Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish institutida Sunʼiy intellekt kafedrasi ochildi

0
14
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-fevraldagi “Iqtisodiyot sohalari uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-62-son qarorida belgilangan ustuvor vazifalardan biri iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash tizimini tijorat banklari, moliya va soliq organlari hamda yirik xoʻjalik birlashmalari bilan hamkorlikda rivojlantirishga qaratilgan. Shu munosabat bilan, mazkur qaror ijrosini taʼminlash doirasida Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish institutida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Sunʼiy intellekt kafedrasining filiali ochildi.

Tadbirda TDIU oʻquv ishlari boʻyicha birinchi prorektori S.Mehmonov boshchiligida Sunʼiy intellekt kafedrasi professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi. Shuningdek, Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori A.Kadirov boshchiligida ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari D.Axmedov hamda Akademik M.Kamilov va boshqa yetakchi ilmiy xodimlar qatnashdi.

Mazkur filialning ochilishi mamlakatimizda sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida kadrlar tayyorlashda yangi bosqichni boshlab beradi. Kafedra filiali zamonaviy taʼlim metodikalari, ilgʻor texnologiyalar va xalqaro tajribaga asoslangan dasturlarni joriy etish orqali iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishi uchun yuqori malakali mutaxassislarni yetishtirishga xizmat qiladi.

Ochilish marosimi doirasida ishtirokchilar tomonidan sunʼiy intellekt sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish va akademik hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, tomonlar oʻrtasida memorandum imzolandi. Ushbu memorandum doirasida tomonlar mazkur loyiha iqtisodiyotning intellektual salohiyatini oshirishga katta hissa qoʻshishini taʼkidlashdi.

 TDIU Axborot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.