Qoʻshilgan qiymat soligʻi maʼmuriyatchiligini takomillashtirish toʻgʻrisida

0
75
marta koʻrilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Tadbirkorlarning muammo va masalalarini bevosita oʻrganish hamda tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olish boʻyicha 2021 yil 20 avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda, insofli soliq toʻlovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:

1. 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab eksport qilinadigan tovarlar uchun ishlatilgan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan (toʻlangan) qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini soliq toʻlovchining Oʻzbekiston Respublikasidagi bank hisobvaragʻiga chet el valyutasi tushumi kelib tushishidan qatʼi nazar hicobga olish tartibi oʻrnatilsin.

2. Oʻrnatilsinki:

mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan imkoniyat oxirgi bir yil davomida valyuta tushumlarini oʻz vaqtida taʼminlab kelayotgan va eksport shartnomalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorligi boʻlmagan – intizomli soliq toʻlovchilarga tatbiq etiladi;

tovarlar “eksport” bojxona rejimi ostida chiqarilgan kundan eʼtiboran 180 kalendar kuni ichida valyuta tushumi yoki uning bir qismi eksport qiluvchining Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi hisobvaragʻiga kelib tushmagan taqdirda, qoʻshilgan qiymat soligʻining hisobga olingan summasi yoki uning tegishli qismi belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi.

3. Belgilansinki, 2022 yil 1 yanvardan boshlab:

qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy summasini qoplash (qaytarish) uchun soliq organlariga ariza bilan alohida murojaat qilish haqidagi majburiy talab bekor qilinadi;

soliq toʻlovchiga tegishli soliq davri uchun soliq hisobotini topshirishda, soliq organlarini xabardor etgan holda qoʻshilgan qiymat soligʻi salbiy summasini qoplash (qaytarish) talabini bildirish huquqi beriladi.

Davlat soliq qoʻmitasi (Sh.Kudbiyev) uch oy muddatda qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliq hisoboti shakllariga soliq toʻlovchilarga qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy miqdorini qoplab berish (qaytarish) boʻyicha soliq organlariga murojaat qilishni aks ettiruvchi tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin.

4. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Davlat soliq qoʻmitasi (Sh.Kudbiyev), Davlat bojxona qoʻmitasi (M.Azimov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Sadikov) bilan birgalikda 2021 yil yakuniga qadar tovarlarni import qilishda va tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda toʻlanadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summalarini oʻzaro hisobga olish tartibini ishlab chiqsin va mazkur tartibni tajriba tariqasida 2022 yil 31 dekabrgacha amaliyotga joriy qilsin.

5. Moliya vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

6. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qaror mohiyati va mazmunining, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻi orqali keng tushuntirilishini tashkil qilsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.