Davlatimiz rahbari Nukus shahridagi investitsiya loyihalari situatsion markazi faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu muassasa biznes loyihalarni shakllantirish, amalga oshirish va monitoring qilish boʻyicha yaxlit tizim sifatida ishlaydi. “Yagona darcha” tamoyili asosida vazirlik, idora, hudud va tashkilotlar oʻrtasida tezkor hamkorlikni taʼminlaydi.
Markazda uchta — hududiy loyiha guruhi, strategik rivojlantirish guruhi va tadbirkorlarga tezkor yordam guruhi bor. Shuningdek, Tadbirkorlar kengashi boʻlib, loyiha guruhlari bilan birga yangi gʻoya va takliflarni muhokama qiladi hamda ularga ishbilarmonlarni jalb etadi.
Bundan tashqari, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi mutaxassislari hududda imkoniyati bor loyihalarni ishlab chiqib, tayyor holda aholiga taklif qiladi.
Markazga yetakchi sanoat tarmoqlarining vakillari biriktirilgan. Prezidentimizga Qoraqalpogʻistonda ushbu tarmoqlarda rejalashtirilgan loyihalar haqida axborot berildi.
Avval xabar qilinganidek, Orolboʻyi hududini birgalikda rivojlantirish uchun viloyat hokimliklari ham jalb etilgan. Ular tomonidan Qoraqalpogʻistonning har bir tumani boʻyicha loyihalar ishlab chiqilgan. Markazda ushbu rejalar taqdimoti ham oʻtkazildi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.