Raqobatni rivojlantirish boʻyicha galdagi vazifalar muhokama qilindi

0
34
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 avgust kuni raqobatni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Iqtisodiyotga davlat aralashuvini kamaytirish, yirik monopoliyalarni tiyib turish boʻyicha qilinayotgan ishlar raqobat muhitiga ijobiy taʼsir qilmoqda. Xususan, soʻnggi besh yilda 25 tadan ortiq tovarlar boʻyicha raqobat muhiti yaxshilandi. 7 ta faoliyat turi boʻyicha raqobatni cheklovchi eksklyuziv huquqlar bekor qilindi. Davlat ishtirokidagi korxonalar 42 foizga kamayib, tadbirkorlik subyektlari soni 1,6 barobar koʻpaydi.

Oʻtgan yili “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga qoʻshimcha taʼsirchan vakolatlar berildi. Shu asosida olib borilgan oʻrganishlarga koʻra, ayrim tashkilotlarda raqobatga zid qarorlar qabul qilish, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish, savdoda ustun mavqedan foydalanish kabi holatlar bor.

Shu bois, sohadagi ishlar qamrovi va samaradorligini oshirish maqsadida Raqobatni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Unda iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, bozorga kirishni erkinlashtirish, tadbirkorlarga teng sharoitlar yaratish boʻyicha navbatdagi qadamlar belgilanadi.

Masalan, tadbirkorlik subyektlarining bozorlarga erkin kirishini qiyinlashtiruvchi normativ-huquqiy moddalar va ortiqcha talablar bekor qilinadi. Tartibga solish yukini qisqartirishga qaratilgan yengilliklar joriy etiladi, jumladan, ruxsat beruvchi jarayonlar va litsenziyalar javobgarlikni majburiy sugʻurtalash bilan almashtiriladi.

Tabiiy monopoliya sohalarida mustaqil bozor regulyatorlari joriy etiladi. Tabiiy monopoliya sohalari bilan oʻzaro bogʻlangan va raqobatni rivojlantirish imkoniyati boʻlgan tovar bozorlarida tabiiy monopoliya subyektlari ishtiroki cheklanadi.

Toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshiriladigan davlat xaridlari koʻlami qisqartirilib, davlat xaridlari raqobatli usullarga toʻliq oʻtkaziladi. Raqobatni cheklovchi individual xususiyatga ega davlat yordami, shu jumladan, eksklyuziv huquq, imtiyoz, preferensiya va yengilliklar bekor qilinadi.

Davlat organlari axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya qilish orqali ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxlari shakllanishi zanjirining barcha boʻgʻinlarini raqamli monitoring qilish yoʻlga qoʻyiladi. Raqobatga qarshi kelishuv va xatti-harakatlar, til biriktirish holatlari haqida maʼlumot taqdim etgan shaxslarni oshkor etmaslik va mukofotlash tizimi joriy etiladi.

Umuman, mazkur konsepsiya samarasida energetika, neft-gaz, suv xoʻjaligi, yoʻl qurilishi, temir yoʻl va aeroport xizmatlari kabi qator sohalarda 17 turdagi davlat monopoliyasini bosqichma-bosqich tugatish choralari koʻriladi. Davlat xaridlarida raqobatga zid harakatlarning oldi olinib, bu jarayonlarning shaffofligi taʼminlanadi. Tovar-xomashyo birjalarida takliflar koʻpaytirilib, xaridorlarning tanlash imkoniyati kengaytiriladi.

Prezident sohadagi ishlarni davom ettirib, erkin bozor tamoyillarini taʼminlash, kadrlar tayyorlash boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berdi. Iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish, ayrim funksiyalarni bosqichma-bosqich xususiy sektorga oʻtkazish kerakligi taʼkidlandi. Tovar, moliya va raqamli bozorlarda raqobat holatini doimiy tahlil qilib, tartiblarni takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritib borish vazifasi qoʻyildi.

Soʻnggi uch yilda joylarda 2 mingdan oshiq raqobatga zid hujjatlar aniqlangan. Ularning aksariyati mahalliy hokimliklar va vazirliklar tomonidan qabul qilingan. Shu bois Raqobat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari ishini jonlantirish, kadrlar malakasini oshirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Shuningdek, qoʻmita faoliyatini jamoatchilikka ochiqlash va ommaviy axborot vositalarida yoritishni kuchaytirish kerakligi ham aytildi. Bu qonun buzilishining oldini olish, shaffoflik va halollik muhitini shakllantirish nuqtai nazardan muhim ekani taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.