Prezident Shavkat Mirziyoyev Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining Qoraqalpogʻiston filialini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasi jadal rivojlanib bormoqda. Yetti yil oldin yurtimizda IT kompaniyalari soni 147 ta boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda 2 mingtadan oshdi. Ularda 30 ming nafar xodim yuqori daromadli ish bilan band. 70 ming nafardan ziyod yoshlar IT bilan mustaqil shugʻullanayapti.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida shu sohada eksport hajmini 5 milliard dollarga yetkazish va 300 ming nafar yoshni ish bilan band qilish rejalashtirilgan. Chekka hududlarda ham IT-shaharchalar tashkil etishga kirishilgan.
Xususan, Qoraqalpogʻistonda IT-park rezidentlari soni oʻtgan yil yakuniga nisbatan bugungi kunda uch barobarga oshib, 108 tani tashkil etdi. Ular tomonidan 310 nafar mutaxassis ish bilan taʼminlangan. 2024 yilning birinchi yarmida xizmatlar hajmi 2,4 barobarga, eksport hajmi esa 1,7 barobarga koʻpaydi.
Taʼlim rezidentlari tomonidan 25 ming nafar yosh va davlat xizmatchilari oʻqitilib, malakasi oshirildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida onlayn platforma orqali 2023 yilda 18 ming nafar yosh oʻqitilgan boʻlsa, 2024 yilning shu kuniga qadar 29 ming nafar yosh oʻqitildi. Joriy yil 33 mingdan ziyod yoshga taʼlim berish rejalashtirilgan.
Bu natijalar yaratilgan sharoit inʼikosi. Davlatimiz rahbari 2021 yil hududga tashrifi chogʻida IT-park uchun yangi bino qurish boʻyicha koʻrsatma bergan edi. Shunga muvofiq, Nukus shahri markazida 17 qavatli zamonaviy bino bunyod etildi. Bu yerda IT-taʼlim va kovarking markazlari, ofislar, konferensiya zali va xizmat xonalari mavjud. Shuningdek, binoga IT-park rezidentlari, sohada faoliyat olib borayotgan investorlar, chet ellik autsorsing korxonalar joylashtiriladi.
Ilgari ikki qavatli binoda ochilgan IT-park bugun muhtasham majmuaga koʻchgani rejalar ulkanligidan darak beradi.
Prezidentimizga binoda bajarilgan ishlar, sohadagi natijalar va rejalar haqida axborot berildi.
Masalan, avval AQSHning Amazon kompaniyasida ishlagan qoraqalpogʻistonlik Beknazar Abdikamalov yurtiga qaytib, oʻzining HUPO startapiga 4 million dollar sarmoya jalb qilgan. Davlatimiz rahbari u bilan suhbatlashib, tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladi.
Davlatimiz rahbari IT-park rezidentlari, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar bilan muloqot qildi. Yoshlarning fikrlarini tinglab, takliflarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.
– Bu sohada startaplarni hayotga tatbiq etsak, ham tarmoqlarda natijadorlik oshadi, ham davlat xarajati kamayadi, ham yoshlar uchun ish oʻrinlari paydo boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Binoda UZINFOCOM markazining filiali ham joylashgan. Markaz hudud yoshlarini uStudy dasturi orqali zamonaviy kasblarga oʻqitadi. Malakasi oshirilgan kadrlar oʻz sohasi boʻyicha zamonaviy kompaniyalarga ishga joylashadi.
Prezident barcha hududlarda IT parklar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida shunday koʻp qavatli binolar qurish zarurligini taʼkidladi.
– Ularda muhit shunday boʻlishi kerakki, yoshlar oʻzini erkin his qilsin. Ovqatlanish, dam olish, sport va boshqa xizmatlar mujassam boʻlsin. Binolar shaharlar markazida, yoshlarga qulay joyda boʻlgani maʼqul, – dedi davlatimiz rahbari.
Mazkur IT-parkni Qoraqalpogʻiston tumanlaridagi maktablar bilan bogʻlab, sohaga qiziqqan yoshlarni oʻqitish, kelgusida yuqori daromadli ishlarga jalb etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.