Qurilish tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, bunyodkorlik ishlarini sifatli amalga oshirish masalalari muhokama qilindi

0
334
marta koʻrilgan.
2017 yil 30 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida arxitektura va qurilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari yuzasidan Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi rahbarlarining hisoboti eshitildi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.  

Mamlakatimizda iqtisodiyotning har bir jabhasida keng koʻlamli qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda, qurilish ishlarining hajmi yildan-yilga oʻsmoqda. 

Joriy yil may oyida Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi tarkibiy tuzilmasi tubdan oʻzgartirildi va yangi vazifalar qoʻyildi. Qoʻmitaning hududiy boʻlinmalari qoʻshimcha shtat birliklari bilan kengaytirildi. Jumladan, 11 hududda “Oʻzshaharsozlik” va Samarqand shahrida “Toshkentboshplan” loyiha instituti filiallari, shuningdek, 13 hududda 26 yetakchi loyiha tashkiloti ochildi. Toshkent va Samarqand arxitektura-qurilish institutlari hamda 14 qurilish kasb-hunar kolleji qoʻmita tasarrufiga oʻtkazildi. 

Qabul qilingan maqsadli davlat dasturlari doirasida hamda davlatimiz rahbarining hududlarga tashriflari davomida berilgan topshiriqlarga muvofiq, joylarda qator ijtimoiy soha obyektlari bunyod etilmoqda. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahrining Islom Karimov, Furqat, Navoiy va Olmazor koʻchalari oraligʻidagi hududda “Toshkent-siti” zamonaviy xalqaro ishbilarmonlik markazi barpo etilmoqda. 

Mazkur markazda eng zamonaviy loyihalar va oʻziga xos arxitektura yechimlari asosida uy-joylar, ofislar, biznes markazlari, koʻngilochar va dam olish majmualari, milliy va zamonaviy uslubdagi infratuzilma obyektlari va boshqa inshootlar qad rostlaydi. 

Xuddi shu kabi konsepsiya asosida Samarqand shahrida ham “Samarqand-siti” markazi qurilmoqda. 

Shuningdek, Toshkent viloyatining maʼmuriy markazi – Nurafshon shahrini mutlaqo yangicha yondashuv asosida va ilgʻor xorijiy meʼmorchilik yutuqlarini qoʻllagan holda barpo etish belgilangan. Ushbu shaharning bosh rejasi xalqaro miqyosdagi xorijiy arxitektorlik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda. 

Aholining hordiq chiqarishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va madaniy infratuzilma obyektlarini rivojlantirish maqsadida joriy yilning oʻtgan davrida birgina Toshkent shahrining oʻzida “Ekopark”, “Doʻstlik bogʻi” va “Ashxobod bogʻi” kabi istirohat maskanlari tashkil etildi. 

Bundan tashqari, poytaxtimizda “Oʻzbekiston” Milliy bogʻini tubdan qayta qurish va yangi “Navroʻz” bogʻini barpo etish boʻyicha qurilish-bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda. Milliy boqqa tutash hududda “Adiblar xiyoboni” barpo etilmoqda. 

Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga bagʻishlab Toshkent shahrida meʼmoriy yodgorlik majmuasi va Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasi hududida maqbara barpo etildi. 

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanida Suzuk ota maqbarasi va hunarmandchilik markazi, Xastimom majmuasiga yondosh hududda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilmoqda. 

Yigʻilishda aholiga arzon va qulay uy-joylar barpo etish masalasi ham koʻrib chiqildi. 

Bu borada qishloq massivlarida yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturiga asosan 2017 yil 15 ming shunday uy-joy qurilmoqda. Bu maqsadlar uchun 2 trillion 35 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. 

Davlatimiz rahbarining hududlarga tashriflari davomida berilgan topshiriqlarga muvofiq, qishloq aholisining talab-istaklari va uy-joyga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda, joriy yilda qoʻshimcha ravishda 4 ming 610 namunaviy uy qurilmoqda. Buning uchun 574 milliard soʻm ajratilgan. 

Bugungi kunga qadar 10 ming 431 arzon uy-joy foydalanishga topshirildi. Qolgan 9 ming 179 uy qurilishi dekabr oyida yakunlanadi. 

Ushbu uy-joylar boʻyicha muhtoj oilalarga 1 trillion 620 milliard soʻmdan ortiq ipoteka kreditlari 15 yil muddatga ajratilmoqda. 

Dasturni amalga oshirish natijasida 2017 yil 19 mingdan ortiq qishloq oilasi shahardagidan qolishmaydigan shinam va zamonaviy uy-joyga ega boʻladi. 2018 yil ham qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida qariyb 20 ming arzon uy barpo etiladi. 

Oʻz navbatida, joriy yilda shaharlarda namunaviy loyihalar asosida 7 ming 919 xonadonli 191 koʻp qavatli uy qurilmoqda. Jumladan, Toshkent shahrining Sergeli tumanida 4 ming 88 kvartirali 102 koʻp qavatli arzon va qulay uy-joy qurilmoqda. Mazkur xonadonlar uchun uy-joyga muhtoj aholi va yosh oilalarga 20 yil muddatga 751 milliard soʻm miqdorida imtiyozli ipoteka kreditlari taqdim etilmoqda. 

Bugungi kunda 70 uyning qurilish ishlari yakunlandi va foydalanishga topshirildi. Jumladan, Toshkent viloyatining Angren shahrida 9 qavatli 162 xonadonli 4 ta hamda poytaxtimizning Sergeli tumanida 2 ming 576 kvartiraga moʻljallangan 66 ta koʻp qavatli uy qurib bitkazildi va xonadon egalariga kalitlar topshirildi. Qolgan koʻp qavatli uy-joylarni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 25 yillik bayrami arafasida hamda dekabr oyi oxiriga qadar foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan. 

Dasturni amalga oshirish natijasida 2017 yil 8 mingdan ortiq shahar oilalari zamonaviy, shinam va qulay xonadonlarga ega boʻladi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, 2018-2020 yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylar qurish dasturining yangilangan parametrlari tasdiqlandi. Unga koʻra, kelgusi yillarda quriladigan uylar soni 1,5-2 barobar koʻpaytirilgan. Xususan, 2018 yil jami 15 ming 172 xonadonga ega boʻlgan 365 ta koʻp qavatli uy qurish koʻzda tutilgan. 

Amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi tizimining faoliyati tanqid qilindi va islohotlarni amalga oshirish sust olib borilayotgani taʼkidlab oʻtildi. 

Sohaga doir normativ hujjatlar, jumladan, shaharsozlik qoidalari va qurilish meʼyorlarining aksariyat qismi eskirgan, sobiq tuzum davridan qolib ketgan, dedi davlatimiz rahbari. Ushbu meʼyorlarni zamonaviy talablarga moslashtirish boʻyicha koʻplab topshiriq berilgan boʻlsa-da, bu yoʻnalishda natijaga erishilmagan. 

Jahon banki eʼlon qilgan reytingda Oʻzbekiston yer ajratish va qurilishga ruxsat olish pozitsiyasi boʻyicha 135-oʻrinda boʻlib, bu ishlarga oʻrtacha 246 kun vaqt ketishi ham qurilish sohasida olib borilayotgan islohotlarni jadallashtirish zarurligiga yana bir yaqqol dalildir. 

Shu bilan birga, shaharlarning bosh rejalari, qishloqlarda arxitektura-rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish talabga mutlaqo javob bermaydi. Xususan, 2011-2018 yillarda shaharsozlik hujjatlarini yangilash boʻyicha dastur atigi 30-40 foiz bajarilgan yoki jami 1 ming 200 shahar va shaharchadan faqat 207 tasining (17 foizi) bosh rejasi mavjud. 

Buning oqibatida shaharlar va tumanlarda oʻzboshimchalik bilan va chala loyihalar asosida qurish holatlari davom etmoqda. Bu esa mazkur aholi punktlari qiyofasi jiddiy buzilishiga olib kelmoqda, deb taʼkidladi Prezidentimiz. 

Shuningdek, yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan loyiha institutlari faoliyati yaxshi yoʻlga qoʻyilmagani, bu borada ilgʻor chet el tajribasi joriy etilmayotgani tanqid qilindi. Jumladan, qurilish loyihalari sifati past, narxi esa asossiz ravishda yuqoriligicha qolmoqda. Oʻz navbatida, bino va inshootlarni loyihalashtirishda ekologik jihatdan xavfsizlik va energiyatejamkorlikni taʼminlash masalalariga yetarlicha eʼtibor qaratilmagan. Buning oqibatida aksariyat qurilayotgan bino-inshootlar bir qolipda va koʻrimsiz boʻlib, aholi punktlari qiyofasini oʻzgartirishga xizmat qilmayapti. 

Yigʻilishda qurilish va loyihalash boʻyicha kadrlar tayyorlash sifati ham talabga javob bermasligi qayd etildi. Xususan, tizimdagi 500 ga yaqin vakant oʻrinlar, jumladan, tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimlaridagi 110 va loyiha tashkilotlaridagi 200 ga yaqin vakant shtatlarni toʻldirishni tezlashtirish zarurligi taʼkidlandi. 

Shuningdek, har tomonlama salohiyatga ega boʻlgan professional qurilish-pudrat tashkilotlari shakllanmagani, ulardagi mavjud moddiy-texnik baza, moliyaviy manbalar tobora ortib borayotgan qurilish ishlari hajmini toʻliq qoplashga qodir emasligi alohida qayd etildi. 

Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda shaharsozlik va qurilish qoidalarini yangilash va ixchamlashtirish boʻyicha dastur ishlab chiqish, shuningdek, aholi punktlari bosh rejasini tayyorlash va tasdiqlash boʻyicha yangi uch yillik dasturni hukumatga tasdiqlash uchun kiritish topshirildi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda yer ajratish, qurilishni loyihalashtirish va foydalanishga topshirish boʻyicha amaldagi qoidalarni qisqartirish va ochiq-oydin boʻlishini taʼminlash yuzasidan hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirildi. 

Qurilish-pudrat tashkilotlarini rivojlantirish, ularni aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash hamda bosh loyiha institutlari tarkibiy tuzilmasi va kadrlar salohiyatini qayta koʻrib chiqqan holda, zamonaviy arxitektura talablari asosida har qanday turdagi loyiha ishlarini amalga oshira oladigan tashkilotlarga aylantirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi. 

Yigʻilishda shaharlardagi koʻp qavatli arzon uylar va qishloq joylardagi namunali uylarni sifatli qurish va muddatida topshirish, odamlarning bu uylarga koʻchib kirishini tashkil etish ishlarini jadallashtirish vazifasi yuklatildi. 

Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari A.Ramatov, “Qishloq qurilish invest” va “Oʻzshahar qurilish invest” injiniring kompaniyalari rahbarlari Q.Hoshimbekov va Z.Narzullayev viloyatlar hokimlari bilan birgalikda ushbu uylarning koʻrsatilgan muddatda topshirilishi uchun shaxsan javob berishi belgilab qoʻyildi. 

Yigʻilishda qurilish materiallari, jumladan, sement, pishgan gʻisht, qurilish oynasi, chaqiq tosh va qum kabi noruda materiallarning narxlari oshib ketishi va bunga asosiy sabab boʻlgan mahalliy ishlab chiqarish hajmi ichki talab va eksport uchun yetarli emasligi natijasida olibsotarlik avjiga chiqqani jiddiy tanqid qilindi. Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari A.Ramatov, “Oʻzqurilishmateriallari” kompaniyasi raisi B.Zaripovga mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash asosida qurilish materiallari ishlab chiqarishni keskin oshirish, ularni isteʼmolchilarga yetkazib berish narxlari oʻzgarishi yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatish va shu orqali narxlarning asossiz ravishda oshib ketishining oldini olish, ichki talabni toʻliq qondirish va eksportni taʼminlash boʻyicha hukumat qarorini tayyorlash va tasdiqlatish hamda uni amalga oshirish vazifasi yuklatildi. 

Muhokama qilingan barcha masalalar boʻyicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

 

 


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.