Quyoshli xonadon dasturi doirasida fuqarolarga 348 million soʻm subsidiya berildi

0
118
marta koʻrilgan.

Maʼlumki, mamlakatimizda energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, quyosh panellari va quyosh suv isitish qurilmalarini oʻrnatish boʻyicha qator qulayliklar, soliq imtiyozlari yaratildi.

Xususan, Prezidentimizning qaroriga asosan joriy yil 1 apreldan “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida xonadoniga quyosh panellarini oʻrnatgan jismoniy shaxslarga quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt soati uchun 1000 soʻmdan subsidiya ajratilishi belgilangan edi.  

Soliq qoʻmitasining maʼlum qilishicha, bugungi kunga qadar 967 nafar jismoniy shaxsga aprel-iyul oylari uchun quyosh panelida ishlab chiqarilib, yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan hamda tizimdan isteʼmol qilingan elektr energiyasi oʻrtasidagi ijobiy tafovut (348 ming kVt/soat)dan kelib chiqib 348 million soʻm subsidiya hisoblandi hamda toʻlov uchun tasdiqlandi.  

Subsidiyaning eng katta qismi qoraqalpogʻistonliklar uchun hisoblangan – 103,6 million soʻm. Undan keyingi oʻrinlardan Xorazm viloyati (70,5 mln soʻm) Toshkent shahri (35,6 mln soʻm), Jizzax (30,9 mln soʻm) hamda Navoiy (27,8 mln soʻm) viloyatlari joy olgan.  

Subsidiyani “Soliq” mobil ilovasining “Keshbek” boʻlimidagi “Kartaga pul oʻtkazish” oynasi orqali bank kartasiga oʻtkazib olish mumkin.  

Yana bir maʼlumot. Quyosh panellari fuqarolarga 20-25 yil davomida xizmat koʻrsatadi. Bundan tashqari, ehtiyojidan ortgan qismini elektr tarmoqlari korxonasiga sotib daromad qilish ham mumkin.  Bunda jismoniy shaxslar tomonidan hech qanday soliq toʻlovlari amalga oshirilmaydi.  

Eʼtiborlisi, bunday qurilma yordamida xonadonini elektr energiyasi bilan taʼminlagan (oʻrnatilgan yer maydoni uchun) jismoniy shaxslar 3 yil, tadbirkorlik subyektlari esa 10 yil davomida yer va mulk soligʻidan ozod etiladi. Oʻz navbatida jismoniy shaxslar quyosh panellarini 3 yil muddatga foizsiz, boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olishlari, tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlardan foydalanishlari mumkin. Bunda 5 kilovattgacha boʻlgan qismiga boʻlib-boʻlib toʻlash imtiyozlari beriladi.  

Xonadon egasi tomonidan toʻliq xarid qilinganda quyosh panellari xarajatlarining 6 million soʻmgacha va quyosh suv isitish qurilmalarining 2,1 million soʻmgacha boʻlgan qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.  Qurilmalarni oʻrnatgandan keyin xonadon sohibi elektr taʼminoti korxonasi bilan elektr energiyasini sotib olish boʻyicha shartnoma imzolash huquqiga ega.  

Aytaylik, xonadon egasi 1 kVt soat elektr energiyasini davlatga 1000 soʻmdan sotadi. Agar xonadonga 5 kVt quvvatli quyosh panellari oʻrnatilsa, quyosh stansiya oyiga oʻrtacha 750 kVt soat elektr energiya ishlab chiqaradi. 4 kishilik xonadonda oyiga oʻrtacha 400 kVt soat elektr energiya isteʼmol qilinsa, mazkur stansiya xonadon egasiga oyiga 350 ming soʻm miqdorda daromad keltiradi.  

Fuqarolar tomonidan sotilgan elektr energiyasi uchun mablagʻlar davlat tomonidan har oy “Soliq” mobil ilovasi orqali fuqarolarning bank plastik kartalariga oʻtkazib beriladi. Oʻrnatilgan quyosh panellari orqali olingan elektr energiyasi “aqlli” elektr hisoblagichlar yordamida har oy qancha sotilganini aniq hisoblab beradi. Jarayonni telefonda oʻrnatilgan maxsus ilova orqali onlayn kuzatib borish imkoniyati mavjud.  

Shuningdek, quvvati 100 kVt va undan ortiq boʻlgan quyosh panellaridan energiya ishlab chiqaruvchilar ushbu qurilmalarni oʻrnatganlik uchun mol-mulk va yer soligʻini toʻlashda oʻn yil muddatga imtiyoz beriladi. Quvvati 100 kVtgacha boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatuvchilar mol-mulk soligʻi, yer soligʻi hamda yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda soligʻini toʻlashdan uch yil muddatga ozod etiladi.  

Eng muhim jihati shundaki, 2024 yil 1 yanvarga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlari tomonidan import qilinadigan asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va boshqa materiallar bojxona toʻlovlaridan ozod etiladi.  

Manbaa: OʻzA, Shahnoza Mamaturopova

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.