Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 yanvar kuni qurilish sohasidagi islohotlarni yanada jadallashtirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda bunyodkorlik koʻlami yildan yilga kengayib bormoqda. Yangi uy-joylar, yirik zavodlar, zamonaviy infratuzilma obyektlari qurilmoqda. Tabiiyki, bunday katta hajmdagi ishlarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish uchun malakali quruvchilar, bilimli loyihachilar, barqaror tashkilotlar kerak.
Yigʻilishda qurilish sohasidagi muammo va kamchiliklar keskin tanqid qilindi.
Masalan, Oʻzbekistonda 22 mingga yaqin qurilish-pudrat tashkiloti boʻlib, ularning aksariyatida ishchilar soni va kasb malakasi toʻgʻrisida maʼlumot yuritilmaydi.
Hududlardagi barcha qurilishlar yagona buyurtmachi xizmati tashkilotlariga topshirib qoʻyilgani koʻrsatkichlarga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Ilgʻor xorijiy tajribada qurilish xavfsizligi, sifati va natijasi nazorat qilinsa, bizda barcha kuch va resurslar jarayonni nazorat qilishga sarflanib, sifat ikkinchi oʻringa tushib qolgan.
Davlatimiz rahbari sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, uni zamonaviy asosda rivojlantirish boʻyicha muhim chora-tadbirlarni belgilab berdi.
Loyiha institutlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish, xorijiy tajriba asosida tenderlar oʻtkazishning aniq mezonlarini ishlab chiqish, bu borada elektron tizimni eksperiment tariqasida Toshkent shahrida joriy etish boʻyicha topshiriq berildi.
Qurilish, Moliya, Adliya vazirliklari va boshqa mutasaddi tashkilotlarga joriy yil 1 iyulgacha qurilish korxonalari faoliyatini baholash reytingini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Ushbu reytingda ishchilar soni va malakasi, bajarilgan ishlar hajmi, soliq va kreditlarning oʻz vaqtida toʻlanishi kabi mezonlar oʻz aksini topadi.
Prezidentimiz shaharsozlik normalari va qoidalarini hamda yagona buyurtmachi xizmati tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish zarurligini taʼkidladi.
Sohada axborot texnologiyalaridan foydalanish darajasi pastligi koʻrsatib oʻtildi. Jumladan, loyihalarni yaratish, ekspertizadan oʻtkazish, qurilishga ruxsat berish, qurilish-pudrat ishlarini masofaviy nazorat qilish jarayonlari haligacha qogʻozda bajarilyapti. Investor va tadbirkorlar uchun qayerda nima qurish mumkinligi haqida maʼlumot beruvchi geoinformatsion tizim yoʻlga qoʻyilmagan.
Shu bois yigʻilishda Qurilish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga tizimni toʻliq raqamlashtirish boʻyicha joriy yilda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish yuklatildi.
Sohada texnika xavfsizligi talablariga rioya qilinmayotgani, “risk-analiz” tizimi va nazorat yoʻqligi oqibatida baxtsiz hodisalar yuz berayotgani qayd etildi. Tegishli vazirlik va idoralarga qurilish sohasida davlat nazoratini butunlay yangicha asosda tashkil etish, mehnat muhofazasini kuchaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda kadrlar masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Davlatimiz rahbari qurilish sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash tizimi bugungi kun talabiga javob bermasligini taʼkidladi.
Mehnat vazirligi, Qurilish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga qurilish sohasida oʻrta boʻgʻin mutaxassislari va ishchi kasblar klassifikatorini joriy qilish hamda unga muvofiq kollejlarda quruvchilar tayyorlash vazifasi qoʻyildi.
Sohaga oid taʼlim dasturlarini yuqori texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar asosida yangidan ishlab chiqish, boʻlajak kadrlarni zamonaviy loyihalash va dasturiy taʼminot, xususan, BIM (Building Information Modeling) texnologiyalari bilan ishlashga oʻrgatish kerakligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddi rahbarlar hisobot berdi, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.