Jizzax viloyati Zomin tumanidagi soʻlim Oʻriklisoy oromgohida mamlakatimiz yosh ijodkorlarining uch kun davom etgan seminari nihoyasiga yetdi. Oʻriklisoydagi Navoiy kon-metallurgiya kombinatining yangi qurilgan sihatgohi amfiteatrida tadbirning tantanali yopilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Ushbu nufuzli anjuman navbatdagi adabiy-maʼrifiy tadbir boʻlib qolmasdan davlatimiz tomonidan yoshlarga, yosh ijodkorlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikning, Prezidentimiz besh muhim tashabbusini hayotga tatbiq etishning yana bir amaldagi ifodasi sifatida katta tayyorgarlik va tashkilotchilik bilan oʻtkazildi. Shu bois tadbirning yakuniy yigʻinida ustoz ijodkorlar, ishtirokchilar tomonidan anjuman faqat yosh ijodkorlarni yetishtirishdagina emas, adabiyotimiz taraqqiyotida muhim oʻrin tutishi eʼtirof etildi.
Uch kun davomida anjuman doirasidagi uchrashuvlar, mahorat darslari, mushoiralar, adabiy bahslar, Zominning xushmanzara tabiati qoʻyniga sayohatlar, boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarda yoshlar katta qiziqish va faollik bilan qatnashdi. Seminar ishtirokchilari uchun sheʼriyat, nasr, dramaturgiya, badiiy publitsistika, bolalar adabiyoti yoʻnalishlarida yurtimizning taniqli shoirlari, yozuvchilari, adabiyotshunoslari yoshlarga saboq berishdi.
Seminar doirasida boʻlib oʻtgan qizgʻin mushoiralar yoshlarni yanada bir-biriga yaqinlashtirdi. Ularning bir-biri bilan ijodiy fikr almashishiga, ijod namunalarini oʻrtada baham koʻrishga ishtiyoqini oshirdi.
Isteʼdod taʼlimda, tarbiyada doimiy izlanishda, oʻrganishda kamol topadi, –deydi Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati boʻlimi rahbari Gavhar Ibodullayeva. –Ana shu nuqtai nazardan Zomin anjumani eng yaxshi muloqot maydoniga aylandi. Biz ham ushbu anjumanning dastlabkilarida qatnashganmiz. Oʻsha paytdagi ishtirokchilar orasidan bugun taniqli ijodkorlar yetishib chiqqaniga ham guvoh boʻldik. Bugungi ishtirokchilarning orasida ham kelajakning buyuk ijodkorlari yetishib chiqishiga ishonchim komil.
Yopilish marosimida Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ushbu anjumanni yuksak darajada tashkil etishda yaqindan yordam bergan Jizzax viloyati hamda Zomin tumani hokimliklariga samimiy minnatdorlik bildirdi.
– Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmas huzuridagi “Ijod” fondi mablagʻi hisobidan toʻplamim nashr etildi, –deydi Namangan shahridagi Isʼhoqxon Ibrat nomli ijod maktabi oʻquvchisi Dilshoda Hakimova. – Yosh ijodkor uchun bu juda katta quvvatlov, gʻamxoʻrlik. Bu yil Zomin seminarida ishtirok etishim men uchun yana bir yutuq boʻldi. Oʻtkazgan har bir mashgʻulot bizlarni adabiyotning sirli olami bilan tanishtirdi. Sheʼrlarni oʻqib, havas qilib yurgan katta shoirlar bilan uchrashdik. Ularning maslahatlaridan bahramand boʻldik. Mushoiralar, doʻstona bahslar ham bizning dunyoqarashimizni kengaytirib, fikrimizni boyitdi. Hammasi uchun senga rahmat, Zomin anjumani!
Yakuniy yigʻinda barcha shoʻba yigʻilishlari, mahorat darslari ishtirokchilariga sertifikatlar, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining, Jizzax viloyat hokimligining, homiy tashkilotlarning, uyushma “Doʻstlar klubi” ning estalik sovgʻalari topshirildi.
Manbaa: OʻzA