Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Xalqimizning qadimiy va betakror bayramlaridan biri boʻlgan muborak Qurbon hayitining mazmun-mohiyatida mujassam boʻlgan insonparvarlik, ezgulik, shukronalik va mehr-oqibat singari anʼana va qadriyatlarni asrab-avaylash hamda keng targʻib etish, ushbu ulugʻ bayramni mamlakatimizda munosib nishonlash maqsadida:
1. Joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 9 iyul – shanba kuniga toʻgʻri kelishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan qarorni inobatga olib, mamlakatimizda 2022 yil 9 iyul kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 dekabrdagi “2022 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi PF–35-son Farmoni bilan 2022 yil 11-12 iyul kunlari dam olish kunlari sifatida belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Qurbon hayiti xalqimizning milliy va diniy anʼanalariga mos ravishda oʻtkazilishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
3. Turizm va madaniy meros vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Qurbon hayiti kunlarida moʻtabar yodgorlik va qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.
4. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV