24 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev telefon orqali muloqot qildilar.
Suhbat avvalida Nursulton Nazarboyev davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, Oʻzbekiston Prezidentining qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishishdagi shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev, oʻz navbatida, tabrik va ezgu tilaklar, shuningdek, koʻp qirrali Oʻzbekiston-Qozogʻiston hamkorligining rivojlanishi va mustahkamlanishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani uchun Nursulton Nazarboyevga minnatdorlik bildirdi.
Keyingi yillarda ikki mamlakat oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmi bir necha karra ortdi, ustuvor yoʻnalishlarda istiqbolli kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, transport va tranzit kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlik kengaymoqda.
Hamkorlikning yangi jihati – hududlararo almashinuvlar yoʻlga qoʻyildi. Ishbilarmonlik aloqalari faollashdi. Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili doirasida qardosh xalqlarimiz doʻstligi va yaxshi qoʻshnichiligini mustahkamlashga xizmat qilayotgan birgalikdagi tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Muloqot chogʻida ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni, jumladan, Oʻzbekiston va Qozogʻiston Bosh vazirlari raisligidagi qoʻshma Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.