Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida

0
63
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Asrlar davomida xalqimizga xos mehr-oqibat, xayr-saxovat kabi ezgu umuminsoniy qadriyatlarni namoyon etib kelayotgan Qurbon hayiti jonajon Vatanimizda oʻzaro hamjihatlik, bagʻrikenglik va shukronalik fazilatlarini yanada mustahkamlashga beqiyos hissa qoʻshmoqda. Ushbu ulugʻ ayyomning maʼnaviy hayotimizdagi muhim ahamiyatini eʼtiborga olib hamda uni mamlakatimizda munosib nishonlash maqsadida:

1. Joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 28 iyun – chorshanba kuniga toʻgʻri kelishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan qarorni inobatga olib, yurtimizda 2023 yil 28 iyun kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.

2. Aholining Qurbon hayiti bayramini munosib saviyada oʻtkazishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 23 dekabrdagi “2023 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi PF-270-son Farmoni bilan ish haftasining turidan qatʼi nazar barcha xodimlar uchun 2023 yilning 29-30 iyun kunlari, olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 1 iyul kuni qoʻshimcha dam olish kuni sifatida belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Qurbon hayiti xalqimizning milliy anʼana va qadriyatlariga mos ravishda oʻtkazilishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

4. Madaniyat va turizm vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Qurbon hayiti kunlarida moʻtabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.

5. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                           Sh.Mirziyoyev

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.