Nukus shahrida boʻlib oʻtgan yigʻilishda Qoraqalpogʻistonni yanada taraqqiy ettirish boʻyicha beshta ustuvor yoʻnalish belgilab berildi.
Birinchisi sanoatni rivojlantirish, barcha tarmoqlarda yirik va kichik ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishdan iborat.
Ikkinchi ustuvor yoʻnalish tadbirkorlik gullab yashnashi uchun keng yoʻl ochib berish va uni har taraflama qoʻllab-quvvatlashdir.
Qishloq xoʻjaligida ilgʻor texnologiyalarni keng joriy qilgan holda, ishlab chiqarish hajmi, hosildorlik va mahsulot turlarini keskin oshirish uchinchi ustuvor yoʻnalish etib belgilandi.
Toʻrtinchisi – ishlab chiqarish va odamlar uchun qulay boʻlgan zamonaviy infratuzilmani yaratish.
Orolboʻyi aholisining yashash sharoiti va turmush darajasini yaxshilash yuzasidan keng qamrovli ishlarni amalga oshirish esa beshinchi ustuvor yoʻnalish sifatida eʼlon qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev har bir yoʻnalishda nazarda tutilgan masalalarga alohida toʻxtalib, ular boʻyicha faol ishlash zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, har bir tuman va shaharning oʻziga xos xususiyatlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib, ularni turli sohalarga ixtisoslashtirish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Jumladan, Qoraoʻzak tumani qurilish materiallari, Beruniy, Xoʻjayli, Nukus tumanlari meva-sabzavotchilik, Taxtakoʻpir chorvachilik, Shumanay parrandachilik, Ellikqalʼa uzumchilik va turizm, Moʻynoq baliqchilik va chorvachilik, Kegayli chorvachilik, qizilmiyani qayta ishlash va qogʻoz sanoati, Qanlikoʻl dukkakli ekinlar va sholi yetishtirishga ixtisoslashtirilishi qayd etildi.
Qoʻngʻirotni neft-kimyo sanoati va chorvachilikka, Chimboyni qizilmiya yetishtirish va qayta ishlashga, Toʻrtkoʻlni shisha, oyna va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga, Amudaryoni bogʻdorchilik, toʻqimachilik va pillachilikka, Nukus shahrini esa farmatsevtika va elektrotexnikaga ixtisoslashtirib, Taxiatosh tumanini sanoat ishlab chiqarish hududiga aylantirish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.