Qurʼoni karimning “Rahmon” surasi: Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir

0
139
marta koʻrilgan.

Toshkent shahridagi 102-zaif eshituvchi bolalar maktab-internatida yurtimizdagi shunday ijtimoiy muassasalardagi sharoitlarni yaxshilash boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev soʻzining avvalida Qurʼoni karimning “Rahmon” surasidagi “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir”, degan oyatni yodga oldi.

Keksalarga hurmat, muhtojlarga mehr-muruvvat koʻrsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Pandemiya davrida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati keng tarqalib, elimiz ehtiyojmandlarga begʻaraz yordam bergani, qiyinchilik va sinovlarni bahamjihat yengib oʻtgani buning yorqin misoli boʻldi.

Inson qadrini ulugʻlash, mehr va yordamga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlash – davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yoʻnalishi. Bu borada juda koʻp xayrli ishlar qilinmoqda.

Oʻtgan yili 25 martda qabul qilingan Prezident farmoni asosida keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarini yaxshilash choralari koʻrildi. Jumladan, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, “Saxovat” va “Muruvvat uylari”, faxriylar sanatoriy va pansionatlari, boshqa qator tibbiy-ijtimoiy muassasalar uning tasarrufiga oʻtkazildi.

“Saxovat”, Muruvvat” uylari, Respublika faxriylar pansionatining rahbar va shifokorlari ish haqi 1,5 barobarga, kichik va oʻrta tibbiyot xodimlari ish haqi 2 barobarga oshirildi.

Ushbu internat uylarda yashovchi 9 ming 400 nafar keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar hamda 18 ming nafar yolgʻiz fuqarolar tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

“Zamin” jamgʻarmasi bilan hamkorlikda zaif eshituvchi 2 mingdan ziyod bolalar raqamli eshitish moslamalari bilan taʼminlandi, 11 ta ixtisoslashgan maktab-internat yordamchi tovush-nutq vositalari bilan jihozlandi. Nogironligi boʻlgan 900 nafar bola protez-ortopediya moslamalari, 1 ming 100 nafar shaxs pultli aravachalar bilan taʼminlandi.

Yigʻilishda viloyat hokimlari oʻz hududidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarga borib, u yerdagi ahvolni oʻz koʻzi bilan koʻrgani, muammolarni oʻrgangani haqida axborot berdi.

Jumladan, 12 ta “Saxovat” va “Muruvvat” uyida qoʻshimcha bino, 7 tasida yotoqxona, oshxona, tibbiyot boʻlimi, sport zali qurish, 21 tasida binolar va isitish-sovutish tizimini taʼmirlash zarurligi qayd etildi. Shuningdek, 6 ta “Mehribonlik uyi”, imkoniyati cheklangan bolalarga ixtisoslashgan 11 ta maktab-internat taʼmirga muhtoj.

Prezident mutasaddilarga barcha tibbiy-ijtimoiy muassasalar ahvolini yana bir bor chuqur oʻrganib, zarur qurilish va taʼmirlash ishlarini qamrab olgan holda 2022-2024 yillarga moʻljallangan hukumat qarori loyihasini tayyorlashni vazifa qilib qoʻydi.

Bunday muassasalardagi keksalar, nogironligi boʻlgan bolalar va shaxslarni toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, ularni manzilli davolanish va dam olishga yoʻnaltirish boʻyicha topshiriq berildi.

Ota-ona qaramogʻidan mahrum koʻplab bolalar oilalarga qaytayotgani, 10 ta mehribonlik uyi, 3 ta bolalar shaharchasi va 2 ta bolalar uyi ehtiyoj qolmagani sababli yopilgani qayd etildi.

– Bolalar uylari va ulardagi yetimlar soni kamaygani xalqimizning yuksak maʼnaviyati, iymon-insofini koʻrsatib turibdi. Lekin, mamlakatimizda umuman yetimlar boʻlmasa, qanday yaxshi boʻlar edi. Shuning uchun, imkon qadar ularni munosib oilalarga farzandlikka berish choralarini koʻrish lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tibbiy-ijtimoiy muassasalar direktorlari soʻzga chiqib, taklif va mulohazalarini bildirdi.

Yigʻilishda mahallalarni ozoda va yashil makonga aylantirish, madaniy-maʼrifiy tadbirlarni koʻpaytirish vazifalari ham belgilandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.