Shavkat Mirziyoyev Romitan tumanidagi “WBM Romitex” korxonasi faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu korxona miqyosi jihatidan ham, salohiyati jihatidan ham ulkan. Loyiha qiymati 93 million dollardan ziyod. Uning jami hududi 20, ishlab chiqarish maydoni 7 gektar. Turkiya va Germaniyadan ilgʻor uskunalar keltirib oʻrnatilgan. Shu tariqa, yiliga 25 ming tonna ip-kalava tayyorlash quvvati va 1000 ta ish oʻrni yaratilgan.
— Romitan sharoitida bunday korxonaning boʻlishi quvonarli. Bunga davlat infratuzilma, mablagʻ, imkoniyat jihatidan koʻmaklashdi. Eng katta natija — ming nafar xotin-qizlarimiz ishli boʻlgani, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil 10 yanvardagi “Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bunday korxonalarga katta madad boʻldi. Jumladan, ularga revolver kreditlash asosida aylanma mablagʻ ajratilgani ishlab chiqarish barqarorligini taʼminladi.
Loyihaning ikkinchi bosqichida tayyor mato ishlab chiqarish koʻzda tutilgan. Muhimi, bu tufayli qishloq joyda 3 mingga yaqin ish oʻrni yaratiladi.
Davlatimiz rahbari mahsulotlar turi va sifatini oshirib, eksportni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.