Kegeyli tumanida 19 avgust kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokamasi boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Barcha hududlar qatori Qoraqalpogʻistonda ham drayver yoʻnalishlarda investitsiya, ish oʻrni, eksportni koʻpaytirish choralari koʻrilmoqda. Oʻtgan davrda Qoraqalpogʻistonda 1,4 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya evaziga 150 ta loyiha ishga tushgan. Tadbirkorlar 12 mingdan 25 mingga, tijorat maydonlari 1,5 million kvadrat metrga koʻpayib, 212 ming odam doimiy ishga joylashgan.
Biznes va investitsiya uchun qulay muhit natijasida tadbirkorlik rivojlanayapti. Masalan, faoliyatini mikroloyihadan boshlagan 13 ming tadbirkor kichik biznesga, yana 351 tasi oʻrta biznesga oʻtdi. Yillik “aylanmasi” 100 milliard soʻmdan yuqori tadbirkorlar 43 taga yetdi.
Ijtimoiy infratuzilma natijasini odamlar oʻz hayotida koʻrmoqda. Xususan, maktabgacha taʼlim qamrovi 28 foizdan 84 foizga oshdi. Yangi 21 ta maktab qurildi, yana 243 tasi toʻliq taʼmirlandi.
Ilk marta 700 oʻringa moʻljallangan 17 qavatli IT-park qurildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ikki yil ichida 40 mingga yaqin qoraqalpogʻistonlik yoshlar oʻqitildi.
Tuman va shaharlarda 74 ta oilaviy shifokorlik punkti, 81 ta poliklinika, 92 ta mahalla tibbiyot punktlari ishga tushdi. Toʻrtkoʻl, Qoʻngʻirot va Chimboy tumanlarida qoʻshma shikastlanish va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etildi.
Yaqin-yaqingacha oʻz uyiga mulk huquqi boʻlmagani sababli 100 mingdan ortiq aholi qiynalib kelayotgan edi. Bu muammo hal boʻlib, 27 mingta xonadonda yashovchi fuqarolarning uy-joyiga boʻlgan mulk huquqi eʼtirof etildi.
Qoraqalpogʻistonda Mahallalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil qilinib, 452 ta mahallaning har biriga 500 million soʻmdan ajratildi. Natijada, 316 kilometr ichki yoʻl taʼmirlandi, 151 kilometr elektr tarmogʻi yangilandi, 55 kilometr gaz va 112 kilometr suv tarmogʻi oʻtkazildi.
Osiyo taraqqiyoti bankidan jalb qilingan 274 million dollar hisobidan “Buxoro – Nukus – Beynov” yoʻnalishidagi 240 kilometr magistral yoʻl yaqin kunlarda ishga tushadi.
Orol boʻyidagi iqlim sharoitini yaxshilash boʻyicha ham juda katta dastur boshlangan. Soʻnggi yetti yilda Orol dengizining qurigan tubida 1,9 million gektarda yashil qoplamali oʻrmonzorlar barpo etildi. Ekotizimni yaxshilash, shoʻrlangan, suvsiz muhitda yangi nav va urugʻlarni yaratish uchun Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi.
Yaqinda qishloq xoʻjaligini iqlimga moslashtirish dasturi tasdiqlandi. Unga koʻra, Orol boʻyida iqlim oʻzgarishi oqibatini yumshatishga 80 million dollar beriladi. Ushbu mablagʻlar 100 ming gektar yaylovni degradatsiyadan chiqarish, tuproq-iqlimga mos kunjut va qovun navlarini yetishtirish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash va kadrlar tayyorlashga beriladi.
Shu bilan birga, foydalanilmagan imkoniyatlar ham koʻp. Ayrim investitsiya loyihalari ijrosi sust. Yil boshidan beri Qoraqalpogʻistondagi 19 ming korxona 350 milliard soʻmlik soliq imtiyozlaridan foydalangan. Natijada tadbirkorlar “soya”dan chiqqani, faoliyatini kengaytirgani hisobiga 4 ming aholi ishli boʻldi. Lekin, imtiyoz olgan 6 ming korxonada ish oʻrinlari kamaygan.
Aslida, Qoraqalpogʻistonda biznes uchun yaratilgan imkoniyat va sharoit boshqa birorta viloyatda yoʻq. Bu imkoniyatlar loyiha va ish oʻrniga aylantirilganida, koʻrsatkichlar 5-10 karra yuqori boʻlardi.
Shu sababli yarim yil yakunlari boʻyicha Qoraoʻzak va Taxiatosh hokimlari ishdan olingan. Amudaryo, Beruniy, Boʻzatov, Kegeyli, Qoʻngʻirot, Qonlikoʻl, Moʻynoq, Taxtakoʻpir, Toʻrtkoʻl, Xoʻjayli va Chimboy tuman hokimlariga intizomiy jazo qoʻllangan.
Yigʻilishda respublikadagi ulkan imkoniyatlar koʻrsatib oʻtildi.
Masalan, yil boshidan beri Qoraqalpogʻistonga 1 million 300 ming sayyoh kelgan. Lekin, mehmonxona oʻrinlari kam. Agar yer berilsa, tadbirkorlar zamonaviy mehmonxona va kongress xoll qurish istagini bildirgan.
Nukus shahrida joylashgan “Achchiqkoʻl” atrofidagi 20 gektarda turar joy, zamonaviy mehmonxona va dam olish maskanlarini tashkil qilish mumkin. Doʻstlik va Kegeyli kanallari, Xoʻjaylidagi “Tasli jap” va “Shirin jap” kanallari boʻyida savdo va koʻngilochar maskan tashkil etsa boʻladi. Amudaryo, Toʻrtkoʻl, Beruniyda ham turistlarni jalb qilish boʻyicha juda katta salohiyat bor.
“Gʻuzor – Buxoro – Nukus – Beynov” yoʻli boʻyidagi 140 gektar yerda 300 ta savdo va servis obyektini joylashtirsa boʻladi. Ellikqalʼada zamonaviy bozor qurilsa, savdo va xizmatlar koʻpayadi.
Oʻtgan yili Beruniy tumanidan 22 gektar ajratilib, Urgut erkin iqtisodiy zonasi hududi kengaytirilgan edi. Lekin, shu paytgacha bu yerda birorta ham loyiha qilinmagan. Vaholanki, bu hududda barcha infratuzilma bor, temir yoʻl ham oʻtgan. Xom ashyo zaxiralari ham yonginasida joylashgan.
Qoraqalpogʻistondagi yer ajratishni soddalashgan tizimi iqtisodiy zona hududi uchun ham joriy qilinsa, bu yerda 320 million dollarlik loyihalarni joylashtirsa boʻladi.
Investorlar Qoraoʻzakdagi “Qoybaq” mahallasidagi 500 gektarda qoʻychilikka ixtisoslashgan klasterni ishga tushirish uchun 10 million dollar sarmoya kiritishga tayyor. Bu klasterda 10 ming bosh qoʻy boqilib, 100 tonna goʻsht yetishtiriladi.
Davlatimiz rahbari bunday imkoniyatlarni ishga solib, iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Qoraqalpogʻistonda bu yil boshlasa boʻladigan 1,9 milliard dollarlik 103 ta yirik loyiha shakllantirilgan. Tarmoqlar yoʻnalishida ham bir yil ichida jami 275 million dollarlik 14 ta loyiha ishga tushiriladi. Umuman, yana 9,5 milliard dollarlik 120 dan ziyod istiqbolli loyihalar tayyorlangan.
Mutasaddilarga tadbirkorlar bilan ishlab, har bir tuman kesimida “Qoraqalpogʻistonda biznes qiling” dasturini tayyorlash vazifasi qoʻyildi. Bu dastur Qoraqalpogʻistonda sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlarni rivojlantirish uchun yangi nafas, kamida 10 milliard dollarlik investitsiya va 500 ming ish oʻrni uchun katta zamin boʻladi.
Bir soʻz bilan aytganda, qoraqalpoq elining ertasi bugunidan yaxshi boʻlishi uchun katta marralar olingan. Buning uchun barcha hamjihat boʻlib, fidokorona mehnat qilishi zarurligi taʼkidlandi.
Joriy yilda turkiy xalqlarning ulugʻ shoiri Ajiniyozning 200 yillik yubileyini nishonlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan. Davlatimiz rahbari shoirning xalq uchun xizmat qilgan fidoyi zotlarni “hazrati inson” deb ataganini yodga oldi va barchani shunday ishlashga daʼvat etdi.
– Avval ham aytganimdek, oʻzbek va qoraqalpoqning tarixi ham, taqdiri ham bir. Men ishonaman, bizning yorugʻ, baxtli kelajagimiz ham albatta bir boʻladi. Bu yoʻlda sizlarga, hurmatli yoshulli va tadbirkorlarimizga yangi yutuq va omadlar tilayman, – dedi Prezident.
Yigʻilishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va tarmoqlar rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari muhokama qilingan masalalar yuzasidan axborot berdi.