Rossiya Prezidenti Oʻzbekiston xalqini Navroʻz bayrami bilan tabrikladi

0
155
marta koʻrilgan.

21 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Suhbat avvalida Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbari va Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqini bahor va yangilanish bayrami – Navroʻz bilan samimiy tabriklab, farovonlik va ravnaq tiladi.

Yetakchilar mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi bilan ham bir-birini chin yurakdan qutladilar.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston-Rossiya hamkorligi misli koʻrilmagan yuksak – strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga chiqqani mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

Amaliy hamkorlikning samarali mexanizmlari faoliyat yuritmoqda, uning eng muhim yoʻnalishlari boʻyicha yaqin muloqot yoʻlga qoʻyilgan. Tovar ayirboshlash barqaror oshib bormoqda. Oʻtgan yil yakunida oʻzaro savdo koʻrkatkichi 7,5 milliard dollarga yetdi, joriy yil boshidan esa 50 foizga ortdi.

 Ustuvor investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Rossiyaning mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiyalari hajmi qariyb 10 milliard dollarni tashkil etmoqda. Ikki mingdan ziyod qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda.

Rossiyaning nufuzli delegatsiyasi shu hafta poytaxtimizda boʻlib oʻtadigan Toshkent Xalqaro investitsiya forumi ishida ishtirok etishi kutilmoqda.

Faol madaniy-gumanitar almashinuv davom etmoqda.

Muloqotda savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi kabi muhim sohalarda, shu jumladan Oʻzbekiston va Rossiya hududlarining yetakchi korxonalarini jalb qilgan holda koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat vazirlik va idoralarining oliy darajada erishilgan kelishuvlarni keng koʻlamda amalga oshirish boʻyicha faol aloqalari va oʻzaro muvofiqlashgan ishini davom ettirish muhim ekani qayd etildi.

Mintaqa va xalqaro kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek doʻstona va ishonch ruhida oʻtdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.