Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozon shahriga tadbirlarga boy amaliy tashrifi nihoyasiga yetdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Tashrif dasturi yakunlangach, davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi. Aeroportda oliy martabali mehmonni Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qoʻydi.
Oʻzbekiston Prezidenti «BRIKS plyus» sammitining yalpi majlisida barqaror taraqqiyot yoʻlidagi umumiy maqsadlarga erishishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Sammit doirasida davlatimiz rahbarining Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Bosh vaziri Fam Min Tin, Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov, Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef, «Sberbank» boshqaruvi raisi German Gref bilan uchrashuv va muzokaralari boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Oʻzbekiston va Tatariston oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xalqlar oʻrtasida doʻstlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga qoʻshgan salmoqli hissasi uchun Tatariston Respublikasining davlat mukofoti — «Doʻstlik» ordeni bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.