foizigacha, ammo bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravaridan oshmagan miqdorda toʻlab berish;
shimoliy tumanlarda doimiy yashovchi yoshlarning Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat koʻrsatayotgan oliy taʼlim tashkilotlarida bakalavriatning kunduzgi taʼlim shaklida hamda magistratura bosqichida toʻlov kontrakt asosida tahsil
olishlari uchun tijorat banklari tomonidan taʼlim kreditlari ajratilishida ushbu jamgʻarmaning kafilligini berish;
IELTS imtihon tizimidan 6 va undan yuqori koʻrsatkichni, TOEFL imtihon tizimidan 60 va undan yuqori koʻrsatkichni qayd etgan shimoliy tumanlarda doimiy yashovchi yoshlarning ushbu imtihonlarni topshirish xarajatlarini AT “Xalq banki”ning tuman filiallari orqali toʻliq qoplab berish;
shimoliy tumanlarda doimiy yashovchi yoshlarning zamonaviy kasb, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xorijiy tillar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha olti oygacha muddatli oʻquv kurslarida oʻqishlari uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish;
shimoliy tumanlarda doimiy yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj iqtidorli yoshlarning ilm-fan, sport, sanʼat va madaniyat yoʻnalishlaridagi olti oygacha muddatli oʻquv kurslarida oʻqishlari uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish;
shimoliy tumanlarda doimiy yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj iqtidorli yoshlarning ilm-fan, sport, sanʼat va madaniyat yoʻnalishlaridagi olimpiada, tanlov va musobaqalarning mahalliy bosqichlarida qatnashish xarajatlari uchun bazaviy
hisoblash miqdorining 4 baravarigacha hamda xalqaro bosqichlarida qatnashish xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish;
shimoliy tumanlarda doimiy yashovchi yoshlarni taʼlim, madaniyat va sanʼat, sport, “IT” va fanlar boʻyicha oʻqitishga ixtisoslashgan oʻquv markazlari joylashgan binolarning uch oy muddatgacha boʻlgan noturar joy ijara xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish choralarini koʻrsin.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi shimoliy tumanlardagi “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va shimoliy tumanlarda doimiy yashovchi yoshlar oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlariga tayyorgarlik koʻrishi uchun ularning nodavlat taʼlim muassasalarida taʼlim olish xarajatlarini qoplash choralarini koʻrsin.
14. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.R.Sariyev belgilansin.
Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sh.M.Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV