Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida

0
199
marta koʻrilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan koʻlami teran, ahamiyati yuksak islohotlar xalqimizning tinch va farovon hayotini taʼminlash, inson qadrini ulugʻlash, fuqarolar uchun vijdon erkinligi huquqini toʻliq kafolatlashning mustahkam asosi boʻlib xizmat qilmoqda.

Yurtimizdagi barcha moʻmin-musulmonlar muborak Ramazon oyini bu yil ham yaratilgan qulaylik va imkoniyatlardan samarali foydalanib, tinch va osuda hayotning qadriga yetish hamda unga shukrona keltirish kayfiyatida oʻtkazdilar.

Xalqimiz uchun ezgulik va muruvvat, ruhiy poklanish oyi hisoblangan ushbu qutlugʻ kunlarda ulamolar, imom-xatiblar, muhtaram faxriylar, mahalla oqsoqollari va faollari tomonidan joylarda 20 mingdan ziyod maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar amalga oshirildi. Ayniqsa, saxovat tadbirlari doirasida 100 mingdan ortiq kam taʼminlangan xonadonlar holidan xabar olinib, ularga ijtimoiy yordam va koʻmak koʻrsatildi. Bu esa yurtdoshlarimizning hayotdan rozi boʻlib yashashi hamda Ramazon hayiti bayrami shukuhining yanada oshishiga xizmat qilmoqda.

Muborak Ramazon hayiti mohiyatida mujassam boʻlgan xayru saxovat, mehr-oqibat, insonparvarlik singari azaliy anʼana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda keng targʻib etish, xalqimizning ezgu niyat va orzu-intilishlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

1. Joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 2 may – dushanba kuniga toʻgʻri kelishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan qarorni inobatga olib, mamlakatimizda 2022 yil 2 may kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 dekabrdagi “2022 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi PF-35-son Farmoniga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi PF-131-son farmoni bilan 2022 yil 3-4 may kunlari qoʻshimcha dam olish kunlari sifatida belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Ramazon hayiti xalqimizning milliy va diniy anʼanalariga mos ravishda oʻtkazilishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Turizm va madaniy meros vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun muborak Ramazon hayiti kunlarida moʻtabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarini tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.

3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M.Kamilov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                           Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.