Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Oʻzbekistonda pandemiya tufayli kechayotgan ogʻir vaziyat va shunday paytda ham tez yordam uchun avtomobillarini juda qimmat naxda sotishda davom etayotgan «Oʻzavtomotors»ga jiddiy eʼtirozlarini bildirdi.
Xususan, «Shu sinovli kunlarda yurtdoshlarimizga yengil boʻlishi uchun barcha qoʻlidan kelguncha dori-darmon, tibbiy uskunalar olish uchun oʻz yonidan xayriya qilayotgan yoki beminnat xizmat koʻrsatayotgan bir vaqtda bizni erkatoy monopolimiz «Oʻzavtomotors» yuzi qizarmay, tez yordam uchun ham avtomobillarini otni kallasidek oshirilgan narxida sotishda davom etayapti», – deb yozadi u oʻz telegram kanalida.
Kusherbayev bu borada Fargʻona viloyati hokimligi viloyat aholisi uchun 20 ta yangi «Damas»larni 75 mln. soʻm atrofida sotib olib, «tez yordam»ga topshirganini misol sifatida keltirgan.
«Shu «Oʻzavtomotors»ga ham hayronsan. Rossiyaning Ufasida avtomobillari ochiqda qolib chirib yotsa ham oʻz xalqi uchun jilla qursa «Damas»laridan bepul yoki imtiyozlar bilan berish qiyinmi?
«24 yil davomida xalqimiz bilan birgamiz», deb koʻkragini kerayotgan bu monopol hech boʻlmasa shu ogʻir kunlarda haqiqatan xalqi bilan birga ekanligini isbotlasa boʻlardi. Axir shuncha yil shu xalq hisobidan yallo qilib yashadi, ertaga shu xalq boʻlmasa uni «erka»ligini kim koʻtaradi, defektlar bilan chiqayotgan, otni kallasidek qimmat mashinalarini kim oladi, albatta shu xalq oladi. Pulini toʻlab oylab kutadigan Rossiya, Qozogʻiston, Ukraina xalqi emas, shu xalq oladi, shu xalq minadi. Shu kasal boʻlayotgan odamlar boʻlmasa hech kimsan «monopol doʻstim», – deydi deputat.