Qorasuv mavzesi shahar ichidagi shaharcha boʻladi

0
169
marta koʻrilgan.

Samarqand – qadimiy shahar. Uning tarixiy qiyofasini saqlash muhim boʻlganidek, aholining oʻsib borayotgan ehtiyoji uchun sharoit yaratish ham kerak. Shu bois shahar chekkasidagi Qorasuv mavzesida zamonaviy uy-joylar bunyod etilmoqda, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda viloyatga tashrifi chogʻida bu yerdagi dastlabki uylarni koʻzdan kechirib, yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishgan edi. Oʻtgan davrda bu loyihalar hayotga koʻchdi. “Agromir Buildings” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan mavzeda 16, 15, 14 va 12 qavatli jami 47 ta turar joy qurildi. Ularda 3 ming 588 ta xonadon bor.

Turar joylarning fasadi 3 qavatli qoplamadan iborat boʻlib, xonadonlar qishda issiq, yozda salqin boʻlishini taʼminlaydi. Binolarga videokuzatuv tizimi, yuqori texnologiyali yongʻin xavfsizligi uskunalari oʻrnatilgan. Har bir xonadon alohida isitish qozoni bilan jihozlangan. Uylar egalariga tayyor holda topshirilmoqda.

Umuman, Qorasuv mavzesida qurilgan koʻp qavatli uylar soni 116 taga yetdi. Shuningdek, bu yerda 1 ming 600 oʻrinli maktab, 120 oʻrinli bolalar bogʻchasi, mahalla fuqarolar yigʻini binosi, savdo doʻkonlari, oʻyin va sport maydonchalari barpo etilgan.

Joriy yilda yana 7 ta 16 qavatli, 2 ta 25 qavatli uylar qurilmoqda.

Davlatimiz rahbari uy-joylar va infratuzilma tarmoqlarining sifatiga alohida eʼtibor qaratdi. Quruvchi tashkilotning sifat uchun masʼuliyati va javobgarligini yanada kuchaytiradigan mexanizm ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi.

– Rivojlangan davlatlardagidek uylar qurishni oʻzlashtirdik, endi xizmat koʻrsatishni ham shunga yarasha yaxshilash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Chet el tajribasi asosida servis turlarini kengaytirish, koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatuvchi korxona hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha maxsus punkt tashkil etish yuzasidan tavsiyalar berildi.

 Shu yerda Samarqand shahri Bosh rejasi va shahar hududini kengaytirish loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.