Quvasoyda 450 gektar intensiv bogʻ yaratildi

0
28
marta koʻrilgan.

Bu adirlik ilgari foydalanilmaydigan yaydoq joylar edi. Davlatimiz rahbarining 2020 yil iyunda Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida tadbirkorning bu yerda bogʻ yaratish taklifi qoʻllab-quvvatlandi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Hozir bu agroloyiha bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Dastlabki ikki yilda 450 gektar yerda intensiv bogʻ yaratilib, tomchilatib sugʻorish yoʻlga qoʻyildi. Eksportbop gilos va shaftoli koʻchatlari hosilga kirib qoldi.

Bugungi tashrifda Prezident «Uz-Segang» qoʻshma korxonasining ushbu bogʻini koʻzdan kechirdi. Tadbirkorning muammo va takliflarini soʻradi.

Korxonaga Quva tumanidan qariyb 2 ming gektar va Quvasoy shahridan 1 ming 600 gektar yer ajratilgan.

Kelgusi ikki yilda qayta oʻzlashtirilgan bu yerlarda yana 980 gektar intensiv bogʻ barpo etiladi. Shuningdek, ekoturizm va logistika markazlari ishga tushiriladi. Eng muhimi yana qoʻshimcha 200 ta doimiy, 3 mingta mavsumiy ish oʻrni paydo boʻladi.

Oʻtgan yili korxona tomonidan fermer xoʻjaliklari va xonadonlardan 1 ming 700 tonna gilos, shaftoli va anor yigʻib olinib, 5 million dollardan ziyod eksport qilindi. Bu yil eksport miqdorini 15 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Korxona faqat meva yetishtirish bilan cheklanmaydi. Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya va Xitoydan ilgʻor texnologiyalar keltirilib, mahsulotlarni saqlash, qayta ishlash, qadoqlash yoʻlga qoʻyilgan.

Prezident bunday loyihalarni koʻpaytirish zarurligini taʼkidlab, buning uchun qanday taklif boʻlsa, qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Shu yerda viloyatdagi agrosanoat mahsulotlari namoyish etildi. Sohadagi kelgusi rejalar taqdimot qilindi. 

Viloyatda 48 ming 300 gektar bogʻ va tokzor mavjud boʻlib, uning 3 ming 400 gektarini intensiv bogʻlar tashkil etadi. Keyingi toʻrt yilda 6 ming 400 gektar bogʻ va 2 ming 900 gektar tokzorlar barpo etilgan. Shuningdek, 1 ming 400 gektarda tomchilatib sugʻorish tizimi joriy qilingan.

Bu yil yana 3 ming 400 gektar intensiv bogʻ va tokzorlar barpo qilinib, 2 ming 400 ta ish oʻrni yaratilishi moʻljallangan.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fargʻona viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.