Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi kapital qurilishda buyurtmachi xizmatlari (keyingi oʻrinlarda – buyurtmachi xizmatlari) faoliyatini tashkiliy jihatdan takomillashtirish, qurilishda bosqichma-bosqich loyiha boshqaruvi yondashuviga oʻtish, davlat obyektlari qurilishini boshqarishga xususiy sektorni keng jalb qilishga imkoniyat yaratish orqali qurilish sifatini oshirish hamda qurilish jarayoni ishtirokchilarining javobgarligi va masʼuliyatini kuchaytirish maqsadida:
1. Qurilish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining quyidagilar toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
2023 yil 1 yanvardan boshlab 1-ilovaga muvofiq Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi huzuridagi buyurtmachi xizmatlari va ularning hududiy filiallarini, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi buyurtmachi xizmatining hududiy filiallarini (keyingi oʻrinlarda – tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlari) tugatish;
tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlari tomonidan markazlashgan manbalar hisobidan loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlari amalga oshirilayotgan obyektlarning buyurtmachisi sifatida tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalarini (keyingi oʻrinlarda – injiniring kompaniyalari) belgilash;
2023 yil 1 yanvarga qadar injiniring kompaniyalarining tashkiliy-huquqiy shaklini davlat unitar korxonasi shakliga oʻzgartirish.
2. Belgilansinki:
injiniring kompaniyalari tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlarining huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi;
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi “Koʻp xonadonli uylarni mukammal va joriy taʼmirlash hamda issiqlik taʼminoti obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi respublika hududlarida issiqlik tizimi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha buyurtmachi vazifasini bajaradi.
3. Tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlari:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda obyektlarning pudrat shartnomasiga muvofiq foydalanishga topshirish muddati 2022 yil etib belgilangan obyektlardagi qurilish ishlarini joriy yilning 1 dekabriga qadar toʻliq yakunlab, foydalanishga topshirilishini taʼminlasin;
joriy yil 1 dekabrga qadar obyektlarning pudrat shartnomasiga muvofiq foydalanishga topshirish muddati 2022 yil 1 dekabrdan oʻtadigan, joriy yilda foydalanishga topshirish imkoni boʻlmaydigan va kelgusi yillarga oʻtuvchi obyektlarning hududiy joylashuvi boʻyicha injiniring kompaniyalariga topshirilishini taʼminlasin;
obyektlarni injiniring kompaniyalariga topshirgunga qadar ular boʻyicha buyurtmachi vazifasini bajarib borsin, moliyalashtirishni amalga oshirsin, tegishli hisobotlarni qabul qilsin va topshirsin.
4. Buyurtmachi xizmatlari faoliyatini tugatish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika ishchi guruhi 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlari tomonidan oʻzlariga yuklatilgan majburiyatlar va obyektlarni topshirish, injiniring kompaniyalari tomonidan esa qabul qilib olish ishlariga koʻmaklashish;
foydalanishga topshirish yoki injiniring kompaniyasiga oʻtkazishda muammolari mavjud har bir obyektni joyiga chiqqan holda oʻrganish hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrish;
manfaatdor vazirlik va idoralarga taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, kommunal, sport va boshqa sohalar uchun idoraviy qurilish normalarini joriy etishda koʻmaklashish;
buyurtmachi xizmatlari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar hamda ular asosida tegishli qonunchilik hujjatlari loyihalari ishlab chiqilishini taʼminlash;
tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlariga tegishli boʻlgan bino-inshootlar va tovar-moddiy boyliklar ularning muassislari yoki injiniring kompaniyalari ixtiyoriga oʻtkazilishini taʼminlash.
5. Belgilab qoʻyilsinki, 2023 yil 1 yanvardan boshlab ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari va boshqa markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar boʻyicha:
buyurtmachi xizmatlarining biznes-rejasi ularning muassisi (vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari) tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
buyurtmachi xizmatlari rahbarlariga ish hajmidan kelib chiqqan holda hamda faoliyatini yaxshilash maqsadida ichki tuzilmani oʻzgartirishga hamda shtatlar jadvalini koʻrib chiqishga ruxsat beriladi;
zaruratga koʻra, buyurtmachi xizmatlari oʻz vazifalarini sifatli bajarishi uchun, shu jumladan, obyektlarni loyihalash uchun texnik shartlarni mukammal tayyorlash maqsadida ularning saqlash xarajatlari doirasida ilmiy-taʼlim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlar, boshqa tashkilotlar, xususan xorijiy kompaniyalarni hamda yuqori malakali va malakali mutaxassislarni jalb qiladi;
buyurtmachi xizmatlarining direktori va direktor oʻrinbosarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan kelishilgan holda muassisning qarori bilan amalga oshiriladi;
buyurtmachi xizmatlarining direktori korxona faoliyati toʻgʻrisida belgilangan tartibda muassis hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga hisobot beradi;
buyurtmachi xizmatlarining faoliyati Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
6. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining markaziy apparati tuzilmasida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hududiy bosh boshqarmalarining shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga 14 ta shtat birligidan iborat Buyurtmachi xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini yuritish departamenti tashkil etilsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi ikki oy muddatda buyurtmachi xizmatlarining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish, shu jumladan, ularning faoliyatiga zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish, zarur davlat axborot tizimlari va resurslariga ulash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Qurilish vazirligi bilan birgalikda:
a) ikki oy muddatda:
injiniring kompaniyalariga malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish choralarini koʻrsin;
loyiha hujjatlari va qurilish ishlari sifatini oshirish hamda zamonaviy loyiha boshqaruvi tizimini yaratish maqsadida injiniring kompaniyalarining shtat jadvaliga “loyiha boshqaruvi boʻyicha mutaxassis”, “loyiha arxitektori”, “loyiha muhandisi” lavozimlarini kiritsin;
injiniring kompaniyalarini qurilish jarayonini boshqarish, ish hajmi hisobini yuritish, xarajatlarni nazorat qilish, loyihalash va qurilish ishlarini muvofiqlashtirish, qurilish hujjatlari bilan ishlashga moʻljallangan maxsus dasturiy taʼminot va server uskunalari bilan taʼminlasin;
b) doimiy ravishda injiniring kompaniyalari xodimlarining malakasini oshirib borsin va ularning amaliy stajirovkalarini tizimli yoʻlga qoʻysin.
7. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qurilish vazirligi va Moliya vazirligi 2022 yil 1 dekabrga qadar Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati toʻgʻrisidagi nizomning yangi tahririni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, quyidagilar nazarda tutilsin:
qurilishda buyurtmachi xizmati uchun toʻlanadigan haq miqdorlarini loyihani boshqarish va texnik nazoratni amalga oshirish xarajatlari boʻyicha normativlarni alohida-alohida hisoblagan holda tasdiqlash;
buyurtmachi xizmati tuzilmasini obyektlar soni, hajmi va qiymatiga qarab uning direktori tomonidan belgilash.
Belgilansinki, loyiha (obyekt)ning qiymati yoki kapital qoʻyilmalar limitlarini maqbullashtirishda buyurtmachi xizmatiga toʻlanadigan xizmat haqini kamaytirish taqiqlanadi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Qurilish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda buyurtmachi xizmatlari xodimlari faoliyatining samaradorlik koʻrsatkichlarini belgilash boʻyicha nizomni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Har bir hududda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari, konsolidatsiyalashgan byudjet mablagʻlari va boshqa markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan, qiymati 10 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan, qurilish va (yoki) rekonstruksiya qilish ishlari 2023 yil 1 yanvardan boshlanadigan kamida 10 ta obyektda loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda konsalting xizmatlari, loyiha boshqaruvi xizmatlari hamda texnik nazorat xizmatlarini koʻrsatish davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq tanlab olinadigan tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, xorijiy tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi tartibi joriy qilinsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Qurilish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qiymati 10 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishda autsorsing asosida tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish boʻyicha vaqtinchalik nizomni tasdiqlasin.
Qurilish vazirligi:
2023 yil 1 aprelga qadar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida texnik nazorat ishlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlarini baholash platformasini joriy qilsin. Bunda, reyting platformasi uchun loyihalardagi maqbullashtirish, qurilish muddatini qisqartirish, sifatini oshirish, xavfsizligini taʼminlash mezonlari asos qilib olinsin;
tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshirilayotgan texnik nazorat ishlarining samaradorligini nazorat qilsin va ularni takomillashtirish boʻyicha takliflarni doimiy ravishda Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin.
9. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2023 yil 1 yanvardan boshlab:
buyurtmachi xizmatlari texnik topshiriqlar hamda unga qoʻyiladigan funksional va ekspluatatsiya talablarini idoraviy qurilish normalariga asosan ishlab chiqadi va ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar bilan kelishadi;
buyurtmachi xizmatlariga texnik topshiriq, eskiz loyihasi, unga qoʻyiladigan funksional va ekspluatatsiya talablarini ishlab chiqishni autsorsing shartnomalari asosida tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda amalga oshirish vakolati beriladi;
buyurtmachi xizmatlari tomonidan loyiha tashkilotini tanlash uchun xarid qilish hujjatlariga qurilish obyektining eskiz loyihasi hamda unga qoʻyiladigan minimal funksional va ekspluatatsiya talablari kiritilishi shart;
b) 2023 yil 1 yanvardan boshlab ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovini oʻtkazish boʻyicha majburiy tartib belgilanadi.
Qurilish vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlar uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovini oʻtkazish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, arxitektura tanlovining hakamlar hayʼatini shakllantirish tartibi, ishtirokchilarni baholash mezonlari, mukofot jamgʻarmasi, tanlovni oʻtkazish muddatlari va tanlovni yoritish tartibi nazarda tutilsin;
v) 2023 yil 1 martdan boshlab markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlarning smeta qiymatini aniqlash Davlat statistika qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi hamda boshqa vazirlik va idoralarning maʼlumotlar bazalarini integratsiya qilgan holda, Qurilish vazirligi tomonidan joriy etiladigan “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” elektron platformasi asosida amalga oshiriladi.
10. Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va Sportni rivojlantirish vazirligi:
bino va inshootlarga qoʻyiladigan minimal funksional va ekspluatatsiya talablarini, shu jumladan, zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish va ushbu obyektlardan foydalanish xarajatlarini optimallashtirishga doir talablarni, idoraviy qurilish normalarini Qurilish vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlab borsin;
obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayonida ularning idoraviy qurilish normalariga muvofiqligini nazorat qilsin.
Mazkur bandda koʻrsatilgan vazirliklarga injiniring kompaniyalari, loyihachi va pudratchi tashkilotlarning moliya-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda, tasarrufidagi obyektlarda olib borilayotgan loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlari boʻyicha oʻrganish oʻtkazib, injiniring kompaniyalariga idoraviy qurilish normalariga asoslangan taklif va mulohazalarni bildirish huquqi berilsin.
11. Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilishda texnik meʼyorlash markazi va Qurilishda standartlashtirish respublika markazi negizida davlat muassasasi shaklida Qurilishda texnik meʼyorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi oʻrinlarda – Institut) tashkil etilsin.
Qurilish vazirligi ikki oy muddatda:
Institut faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Institutga malakali rahbar hamda mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilsin;
tugatilayotgan Qurilishda texnik meʼyorlash markazining Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan shtat birliklarini Qurilish vazirligining markaziy apparatiga oʻtkazsin hamda vazirlikning tarkibiy tuzilmasini takomillashtirsin.
12. 2023 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi amaliyotlar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali amalga oshiriladi:
investitsiya hamda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritiladigan obyektlarning manzilli roʻyxatini har bir loyihaga identifikatsiya raqami berish orqali elektron tarzda shakllantirish va tasdiqlash (davlat sirini tashkil etuvchi maxfiylik darajasiga ega obyektlar bundan mustasno);
qurilish jarayonida yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan mualliflik va texnik nazorat boʻyicha mutaxassislar tomonidan pudrat tashkilotiga koʻrsatma berish hamda uning ijrosi yuzasidan nazorat oʻrnatish.
13. Moliya vazirligi:
tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlarining 2022 yil uchun xarajatlar smetasini belgilangan tartibda qayta roʻyxatga olsin. Bunda ishdan boʻshayotgan xodimlar uchun kompensatsiya toʻlovlari nazarda tutilsin;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda injiniring kompaniyalari buyurtmachiligida amalga oshirilayotgan qurilish jarayonini moliyalashtirishni rejalashtirish va pudratchi tashkilotlar oldidagi mavjud kreditor qarzdorlikni soʻndirish tizimini takomillashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda maqbullashtirish natijasida ishdan boʻshaydigan xodimlarni belgilangan tartibda ishga joylashtirish choralarini koʻrsin.
14. Buyurtmachi xizmatlari faoliyatini tugatish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika ishchi guruhi:
uch oy muddatda vazirlik va idoralar huzurida tashkil etilgan buyurtmachi xizmatlarini bosqichma-bosqich tugatish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
2022 yil 1 dekabrga qadar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlariga tegishli bino va inshootlar, tovar-moddiy boyliklarni belgilangan tartibda xatlovdan oʻtkazsin hamda mazkur mulklardan samarali foydalanish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Qurilish vazirligi:
a) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda:
joriy yil yakuniga qadar Toshkent arxitektura-qurilish instituti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti va boshqa oliy taʼlim muassasalarini jalb qilgan holda qurilish sohasida loyihalarni boshqarish va texnik nazoratni amalga oshirish boʻyicha rivojlangan davlatlardagi taʼlim standartlari va dasturlariga asosan loyihalarni boshqaruvchi va texnik nazorat boʻyicha mutaxassislarning malakasini oshirishga oid oʻquv dasturlarining qayta koʻrib chiqilishini taʼminlasin;
texnik nazorat boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv-amaliyot jarayonini samarali tashkil etib, buyurtmachi xizmati mutaxassislarining malakasini doimiy tarzda oshirib borish tizimini joriy etsin;
b) 2023 yil 1 iyulga qadar fuqarolar uchun geolokatsiyasi koʻrsatilgan holda, qurilish ishlarini olib borish uchun berilgan barcha ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar, shu jumladan, qurilish nazoratini olib borishda chiqarilgan xulosalar bilan tanishish imkonini beruvchi ochiq elektron tizim yaratsin;
v) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qurilish vaziri B.I.Zakirov hamda iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining oʻrinbosari A.M.Boboyev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.J.Ramatov va J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV