Raqamlashtirish sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi

0
118
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 20 dekabr kuni tarmoq va hududlarda axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda davlat boshqaruvini raqamlashtirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida..

Zamon talabidan kelib chiqib, mamlakatimizda telekommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yilning oʻzida taʼlim, bank, moliya, bojxona, qishloq xoʻjaligi, geologiya, kadastr kabi sohalarni raqamli transformatsiya qilish doirasida 100 ta dasturiy loyiha ishlab chiqilgan. 500 dan ziyod yangi IT kompaniyalari tashkil etilib, sohaga 475 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kirib kelgan.

Yil yakuni bilan sohada xizmatlar hajmi 10 trillion soʻm boʻlishi, eksporti esa 300 million dollardan oshishi kutilmoqda. Bu koʻrsatkich Toshkent, Samarqand, Andijon viloyatlarida yuqori surʼatlarda oʻsdi. Surxondaryo ham ilk bor IT xizmatlar eksportini yoʻlga qoʻyib, 1 million dollardan oshirdi. Hududlarda 20 mingdan ortiq yoshlar mustaqil shugʻullanib, xalqaro onlayn platformalar orqali yaratgan mahsulotini chetga sotgan.

Yigʻilishda soha rivojiga qoʻshimcha sharoitlar yaratilishi belgilandi. Unga koʻra:

— IT kompaniyalari hududlardagi boʻsh turgan binolarga bir yil muddatga bepul joylashtiriladi;

iqtidorli dasturchilarga bir yil ichida boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan kompyuter va texnikalar beriladi;

50 dan ortiq IT mutaxassisni ishli qilgan kompaniyalarning bir yil davomidagi ish haqi xarajatining 15 foizgacha qismi qoplab beriladi;

— eksportchi korxonalarga chetdan ekspert jalb qilish, xalqaro konferensiyalarda qatnashish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.

Shuningdek, IT-parkni xalqaro miqyosga olib chiqish uchun Germaniya va Saudiya Arabistonida uning shoʻba korxonalari ochiladi.

Umuman, shunday yangi imkoniyatlar hisobiga, 2024 yilda IT xizmatlari hajmini 2 barobar oshirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Bunga erishish uchun, avvalo, chet tili va texnologiyalarni biladigan kadrlar zarur. Shu bois Raqamli texnologiyalar vazirligiga kelgusi yilda 8 ming nafar eng iqtidorli yoshlarni saralab, nufuzli xalqaro kompaniyalar talabiga mos dastur asosida oʻqitish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, kelgusi yildan “Har bir mahallada kamida ikki nafar dasturchi” loyihasi boshlanishi, AQSHlik hamkorlar bilan “Inklyuziv raqamlashtirish” loyihasi doirasida 20 ming aholi bandligi taʼminlanishi aytildi.

2026 yilda Xalqaro informatika olimpiadasi ilk bor mamlakatimizda oʻtkaziladi. Bunga tayyorgarlik koʻrish uchun tanlovlar oʻtkazilib, salohiyatli oʻquvchilarni tanlab olinadi, xorijdan malakali murabbiylar jalb qilinadi.

Davlatimiz rahbari raqamlashtirish mahalladan boshlanishi kerakligini taʼkidladi.

Hozir mahalla tizimi xodimlari planshet va kompyuter bilan taʼminlangan. Lekin ulardan toʻla foydalanilmayapti. Masalan, yoshlar yetakchisiga subsidiya olish uchun murojaat qilgan fuqaro haligacha mahalla raisi, hokim yordamchisi yoki bandlik boʻlimidan ishsizlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma olib kelishga majbur.

Shu bois mutasaddilarga “Raqamli mahalla” yagona platformasini ishga tushirish va “mahalla yettiligi”ni raqamli tizimlardan foydalanishga oʻqitish topshirildi.

Yigʻilishda vazirlik va tarmoqlardagi raqamlashtirish holati tahlil qilindi. Iqtisodiyot tarmoqlarida tannarxni tushirish faqat va faqat raqamlashtirish orqali boʻlishi taʼkidlab oʻtildi.

Ayrim vazirlik va idoralarda raqamlashtirish ishlari sustligi qayd etildi. Masalan, “Raqamli sogʻliqni saqlash” loyihasi, tibbiy sugʻurtani joriy qilish kechikayapti. Onkologik kasallarni elektron reestri yoʻqligi sababli ularga nafaqalar toʻlashda qiyinchilik boʻlayapti.

Qishloq xoʻjaligida pestitsidlar cavdosi va qoʻllanilishi boʻyicha raqamli nazorat tizimi joriy qilgani yoʻq. Toshkent shahrida aholi tomonidan ijobiy qabul qilingan “Xalq nazorati” tizimi oʻz holiga tashlab qoʻyilgan.

Bu qoloqliklarni tezda bartaraf etish, har bir sohada raqamlashtirishni jadallashtirish zarurligi qatʼiy koʻrsatib oʻtildi.

– Raqamlashtirishdan bosh tortayotgan rahbar – korrupsiyani yoʻq qilishga intilmagan rahbar, – dedi Prezident.

Soha infratuzilmasi, xususan, internet tezligini yaxshilash masalasiga eʼtibor qaratildi. Ayrim hududlarda internet tezligi pastligi, xalqaro magistral yoʻllarning 20 foizi mobil internet bilan qamrab olinmagani koʻrsatib oʻtildi. Raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalar jalb qilish vazifasi qoʻyildi.

Shu bilan birga, kiberxavfsizlikni kuchaytirish, barcha elektron toʻlov tizimlari uchun bu borada yagona talablarni ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Umuman, IT xizmatlari hajmini 20 trillion soʻmga, eksportni 800 million dollarga yetkazish, tarmoqlarda 130 ta axborot tizimini joriy qilish va 750 ta davlat xizmatlarini toʻliq raqamlashtirish borasidagi rejalarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan vazirlar, hokimlar va yosh dasturchilar bilan muloqot qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.