Respublikada kavrak yetishtirishni rivojlantirish va sanoatlashtirishni ragʻbatlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

0
362
marta koʻrilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Respublikada yovvoyi holda oʻsuvchi kavrak oʻsimligi tabiiy zaxiralarini saqlash, ularning qayta tiklanishini taʼminlash, madaniy usulda kavrak plantatsiyalarini yaratish hamda qayta ishlash korxonalari va uy xoʻjaliklari oʻrtasida kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish, kavrakdan olinadigan xomashyoni qayta ishlash hamda tayyor va yarim tayyor mahsulot sifatida eksportga chiqarishni ragʻbatlantirish, shuningdek, sohaga investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida:

1. Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda – Qoʻmita) kavrak yetishtirishni jadal rivojlantirishni taʼminlash boʻyicha quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:

oʻziga tegishli yaylov yer maydonlarida faoliyat olib borayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga yovvoyi holda oʻsuvchi kavrak oʻsimligini saqlab qolish, muhofaza qilish, samarali tiklanishini va takror koʻpaytirishni tashkil qilishda koʻmaklashish;

respublika hududlarining tabiiy-iqlim sharoitlariga mos boʻlgan madaniy kavrak plantatsiyalari tashkil etilishini monitoring qilish;

respublika hududlarida kavrakni sanoat usulida qayta ishlash hajmini koʻpaytirish va tayyor mahsulot holida eksport qilish hamda mahsulotni sotish bozorlarini kengaytirish boʻyicha sharoitlar yaratish.

2. “Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish” uyushmasiga (keyingi oʻrinlarda – Uyushma) kavrak yetishtirishni rivojlantirish boʻyicha quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:

kavrak yetishtirish va uni eksport qilish bilan shugʻullanadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini muvofiqlashtirish, sohadagi qonunchilik bazasini takomillashtirish, kavrak mahsulotlarining raqobatbardoshligini va sifatini oshirish boʻyicha tizimli hamda maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

sanoat usulida yetishtirilgan kavrakning sotuv bozorlarini kengaytirish maqsadida marketing tadqiqotlarini olib borish, eksport hajmini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

kavrak yetishtirish sohasiga xorijiy mutaxassis va investitsiyalarni jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish;

kavrak oʻsimligini madaniy usullarda koʻpaytirish, uni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayonlariga ilmiy ishlanmalarni keng joriy qilish;

kavrak oʻsimligining texnik xomashyosini yigʻish, uni qayta ishlash va eksport qilishgacha boʻlgan jarayonlarda jismoniy shaxslar va qayta ishlovchi korxonalar oʻrtasida kooperatsiyani tashkil qilish orqali kavrak yetishtirish subyektlari faoliyatini muvofiqlashtirish va qonunchilikda belgilangan boshqa vazifalarni amalga oshirish.

3. Qoʻmita, “Kavrak yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” hamda “Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish” uyushmalarining “Kavrak yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasini “Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish” uyushmasiga qoʻshib olish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

4. 2022-2026 yillarda yaylov yer maydonlarida kavrak plantatsiyalarini barpo etishning prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bosh vazir oʻrinbosari Sh.Gʻaniyev, Qoʻmita (B.Q. Sharipov), Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlari hokimliklari tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilgan holda, mazkur prognoz koʻrsatkichlarining oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlasin.

5. Qoʻmita Uyushma bilan birgalikda 2022 yil 1 iyunga qadar Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarining kavrak oʻsishi uchun qulay iqlim sharoitlariga ega hududlarida kavrakni qayta ishlovchi korxonalar, kavrak yigʻish va yetishtirish bilan shugʻullanuvchi uy xoʻjaliklari (jismoniy shaxslar) va kavrak koʻchatchiligi xoʻjaliklari kooperatsiyasiga asoslangan kavrak yetishtirish klasterlari (keyingi oʻrinlarda – kavrak yetishtirish klasterlari) tashkil etilishini taʼminlasin.

6. Belgilansinki, kavrak yetishtirish klasterlarini tashkil etish quyidagi shartlar asosida amalga oshiriladi:

Qoʻmita, Uyushma va tashabbuskorlar oʻrtasida tomonlarning huquq va majburiyatlarini nazarda tutuvchi shartnoma tuziladi;

tashabbuskorga yaylovlardan samarali foydalanish, ularning holatini yaxshilash, yovvoyi holda oʻsuvchi kavrak oʻsimligini saqlab qolish, uni madaniy usullarda koʻpaytirish, klaster ishtirokchilari oʻrtasida kooperatsiya usulida kavrak xomashyosini yigʻish, uni qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirishga oid majburiyatlar yuklanadi.

Qoʻmita mazkur talablar asosida salohiyatli investorlarni jalb etishga shaxsan masʼul hisoblanadi.

7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2022 yil 1 maydan boshlab:

a) Qoʻmitaning doimiy egaligidagi yer maydonlarida:

yovvoyi holda oʻsuvchi kavrak oʻsimligini gʻamlash (yigʻish) uchun kvotalar Qoʻmitaning buyurtmasiga koʻra, toʻlov evaziga Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi asosida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi;

mazkur kvotalar doirasida yovvoyi holda oʻsuvchi kavrak oʻsimligi xomashyosidan maxsus foydalanish uchun hamda yovvoyi holda oʻsuvchi kavrak oʻsimligini chetga olib chiqish uchun ruxsatnomalar Qoʻmita tomonidan beriladi. Bunda yovvoyi holda oʻsuvchi kavrak oʻsimligini gʻamlash (yigʻish) va chetga olib chiqish uchun ruxsatnomalar ajratiladigan kvotaning kamida 50 foizi hajmida madaniy plantatsiyalarni barpo etish sharti bilan beriladi;

b) Qoʻmita kavrak mahsulotlari bozor konʼyunkturasi va ishlab chiqarish xarajatlarini tahlil qiladi, shuningdek, eksport hajmlari monitoringini yuritadi va ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda ularning eksport hajmini oshirish uchun masʼul hisoblanadi.

Qoʻmita Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda mazkur band talablaridan kelib chiqib bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

Bunda, yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarni asrab-avaylash, ularni qayta tiklash va populyasiyasini kengaytirish hamda noqonuniy yoʻl bilan yigʻishning oldini olish choralari ham nazarda tutiladi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda yovvoyi holda oʻsuvchi kavrak oʻsimligini gʻamlash (yigʻish) uchun kvotalar Qoʻmitaning buyurtmasiga koʻra 2022 yilda 10 maygacha, kelgusi yildan har yilning 1 fevraligacha tasdiqlanishini taʼminlasin.

8. Qoʻmita va Uyushmaning:

a) Qoʻmitaning doimiy egaligida boʻlgan yer maydonlaridagi kavrak oʻsimligidan foydalanganlik uchun xorijiy fuqarolar va yuridik shaxslardan olinadigan toʻlov miqdorini:

“Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobi”ga kiritilmagan kavrak shirasining (elim) 1 kilogrammi uchun toʻrt baravarga oshirish;

“Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobi”ga kiritilgan kavrak shirasining (elim) 1 kilogrammi uchun ikki baravarga oshirish;

b) amaldagi tartibga koʻra, kavrak oʻsimligidan foydalanganlik uchun xorijiy fuqarolar va yuridik shaxslardan undirilib, tegishincha taqsimlanadigan summalarni saqlab qolish;

v) mazkur bandga muvofiq kavrak oʻsimligidan foydalanganlik uchun oshirilayotgan toʻlov undirishdan olingan mablagʻlarni Qorakoʻlchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi maxsus hisob raqamiga oʻtkazish, ulardan 50 foizini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanini rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltirish hamda 50 foizini Qorakoʻlchilikni rivojlantirish jamgʻarmasida qoldirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

9. Belgilansinki, Qorakoʻlchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi kavrak oʻsimligidan foydalanganlik uchun oshirilayotgan toʻlov undirishdan olingan mablagʻlarni:

kavrak yetishtirish klasterlari ishtirokchilariga hududlarda shaxtali va tik quduqlar, shuningdek, suv tortish uchun nasos stansiyalarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilishga subsidiyalar berish;

tashkil etiladigan madaniy plantatsiyalar uchun yer maydonlarini tayyorlash, kavrak koʻchatini xarid qilish va ekish xarajatlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar berish;

kavrak yetishtirish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga yangi zamonaviy texnologiyalar, innovatsion gʻoyalar va ishlanmalarni joriy etish uchun subsidiyalar berish;

Qoʻmitaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ishchi xodimlarni moddiy va ijtimoiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltiradi.

Qoʻmita ikki oy muddatda kavrak yetishtirish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar berish tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Belgilansinki:

a) 2022 yil 1 maydan boshlab uch yil davomida:

kavrak yetishtirishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 80 foizini tashkil etadigan tadbirkorlik subyektlaridan olinadigan foyda soligʻi, mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foiz miqdorida qoʻllaniladi;

kavrak oʻsimligini yetishtiruvchilar va uning xomashyosini qayta ishlovchi korxonalar tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha xorijdan import qilinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan xomashyo, materiallar va furnituralar bojxona bojidan ozod etiladi. Bunda, import qilinadigan tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilishi toʻgʻrisida ekspertiza xulosasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan beriladi;

b) Qoʻmita Uyushma bilan birgalikda jun va kavrak mahsulotlari (TIF TN boʻyicha 5101–5109, 5602, 570110, 5701109, 1301 90 0000 kodlari) eksport hajmlari monitoringini yuritadi va ushbu mahsulotlarning eksport hajmini oshirish choralarini koʻradi.

11. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Qoʻmita va Uyushmaning 2022 yil 1 maydan 5 yil muddatga kavrak oʻsimligi urugʻlarining respublikadan olib chiqilishiga ruxsatnomalar berilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

12. Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining chegarasiga yaqin hududlarda kavrak yetishtirish klasterlari tomonidan kavrak shirasi va urugʻini yigʻib olish uchun sharoit yaratish yuzasidan taklif kiritsin.

13. Qoʻmita, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining:

Uyushma tizimidagi subyektlarda mavsumiy ishchilarning toʻliq bir mavsum ishlagan davrini ularga pensiya tayinlash uchun qonunchilik hujjatlarida tasdiqlangan, bir yillik mehnat stajiga oʻtadigan mavsumiy ishlar roʻyxatiga kiritish;

2022 yil 1 iyuldan 2025 yil 1 yanvargacha Uyushma tizimidagi subyektlarda faoliyat olib borayotgan mavsumiy ishchilar uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz miqdorda undirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga mazkur bandning uchinchi xatboshisidan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar boʻyicha qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin.

14. Qoʻmita Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda yovvoyi holda oʻsuvchi kavrak oʻsimligini asrab-avaylash, ularni qayta tiklash va populyasiyasini kengaytirish hamda noqonuniy yoʻl bilan kavrak yigʻishning oldini olish choralarini koʻrib borsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 3-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

17. Qoʻmita ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur Farmonning ijrosini tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasining raisi B.Q.Sharipov belgilansin.

Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sh.M.Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                             Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.