Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 dekabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasida qoʻshimcha imkoniyatlarni ishga solish, investitsiyani koʻpaytirish va aholi bandligini oshirish boʻyicha 2025 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu yil Qoraqalpogʻiston uchun barakali keldi, deyish mumkin. Yangi sanoat korxonalari, turizm maskanlari, energetika quvvatlari, IT-park ishga tushirildi. Qoraqalpogʻistonni Xorazm bilan bogʻlaydigan 423 metrli yangi avtomobil va temir yoʻl koʻprigi ochildi. Bu orqali yuk va yoʻlovchi tashish masofasi 180 kilometrga qisqardi.
323 million dollar hisobiga yangitdan qurilgan “Qoʻngʻirot-Beynov” avtomobil yoʻlining 240 kilometr qismi foydalanishga topshirildi. Shuning oʻzi tranzit va boshqa xizmatlar hajmi yiliga 200 million dollarga oshishiga zamin yaratadi. Yaqinda 196 kilometrli “Miskin – Nukus” temir yoʻlini elektrlashtirish ishlari ham boshlanadi.
Hududda sanoat, tadbirkorlik va infratuzilma sohalarida 50 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berilgan. Xususan, investitsiya loyihalari uchun toʻgʻridan-toʻgʻri yer ajratish huquqi faqat Qoraqalpogʻistonda joriy qilingan.
Oʻzbekiston Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bu yil Nukusda oʻtkazilib, hududning salohiyati koʻrsatib berildi. Chet ellik investor va mutaxassislar ham u yerda daromad topish uchun katta imkoniyatlar paydo boʻlganini aytayapti.
Masalan, mavjud iqtisodiy salohiyat kompleks tahlil qilinib, qishloq xoʻjaligi, turizm va xizmatlar sohasida 2,5 milliard dollarlik imkoniyatlar aniqlangan.
Hozir 87 ming gektar paxtadan oʻrtacha 28 sentner hosil olinayapti, 10 ta tumanda rentabellik past. Ekspertlar bunday kam hosilli paxta maydonlarini qisqartirib, oʻrniga chorva ozuqasi va kunjut ekishni tavsiya qilmoqda. Ozuqabop ekinlar hisobiga 6,5 trillion soʻmlik goʻsht va sut yetishtirish, kunjutdan eksportni 500 million dollarga koʻpaytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan. Bu orqali ancha suv ham iqtisod boʻladi.
Shuningdek, Moʻynoqning oʻzida kamida 1 milliard dollarlik turizm loyihalari uchun salohiyat bor. Yaxlit majmualarni ishga tushirib, 1 million sayyohga xizmat koʻrsatish va 5 ming aholini daromadli qilish mumkin.
Etno va ekoturizm boʻyicha ham imkoniyatlar toʻla ishga solinmay turibdi. Savitskiy muzeyi, “Chilpiq” yodgorligi, Ayoz qalʼa, Tuproq qalʼa kabi 200 dan ziyod diqqatga sazovor joylar, 10 dan ortiq xalq oʻyinlari bor. Bu ham 3 million turistni jalb etib, bir necha kun aylantirish uchun dastur.
Shunday imkoniyatlari boʻlgan respublikaning mutasaddilari, tuman hokimlari vazifasiga shaxsiy masʼuliyatini oshirishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Tadbirkorlarga hudud salohiyatini koʻrsatib, loyiha taklif qilish, biznesga koʻmakchi boʻlish kerak. Ana shunda, yangi-yangi ish oʻrinlari, qoʻshilgan qiymat va eksport boʻladi, odamlarning daromadi koʻpayadi.
Yigʻilishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish, investitsiya va ish oʻrinlarini koʻpaytirish boʻyicha rejalarini taqdimot qildi.
Davlatimiz rahbari ularning tarkibiga eʼtibor qaratdi. Xususan, kelasi yil uchun reja qilingan 3,1 milliard dollar investitsiyaning bor-yoʻgʻi 500 million dollari hududiy loyihalarga toʻgʻri keladi.
Shu bois tumanlardagi hamma imkoniyatlarni safarbar qilib, bu nisbatni koʻpaytirish kerakligi taʼkidlandi. Buning uchun qoʻshimcha 1 milliard dollarlik hududiy loyihalar shakllantirilib, 120 ta korxona ishga tushiriladi. Eksport miqdori 500 million dollarga yetkaziladi.
85 ta yirik korxona toʻliq quvvatga olib chiqiladi. Shuningdek, yangi korxonalar, savdo va servis maydonlari tashkil etilib, 150 ming odamning bandligi taʼminlanadi. Natijada ishsizlik darajasi 5,4 foizga tushadi. 20 ming ehtiyojmand oilaga daromad manbai yaratilib, kambagʻallikni 7,6 foizga kamaytirish choralari koʻriladi.
Hozirgi kunda Qoraqalpogʻistonda 1 gigavattli shamol elektr stansiyasi qurilayapti. Jami 9,3 gigavattli shunday stansiyalar qurish boʻyicha loyihalar boshlanayapti. Bu – yiliga 33 milliard kilovatt soat elektr energiyasi, degani. Tabiiy gaz boʻyicha ham qulaylik koʻp.
Shuning uchun metallurgiya, kimyo, qurilish materiallari kabi tarmoqlardagi koʻp energiya talab qiladigan yirik loyihalarni Qoraqalpogʻistonda joylashtirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Qishloq xoʻjaligida ham samaradorlikni oshirish zarur. Sugʻoriladigan yerlarda jami 3 ming gektar sanoatlashgan bogʻ va tokzor barpo qilinadi. 31 ming gektarda kunjut, 22 ming gektarda mosh ekib, eksportga yoʻnaltiriladi. 30 ming gektarda qizilmiya ekish boʻyicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi.
Bular Qoraqalpogʻistondagi imkoniyatlarning ayrimlari, xolos. Ularni samarali ishga solish hududning jadal taraqqiyotini taʼminlaydi.
Shu bois Qoraqalpogʻistonda 3 ta asosiy yoʻnalishni – qishloq xoʻjaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish boʻyicha loyiha ofisi tashkil etiladi. Mazkur tuzilma har bir tumanning oʻsish nuqtalarini tahlil qilib, qanday ekinlarni yetishtirish, yerdan daromadni koʻpaytirishga yordam beradi. Xomashyo va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha loyihalar tayyorlab, hokimlarga yetkazadi. Yangi turizm yoʻnalishlarini ochish va ularga infratuzilma olib borish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.
Mutasaddilarga investitsiya loyihalarining borishi, bandlik va eksport rejalari taʼminlanishini alohida nazorat qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Nufuzli xorijiy ekspertlarni jalb qilib, har bir tumanni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.