Qadrli doʻstlar!
Avvalo, siz, azizlarni mamlakatimizdagi nufuzli tibbiyot muassasalaridan biri – Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi markazi tashkil etilganining 50 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga oʻzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Ushbu qutlugʻ ayyomda Yangi Oʻzbekistonda ona va bola salomatligini himoya qilish orqali milliy genofondimizni asrash, yosh avlodni sogʻlom va barkamol etib tarbiyalashdek gʻoyat sharafli ishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan Markazning koʻpmillatli ahil jamoasi – jonkuyar shifokorlar, olim va mutaxassislar, zahmatkash hamshiralarga fidokorona mehnati uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.
Soʻnggi yillarda inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan dasturlarimiz doirasida ona va bola salomatligini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratayotganimiz albatta bejiz emas. Chunki, bu yurtimizdagi har bir inson va oila, butun jamiyatning baxti va kelajagi bilan bogʻliq gʻoyat muhim masaladir.
Shu maqsadda tibbiyotimizning ushbu yetakchi tizimi ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy yondashuvlar asosida isloh qilinib, uning moddiy-texnik, ilmiy-metodik bazasi, kadrlar salohiyati, tarkibiy tuzilmasi tubdan takomillashtirildi.
Ayniqsa, oʻtgan yili tarixiy anʼanalarga ega boʻlgan uchta muassasa negizida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etganimiz bu yoʻldagi katta qadam boʻldi. Natijada mamlakatimizda 9 million 200 ming nafardan ziyod tugʻish yoshidagi ayollarga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish hamda homila salomatligini nazorat qilib borishning yaxlit va vertikal boshqarish tizimi yaratildi, takomillashtirilgan tibbiy profilaktika hamda patronaj xizmatlari yoʻlga qoʻyildi.
Bu haqda soʻz yuritganda, ilk bor yurtimizdagi har bir oila patronaj hamshiralar va “Ayollar maslahatxonasi” boʻlimlari orqali Markaz bilan bogʻlangani, birlamchi boʻgʻindagi tibbiy brigadalar tarkibiga 8 ming 500 nafar doya shtati ajratilganini taʼkidlash lozim.
Bugungi kunda Markaz oʻz tarkibida 14 ta hududiy filial, 46 ta tumanlararo perinatal markaz, 170 dan ortiq tugʻruq kompleksi va 209 ta Ayollar maslahatxonasini birlashtirgani uning ulkan salohiyatidan dalolat beradi. Bu esa ana shu muassasalar ishini samarali muvofiqlashtirib, birlamchi tizimda patronaj xizmatini sifatli yoʻlga qoʻyish, homilador ayollarni skriningdan oʻtkazib, ularning salomatligini muntazam tahlil qilib borish, bir soʻz bilan aytganda, xavfsiz onalikni taʼminlash imkonini bermoqda.
Markaz dunyodagi yetakchi tibbiyot markazlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyib, tibbiy diagnostika va davolashning ilgʻor usullarini klinik amaliyotga keng joriy etayotgani ham diqqatga sazovordir. Xususan, ginekologiya yoʻnalishida yiliga 1300 dan ortiq jarrohlik operatsiyalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, 36 turdagi yuqori texnologik operatsiyalar yoʻlga qoʻyilgani qancha-qancha yurtdoshlarimizni ortiqcha vaqt va mablagʻ sarflab, chet elga borib davolanish tashvishidan xalos etmoqda.
Markaz yurtimizdagi davlat davolash muassasalari orasida birinchi boʻlib xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgani uning nufuzi nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham ortib borayotganini koʻrsatadi.
Inson, jumladan, ona va bola salomatligiga nisbatan xavf-xatarlar tobora koʻpayib borayotgan hozirgi murakkab zamonda bu borada oldimizda yanada dolzarb vazifalar paydo boʻlmoqda. Bu esa barchamizdan har qachongidan ham koʻproq mehnat, izlanish va safarbarlikni talab etmoqda.
Ushbu sohaning fidoyi vakillari boʻlgan siz, azizlar buni chuqur anglagan holda, oʻz bilim va tajribangiz, malaka va mahoratingiz bilan el-yurtimizga yanada faol xizmat qilasizlar, deb ishonaman.
Oʻz navbatida, soha rivojiga alohida ahamiyat berish, sizlarning sharafli mehnatingizni munosib ragʻbatlantirish bundan buyon ham davlatimizning eʼtibor markazida boʻladi.
Sizlarni bugungi quvonchli sana bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, masʼuliyatli faoliyatingizda yutuq va omadlar, oilalaringizga tinchlik va baxtu saodat tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti