Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Nukus shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Qoraqalpogʻiston iqtisodiyotini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Investitsiya muhiti yaxshilangani, zarur shart-sharoitlar yaratilgani natijasida keyingi ikki yilda Qoraqalpogʻiston yalpi hududiy mahsulotida sanoatning ulushi 36 foizdan 41 foizga oshgani qayd etildi.
Hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar samarasida ularning soni yil boshidagi 460 tadan 1 ming 480 nafarga koʻpaygani taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari koʻproq ish oʻrinlari yaratish, buning uchun yangi korxonalar tashkil etish va mavjudlarini kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
2019-2020 yillarda Qoraqalpogʻistonda sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarini rivojlantirish boʻyicha 1 ming 18 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqilgan. Bu maqsadlar uchun 11 trillion soʻm, jumladan, 895 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar yoʻnaltirish rejalashtirilgan.
Masalan, kelgusi yili Qoraoʻzak tumanida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda yiliga 3,4 million tonna sement ishlab chiqaradigan zavod qurilishi boshlanadi. Moʻynoq tumanida baliqni konservalash, Taxiatosh tumanida makkajoʻxorini qayta ishlash va qogʻoz ishlab chiqarish korxonalari tashkil etiladi.