Qurolli Kuchlarni rivojlantirishning navbatdagi muhim bosqichi vazifalari belgilandi

0
148
marta koʻrilgan.

Mudofaani boshqarish milliy markazida 13 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbirda Xavfsizlik kengashi aʼzolari, Qurolli Kuchlarimizning qoʻmondonlik tarkibi, harbiy-maʼmuriy sektorlar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Har yili Vatan himoyachilari kuni arafasida bunday yigʻilish oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylandi. Bu yil esa Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining shonli 30 yilligi nishonlanmoqda. Davlatimiz rahbari majlis avvalida ushbu qutlugʻ bayram bilan barcha harbiy xizmatchilar va soha faxriylarini tabrikladi.

Yigʻilishda Qurolli Kuchlar tizimi va harbiy-maʼmuriy sektorlarning 2021 yilgi faoliyati yakunlari tahlil qilinib, galdagi ustuvor vazifalar belgilandi.

Oxirgi besh yilda harbiy qurilishning barcha yoʻnalishlarida amalga oshirilgan kompleks choralar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi ham, qoʻshinlarning tayyorgarlik darajasi ham oʻzgardi. Harbiy qism va poligonlardagi infratuzilma, askar va ofitserlarning sharoitlari yaxshilandi. 2021 yilda xalqaro armiya oʻyinlarida harbiylarimiz faxrli ikkinchi oʻrinni egallagani ham sohadagi rivojlanish natijasidir.

Bu ishlar izchil davom ettirilib, jangovar boʻlinmalar imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Davlat chegaralari xavfsizligini taʼminlashning yangi tizimi amaliyotga joriy qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari yigʻilishda avvalo kadrlar tayyorlash, ilgʻor uslublarni ommalashtirish masalalariga eʼtibor qaratdi. Harbiy oʻqituvchilarning malakasini oshirish, Qurolli Kuchlar Akademiyasini harbiy ilm-fan dargohiga aylantirish zarurligi taʼkidlandi. Yaqinda ish boshlagan Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar institutini harbiy taʼlim va ilmiy faoliyat tizimiga samarali integratsiya qilish topshirigʻi berildi.

Qurolli Kuchlarni zamonaviy qurol-yarogʻ hamda harbiy texnika bilan taʼminlash, mavjudlarini modernizatsiya qilish ham harbiy qurilish sohasidagi eng ustuvor vazifalardan boʻlib qoladi.

Ushbu maqsadlar va zamonaviy tahdidlar xususiyatidan kelib chiqib, 2022-2026 yillarda Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish boʻyicha konseptual dastur qabul qilish vazifasi qoʻyildi.

Qurolli Kuchlar Bosh shtabi faoliyatini sifat jihatdan yangi pogʻonaga olib chiqish, havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Jahon axborot makonida keskin kurash ketayotgan hozirgi vaziyatda axborot xavfsizligini taʼminlash, yoshlarni yot gʻoyalardan himoya qilish, harbiy xizmatchilarning psixologik tayyorgarligi va jangovar ruhini mustahkamlash dolzarbligi taʼkidlandi.

Qoʻmondonlik tarkibi zamonaviy operatsiyalarni rejalashtirish, qoʻshinlarni oqilona boshqarish, mavjud kuch va vositalarni samarali qoʻllash boʻyicha malakasini oshirishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Rahbarlik va qoʻmondonlik lavozimlariga istiqbolli kadrlar zaxirasini yaratish, ularni bu lavozimlarga bosqichma-bosqich tayyorlash hamda tanlov asosida tayinlash muhimligi qayd etildi. 

Jangovar harakatlar dinamikasi oshib borayotgan va yangi usullar paydo boʻlayotgan hozirgi sharoitda muvaffaqiyat, koʻp jihatdan, komandir-serjant boshqaradigan kichik boʻlinmalar harakatiga bogʻliq. Shu bois Qurolli Kuchlar uchun serjant-yoʻriqchilarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish vazifasi qoʻyildi.

Aholi murojaatlarini ijobiy hal etish, joylarda ijtimoiy, muhandislik va kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash, bozorlar toʻkinligi va narx-navo barqarorligini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

– Xalqimizning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini saqlash bugun ham, kelajakda ham eng ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi. Chunki faqatgina tinchlik-osoyishtalik mamlakatimizning har tomonlama rivojlanishining asosiy kafolatidir. Yangi – 2022 yil hamma sohada, jumladan, Qurolli Kuchlar tizimida ham hal qiluvchi yil boʻlishi shart, – dedi Prezident.

Yigʻilishda Xavfsizlik kengashi aʼzolari, harbiy-maʼmuriy sektorlar rahbarlari soʻzga chiqdi. Mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.